Pekindagi Xalq yig‘inlari uyida Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Xitoy raisi va rafiqasi tantanali kutib oldi (foto)
Pekin shahridagi Xalq yig‘inlari uyida “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumida ishtirok etayotgan delegatsiyalar rahbarlarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin va rafiqasi tantanali kutib oldi. Marosimda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Pokiston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar ul-Haq Kakar, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlar rahbarlari ham ishtirok etdi. Birgalikda suratga tushildi.
Mehmonlarga teatrlashtirilgan konsert dasturi taqdim etildi. Forumning asosiy tadbirlari ertaga, 18-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.