Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayeva mustaqil ijodni boshlaganiga 37 yil bo‘ldi. U bilan bir vaqtda ijodni boshlagan ko‘plab sanʼatkorlar allaqachon sahnani tark etgan. Ammo Mavluda Asalxo‘jayeva haligacha jo‘shqin ijod qilishdan chekingani yo‘q. Uning ijodiga bo‘lgan talab ham hamisha yuqori.

“Qaysi sanada tug‘ilganimni bilishmagan”

Foto: Skrinshot

Mavluda Asalxo‘jayeva 1963-yilning 15-oktyabr kuni Qirg‘iziston ning Jalolobod tumanida dunyoga kelgan. Ammo u tug‘ilgan sanasi hujjatlarda noto‘g‘ri ko‘rsatilganini aytib o‘tgan.

— Bolaligimda dadam rahmatli “Sen dekabrning qish chillasida tug‘ilgansan”, deb aytib qolgan. Dadamning gaplariga ishonqiramay buvimdan so‘rasam “Ha, qishda tug‘ilgansan. O‘sha kuni havo juda sovuq edi”, deb aytib qolgan. Ammo yaqinlarimning hech biri aniq sanasini eslay olishmagan. U paytlari ayollarni tug‘uruqxonaga olib borishmasdi, men ham uyda tug‘ilgan ekanman. Keyin hujjat ishlariga ko‘pchilik eʼtiborsiz edi, bola 3-4 yosh bo‘lguniga qadar tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olishmasdi. Menimcha yoshim ham katta yoki kichik ko‘rsatilgan bo‘lsa kerak, deb kulaman.

Bolaligim juda go‘zal o‘tgan. Oilada yettita farzand edik. Otam rahmatli Abdurahmon Asalxo‘jayev o‘z davrining mashhur hofizi bo‘lgan. Onam esa shifokor edi — deydi xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman”

Xonanda bolalikdan sanʼatga qiziqqani, ammo otasi uning sanʼatkor bo‘lishiga jiddiy qarshilik qilgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Skrin

— Otam nihoyatda halim, kulib turadigan inson bo‘lgan. Biror marta og‘ir gapirganini eslolmayman. Qizlarga og‘ir gapirmay, onam orqali gaplarni aytardi. Bolaligimdan sanʼatga qiziqqanman, ammo otam rahmatli qo‘shiq kuylashimni yoqtirmagan. Hatto maktabda qo‘shiq tanlovlari bo‘lsa onamga “Mavluda ishtirok etmasin, u aniq g‘olib bo‘lib Toshkentga o‘qishga ketib qoladi”, deb aytarkan. “Sen o‘qituvchi bo‘lishing kerak, qiz bolaga shunisi maʼqul”, deb ko‘p aytardi. Otamning aytganini qilib, pedogogika texnikumiga o‘qishga kirganman. U yerni bitirib bir yil maktabda o‘qituvchilik ham qildim. Ammo, baribir sanʼatkor bo‘lish umidimni uzmaganman. Bir kuni qarindoshimizning qizi Toshkentga o‘qishga ketayotgani haqida eshitib, “Men ham pedogogika institutida o‘qiyman”, deb ota-onamni ko‘ndirganman. Poyezdga kelguncha qarindoshimizning qiziga ham asl niyatimni aytmay, keyin “Men sanʼat institutida o‘qiyman”, deganman. Ammo bir yilga qadar ota-onamni boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishida o‘qiyapman, deb aldaganman, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Qizning tarbiyasini buzding”

Yolg‘on bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Qizining sanʼat institutida o‘qiyotganini bilgan Abdurahmon Asalxo‘jayev ayoli va qizidan jahli chiqib, ular bilan gaplashmay qo‘yadi. Ammo qizining televizorga chiqqani Jalolobodda gap-so‘z bo‘lgach, qizini oldiga chaqiradi.

