Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Ming afsuski dunyoning diqqat markazida yana urush, qirg‘in va olim. Bu safargisi jiddiy va fojiaviy tus olmoqda. Nega bu safargisi? Sababi, arablar va yahudiylar o‘rtasida vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan to‘qnashuvlar oddiy holga aylanib qolgan edi. Ammo bu safar hammasi boshqacha tus olmoqda. Isroil hech qanday urush qoidalariga amal qilmasligini va har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham o‘z maqsadiga erishishini maʼlum qildi.

“Daryo” ushbu mavzu bo‘yicha siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov bilan suhbatlashdi.

– Isroil o‘z maqsadiga yetishish uchun qanchalik chuqurlashishi mumkin?

– Isroil davlati tashkil topganidan buyon faqat arab yerlari hisobiga o‘z hududini kengaytirib bormoqda. Masalan, 1967-yildagi 6 kunlik Arab-Isroil urushi natijasida Suriyaning tepaliklarini olib qo‘ygan edi. Ushbu yerlar juda ham sersuv hisoblanadi. Bundan tashqari, Livanning Bekaa vodiysini ham Isroil tomonidan tortib olingan. Bugungi kunda Isroilning uchta yo‘nalishdagi barcha muzokaralari to‘xtab qolgan. Hozir Isroil tomonidan Sharqiy Quddus bosib olindi. Yoki Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida yahudiylar uchun qarorgoh qurildi. Bularning hammasi nimadan dalolat? Isroilning ortga qaytmasligi va arab yerlari hisobiga o‘z hududini kengaytirishidan dalolat beradi.

So‘ngi maʼlumotlarga ko‘ra, Isroil G‘azo janubidagi aholiga 24 soat vaqt berib, ularni bu hududdan siqib chiqarmoqda. To‘g‘risini aytganda, bu yerdagi aholi deyarli 50 yildan buyon qamalda yashab keladi. Chegarada beton devorlar va sim to‘siqlar o‘rnatilgan. Yaʼni Isroil tobora chuqurlashib, o‘zining bosqinchilik siyosatini davom ettirmoqda. Hech bir davlat unga eʼtiroz bildirgisi kelmayapti. Chunki uning ortida AQSh va Buyuk Britaniya kabi yirik kuch markazlari bor. Isroil G‘azo sektorining janubiy qismini bosib olishga harakat qilmoqda. U HAMASning hujumini bahona qilib, 1 milliondan oshiq aholini bu yerdan surgun qilmoqchi. Men buni inson huquqlarini toptash deb hisoblayman.

– Falastinni qo‘llab-quvvatlab kelgan arab davlatlari bu safar unchalik faol emas. Bu nima Isroildan qo‘rquvmi yoki ko‘p yillik mojaro arablarning ham joniga tegganmi?

– Bilasizmi, arab davlatlari o‘rtasida azaldan birlik bo‘lmagan. Chunki ularning rivojlanish yo‘nalishlari har xil. Ular orasida Falastin masalasida ham birlik bo‘lmagan. Masalan, 2000-yillarning boshida ham Falastin-Isroil o‘rtasida bunday to‘qnashuvlar yuz bergan. O‘shanda ham arab davlatlari Falastinni faqat qog‘ozda qo‘llab-quvvatlagan edi. Keyinchalik, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp davri (2017-2021)da Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, “Ibrohim kelishuvi”ni imzolagandi. 

Bundan tashqari, Misr ham 1979-yilda “Kemp-Devid” bitimini imzolab, Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgandi. Shuningdek, amaldagi AQSh prezidenti Jo Bayden vositachiligida Saudiya Arabistoni Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatmoqchi edi. Ammo HAMASning Isroilga qilgan hujumi va Isroilning bugungi xatti-harakatlaridan keyin diplomatik aloqalar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas deb o‘ylayman.

– Bu mojaroga Xitoyning munosabati qanday?

– Savolingiz o‘rinli. Bugun Xitoy xalqaro maydonda Falastin davlatini yaralishini xohlayotgan yirik kuch markazlaridan biri. Xalqaro maydonda “ikki xalqqa, ikki davlat” degan tamoyil mavjud. Yaʼni Xitoy “Falastin zaminida tuzilgan Isroil davlati bilan birga, Falastin xalqi ham yashashi kerak”, degan g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Xitoy Falastin xalqining ozodlikka intilishlarini doim qo‘llagan.

Bugun adolat qaror topishi kerak. Chunki 1917-yildagi aholini ro‘yxatga olish jarayoniga ko‘ra, Falastin zaminida aholining 93 foizini arablar, 7 foizini yahudiylar tashkil etgan. 1947-yilda Falastin-Isroil davlatini tuzish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasida ham adolatsizlik bo‘lgan. Sababi, o‘sha vaqtda aholining 33 foizni yahudiylar tashkil etgan. Shunday bo‘lsa-da, bu hududning 56 foizi Isroil davlatiga berib yuborilgan. Albatta, Falastin ham o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqiga ega. Lekin afsuski, bu muammo hal bo‘lmay kelmoqda. Endi buyog‘iga yaqin Sharqda tinchlik bo‘lmaydi. Chunki Quddus muammosi, qochoqlar muammosi hal etilmas ekan bu mojaro davom etaveradi.

– Bu mojaroga Rossiyaning aloqasi bo‘lishi mumkinmi? 

– Bu ham juda qiziq masala. Albatta, bu mojaro dunyo hamjamiyatining eʼtiborini Ukrainadan Yaqin Sharqqa qaratishi mumkin. Lekin Rossiya Yaqin Sharqda mojarolar ko‘payishidan manfaatdor emas. Chunki Isroilda minglab rus fuqarolari istiqomat qiladi. Bundan tashqari, Ukrainadagi vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, Ukraina uchun hal qiluvchi lahzalar boshlandi. G‘arbning ham cho‘ntagi katta emas. Buni AQSh va Yevropa Ittifoqi bir necha marta aytib o‘tdi. Shuning uchun Falastin muammosini Ukraina bilan bog‘lash unchalik to‘g‘ri emas. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH sammiti doirasida Falastin-Isroil muammosiga vositachilik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Sababi, Rossiya har ikki tomon bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.

Ma’lumot uchun, hozirda Isroil hujumidan halok bo‘lgan falastinliklar soni 2 ming kishidan oshdi.

Isroilda, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mojarolar vaqtida 1,3 ming kishi halok bo‘lgan, 3,5 ming kishi jarohatlangan. HAMAS hujumi qurbonlarining jasadlarini izlash davom etmoqda.

Olimjon Safoyev suhbatlashdi 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »