Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Project.gov.uz portalida hukumatning “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi eʼlon qilingandi. Hujjatda ro‘yxati keltirilgan 196 ta bog‘ qatorida Toshkent Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan chiqarib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasalari balansiga o‘tkazish belgilangan. Mazkur qaror jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hujjat bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Qaror loyihasida istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, atraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu faoliyat esa, ilmiy muassasa sifatida tashkil etilgan Toshkent Botanika bog‘ida saqlanayotgan, dunyoning 5 qitʼasidan keltirilgan, noyob bo‘lgan flora obyektlariga jiddiy salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Shu sababli, Botanika bog‘ini Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasidan chiqarish hamda Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz. Mazkur masala bo‘yicha partiyamizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi nomidan hukumatga deputatlik so‘rovi yuborildi”,—deyiladi munosabatda.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ham mazkur masala yuzasidan rasmiy munosabat bilan chiqdi.

“Qaror loyihasi kelishuv uchun portalga joylashtirilganda Fanlar akademiyasi uni nihoyatda salbiy ruhda qabul qildi. Qaror loyihasi kelib tushgan kunning o‘zidayoq Fanlar akademiyasi qaror loyihasi yuzasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining masʼul ijrochisi bilan bog‘landi va Botanika bog‘ini ro‘yhatdan chiqarib tashlash lozimligini taʼkidladi. Shundan so‘ng, yuqori turuvchi organlar og‘zaki tarzda xabardor qilindi. Fanlar akademiyasining mutahassislari tomonidan asosnoma tayyorlanib, o‘rnatilgan tartibga binoan belgilangan muddatdan chiqib ketmagan holda, Project.gov.uz tizimi orqali Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 1-ilovasi 193-tartib raqam bilan kelgan “Botanika bog‘i”ni ro‘yxatdan chiqarib tashlash qatʼiy talab qilindi”, — deyiladi O‘zFA munosabatida.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova 

Oliy Majlis Senatining munosabatida ham bog‘ning maqomini o‘zgartirish va uning o‘rnida istirohat bog‘ini tashkil etish ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq yillik kolleksiyalarining yo‘qotilishiga olib kelishi taʼkidlangan.

“Botanika bog‘i kolleksiyalari, Markaziy gerbariy fondi, g‘o‘zaning noyob genofondi va boshqalar Fanlar akademiyasi noyob biologik obektlarining yagona majmuasini tashkil etib, O‘zbekistonning milliy boyligi hisoblanadi. Qayd etish joizki, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga asosan (18-modda) Toshkent botanika istituti o‘z maqomiga ko‘ra, o‘simlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini sunʼiy yaratilgan sharoitlarda o‘rganish, iqlimga moslash va takror ko‘paytirish, ilmiy, o‘quv hamda taʼlim ishlarini olib borish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha bilimlarni targ‘ib qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Bog‘ hududida ushbu bog‘larni tashkil etish maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan va o‘simlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi faoliyat taqiqlanadi. Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasiga ilova qilingan ro‘yxatdan Toshkent Botanika bog‘ini chiqarib tashlashni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi”, — deya qayd etilgan Senat rasmiy saytida.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova 

Shu bilan birga, faol jamoatchilik vakillari ham Botanika bog‘i o‘z maqomida qolishi zarurligi va Toshkent hokimligi tasarrufiga o‘tkazilmasligi kerakligi to‘g‘risida munosabat bildirdi.

Jurnalist Muhrim Aʼzamxo‘jayevning fikricha, Botanika bog‘ining taqdirini hokimiyat ham, hukumat ham hal qilmasligi lozim.

“Bu o‘rmonning baxti, 2009-yilgi Amir Temur xiyoboni kabi haligacha chopilib ketmaganining sababi — uning O‘zbekiston hukumatiga, rasmiylariga aloqasi yo‘qligida. Agar u qaysidir davlat idorasi yoki tashkiloti ixtiyorida bo‘lganida edi, shubha yo‘qki, Yangi O‘zbekistonning yangi anʼanalariga ko‘ra allaqachon uning hududida mehmonxonalar (xuddi Abdulla Qodiriy bog‘ida bo‘lgani kabi), biznes-markazlar, turar joy majmualari qad ko‘targan bo‘lardi. Botanika bog‘i — bu test imtihonlari o‘tkaziladigan joy emas. Botanika bog‘i — bu o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan urush intihosini “Katyusha”lar qo‘yib, g‘alati bir “bayram” qilinadigan joy ham emas. Botanika bog‘i — odamlar nafas olib, dam oladigan joy. Shahardagi kamsonli sokin makonlardan biri. Toshkentning inson qo‘li bilan bunyod etilgan o‘pkasi. Taʼbir joiz bo‘lsa, Samarqand uchun Registon qanchalik aziz va qadrli bo‘lsa, Toshkent uchun Botanika bog‘i ham shunchalik”, — deb yozgan jurnalist.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, istirohat bog‘larini hokimiyatlar qoshidagi direksiyalarga o‘tkazilishining o‘zi xato qaror.

“Nafaqat Botanika bog‘iga nisbatan, O‘zbekistondagi barcha bog‘larga nisbatan. Hech kim saylamagan, yersotar hokimlarga zarracha ishonch yo‘q. Pul topish bahonasida istirohat bog‘lari attraksionlarga aylanishi boshlanishi bo‘ladi xolos. Asl maqsad bog‘lar hududlarini turli yo‘llar bilan sotib yuborish. Shu maʼnoda bog‘larni hokimlar cho‘ntagiga o‘tkazish tashabbusi o‘zbekcha “prixvatizatsiya” modelini amalda qo‘llayotgan Davaktivdan chiqqani aslo hayron qoldirmadi”, —deya fikr bildirgan u.

Umuman olganda, ko‘plab jamoatchilik faollari mazkur tashabbus yuzasidan eʼtirozli mulohazalarni bildirdi. Muhokamalar kuchaygan zahoti Toshkent shahar hokimligi bayonot bilan chiqdi.

“Botanika bog‘i istirohat bog‘i emas, u nafaqat ko‘p navli o‘simliklarni, balki shu soha mutaxassislarini ham yetishtirishga yordam beradigan ilm-fan dargohidir. U - nafaqat poytaxtning, balki butun mamlakatning durdonasidir. Vaziyatni o‘rgangan va Botanika bog‘i mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda, shuni maʼlum qilamizki, Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o‘simliklar genofondini saqlash va ko‘paytirishdagi ahamiyatini eʼtirof etadi va uni istirohat bog‘iga aylantirishga yo‘l qo‘ymaydi”, —deyiladi hokimlik bayonotida.

Maʼlumot uchun, Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Botanika bog‘ida 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud. Shu bilan birga, bog‘da noyob va endem o‘simliklar turlari hamda Qizil kitobga kiritilgan 40 yaqin noyob va tabiatda yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kolleksiyalari yaratilmoqda. Xalqaro indeks tizimi orqali 80 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan manzarali o‘simliklar urug‘ini almashinish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda Botanika bog‘ida 97 nafar xodim, shu jumladan, 3 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi faoliyat olib bormoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »