Putin: “Agar biz urushda yutqazgan bo‘lsak, AQSH raketalarini olib ketib, choy ichish uchun mehmonga kelsin”
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Jo Baydenning Rossiya Ukraina bilan urushda yutqazayotgani haqidagi da’volarini kulgili deb atadi. Uning fikricha, agar Rossiya mag‘lub bo‘lganida, AQSH Ukrainaga yangi qurollar, jumladan, uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini yetkazib bermagan bo‘lardi.
“Agar Rossiya urushda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, nega ular Ukrainaga ATACMS raketalarini yetkazib bermoqda? Bu holda AQSH prezidenti ATACMS va boshqa barcha qurollarni olib, choy ichish uchun Rossiyaga mehmonga kelsin”, — dedi Vladimir Putin Pekindagi matbuot anjumanida.
“Agar urush yutqazilgan bo‘lsa, biz nima haqida gapiryapmiz? Nima uchun unda ATACMS raketalari kerak? AQSH prezidentiga bu savolni berib ko‘ring. Ochig‘i, bu kulgili”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.
Shuningdek, u Ukrainaga ATACMS raketalarini yetkazib berishni AQSHning katta xatosi deb atadi.
Bugun, 18-oktyabr kuni Oq uy ATACMS taktik raketalari Ukrainaga topshirilganini tasdiqladi. The New York Times gazetasining yozishicha, Kiyev 20 ga yaqin raketa qabul qilib olgan. Ularning uchish masofasi 165 km.
Bir kun avval The Wall Street Journal Ukraina ushbu raketalar bilan Lugansk va Berdyanskdagi harbiy aerodromlarga hujum qilgani haqida xabar bergan edi.