Foto: Instagram / @mavludauz

— “Qizning tarbiyasini buzding”, deb otam onam bilan ham gaplashmay qo‘ygan. Bir yilga yaqin men bilan ham gaplashmagan. Jalolobodga borganda otamning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qilardim. Shu orada televideniyadagi konsertda qo‘shiq kuylaydigan bo‘ldim. Konsert namoyish etilganidan keyin otamning tanish-bilishlari bu haqida aytishibdi. “Qiz bola boshi bilan Toshkentga borib, televizorga chiqdi. Bu mashhur sanʼatkor bo‘ladi”, deb iliq fikrlar aytishgan ekan. Otam chaqirayotgani haqida aytishganida, qo‘rqib uyga borganman. O‘shanda otam rahmatli “Sanʼat qiyin kasb bo‘lgani uchun fikringdan qaytarmoqchi bo‘lgandim. Bu yo‘lni tanladingmi endi oxirigacha bormasang, sendan ranjiyman”, degandi. O‘shandan keyin otamning oq fotihasini olib, ijodimni boshlaganman, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Ikki bolali erkakka turmushga chiqqanman”

Mavluda Asalxo‘jayeva institutni tamomlab, yo‘llanma asosida Turkmanistonga ishga yuboriladi. U “Destan” ansamblida tajriba orttirish bilan birga bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan ham uchrashadi.

Foto: Instagram / @mavludauz

— Uydagilar “Tezroq oila qurishing kerak”, deb ko‘p aytishardi. Hatto, turmushga chiqavermaganimdan ammam o‘g‘liga so‘rab og‘iz ham solgandi. Onam rahmatli “Ammang seni keling qilmoqchi”, deganlarida rosa jahl otiga mingandim. Hozir eslasam uyalib ketaman, o‘shanda jahl bilan ammamning uyiga borib, o‘g‘illariga qarab “Senga turmushga chiqmayman, men hali mashhur sanʼatkor bo‘lishim kerak”, deganman. Hech gapdan xabari yo‘q ammamning o‘g‘li “Senga uylanadigan axmoq yo‘q”, degandi. Doim sanʼatni tushunadigan inson bilan oila qurish haqida niyat qilardim. Chunki boshqa kasb egasi bilan turmushim uzoqqa bormasligini bilardim. “Destan” ansamblida Devlet ismli yigit bilan tanishib qolganman. Ish jarayonida bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib, oila qurishga qaror qilganmiz. Ammo u uylanib, ajrashgan va ikki nafar farzandi bor edi. Albatta, u bilan oila qurishim yaqinlarimga yoqmagan. Ammo men uning farzandlari borligini tabiiy qabul qilganman. Bolalarining ko‘ngli o‘ksimasin deb chiroyli kiyimlar oldirib, bolalariga yuborardik, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Ularning borligidan hamisha quvonaman”

Bir necha yil avval Mavluda Asalxo‘jayeva turmush o‘rtog‘ining farzandlariga onalik qilayotgani bilan bog‘liq xabarlar OAVda tarqalgandi.

Foto: Instagram / @mavludauz

— Ularni yaxshi ko‘raman, farzandlarim bilan aloqalarim qanday bo‘lsa ular bilan ham xuddi shunday munosabatdaman. Vaziyat taqozosi bilan ular bilan birga yashadik. Buni hech kimdan yashirmayman va ularning borligidan hamisha quvonaman, — deydi xonanda.

“Konsertim kuni otamdan ayrilganman”

O‘zbekisonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayevaning otasi Abdurahmon hofiz ham qizining yakkaxon konsert dasturi kuni vafot etgan.

Foto: Instagram / @mavludauz

— U kun sahnaga chiqishim juda og‘ir kechgan. Eng alam qilgani o‘sha yilgi dasturda ilk marta otamga bag‘ishlab qo‘shiq aytishni rejalashtirgandim. Bir kun avval ukalarim qo‘shiqni dadamga aytib bering deyishganda, yo‘q ertaga konsertda eshitadilar, degandim. Dadam konsert uchun atayin Toshkentga kelgandi. Necha kun bo‘lasiz deganimda, konsertining besh kunida ham yoningda bo‘laman degandi. Afsuski, konsertning ilk kunida — erta tongda jonlari uzildi. Konsertni qoldirishning iloji bo‘lmagani uchun ko‘zlarim shishib katta sahnaga chiqishga majbur bo‘lganman. Ayniqsa, otamga bag‘ishlangan qo‘shiqni aytganimda butun zal yig‘lagandi. Eng qizig‘i, ilk konsert kunida ko‘rinish bergan kapalak konsertning beshinchi kuniga qadar uchib ketmagan. Armonim haqida ko‘p so‘rashadi, men o‘sha yilgi konsertda xalqqa otamni tanishtirib, unga atalgan qo‘shiqni aytishni reja qilgandim. Afsuski, bu menga ushalmas armon bo‘lib qoldi. Ulg‘ayganimda yetim bo‘lib qoldim”, — deydi xonanda.

“Turmush o‘rtog‘ini tashlab ketibdi, deyishgan”

Xonanda hayotda talay qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Turmush o‘rtog‘i og‘ir kasallikka chalingani va uni davolash uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilganini so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @mavludauz

Turmush o‘rtog‘im kasallikka chalinib, qattiq og‘rigan. Uni davolatish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilganman. Bormagan shifokorim qolmagan. Ammo o‘sha paytda “Turmush o‘rtog‘idan ajrashibdi, tashlab ketibdi”, degan gap so‘zlar juda og‘ir botgan. Aslida men buni kimgadir isbotlashim shart emas. Ammo baribir xalq orasidagi pichir-pichirlar asabga tegar ekan, — deydi xonanda Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Men turklardan qo‘shiqlarni sotib olganman”

Ko‘plab OAV xonandani plagiat qo‘shiqlarni ijro etishda ayblagan. Xonanda intervyularining birida turk qo‘shiqlarining barini shartnoma asosida sotib olgani va tekinga berilganini kuylashdan voz kechgani haqida so‘zlab bergan.

Foto: Instagram / @mavludauz

— Turk ijodkorlari bilan hamkorligim bor. “Plagiat qo‘shiq aytibdi”, deganlar yanglishadi. Ularning barini pulimga sotib olganman. Ammo bir gal Serdar O‘rtachga qo‘shiqlaridan birini ijro etishga ruxsat berishini so‘raganman. “Qancha bersam rozi bo‘lasiz?” deganimda “Pulingiz kerak emas, roziman” degan. Ammo bepulga berilgan qo‘shiqni aytgim kelmagan, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

“Yoshim ulg‘ayganda yetim bo‘lib qoldim”

Ko‘pchilik ijodkorlar “Armoningiz bormi?” degan savolni xushlashmaydi. Negadir Mavluda Asalxo‘jayeva armonlari haqida gapirishni va bu kimlargadir o‘rnak bo‘lishini aytishdan og‘rinmaydi.

Foto: Instagram / @mavludauz
Xonanda farzandlari bilan birga

— Yoshligimda ota-onamning omonat ekanligini his qilmas ekanmiz. Go‘yoki ular hech qachon o‘lmaydi, deb yuraverarkanmiz. Yoshim ulg‘ayganida yetimlik nima ekanligini his qildim. Qattiq tushkunlikka tushib, ancha vaqtgacha o‘zimni qo‘lga ololmadim. Hamisha yaxshi farzand bo‘lishga intilganman, ammo bundan ham yaxshi bo‘lishi kerak edi, deb ko‘p afsuslanaman.

Ammo farzandlarim uchun yaxshi ona bo‘lolmadim. Hamisha oldilarida bo‘lib, mehr berolmaganman deb o‘ksiyman. Bolaligimda ko‘p farzandlarim bo‘lishini orzu qilardim. Sanʼat sabab, ko‘p farzandli bo‘lishga ham vaqtim bo‘lmabdi. Allohga shukr, ikki farzandimning ketidan qo‘sha-qo‘sha nabiralar keldi, — deydi Mavluda Asalxo‘jayeva.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »