HAMAS'ning Isroilga hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 600 dan oshdi
7-oktyabr kuni Falastinning HAMAS guruhi jangchilarining G‘azo sektoridan uyushtirgan hujumidan so‘ng halok bo‘lgan isroilliklar soni 600 dan oshdi, yana 2000 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Bu haqda Kan davlat teleradiokompaniyasi ma’lum qildi.
Isroil rasmiylarining ta'kidlashicha, bu raqamlar yakuniy emas, o‘lganlar va yaralanganlar soni ortishda davom etmoqda.
Avvalroq Isroilda 400 ga yaqin inson halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
7-oktyabr kuni ertalab HAMAS kuchlari Isroilga hujum boshladi. HAMAS a’zolarining aytishicha, “Al-Aqsa to‘foni” operatsiyasi davomida Isroil shaharlariga besh mingta raketa uchirilgan, bir necha o‘nlab qurolli kuchlar Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradosh aholi punktlariga kirib borgan. Isroil rasmiylari mamlakatga ikki mingdan ortiq raketa kelib tushganini aytib o‘tgan.
Bu harakatlarga javoban Isroil ham G‘azo sektoriga aviazarbalar bermoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanini aytdi.