Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Angliyalik sobiq futbolchi, afsona ser Bobbi Charlton 21-oktyabr kuni 86 yoshida vafot etdi.

Charlton “Manchester Yunayted” safida 758 ta o‘yin o‘tkazgan, terma jamoa libosida esa 106 ta o‘yinda maydonga tushgan. Ser Bobbi futbol tarixidagi eng qayg‘uli tragediya bo‘lmish Myunxen fojiasida omon qolgan inson edi. 

***

Robert Charlton futbolchilar oilasida tavallud topgan: uning to‘rt nafar amakisi futbolchi bo‘lgan, katta akasi Jek “Lids” jamoasi afsonasi bo‘lgan. Ular ikkalasi birgalikda JCH—1966 da ishtirok etgan va g‘alaba qozongan.

Bobbi 15 yoshida “Manchester Yunayted”ga qabul qilinadi. Charlton Mett Basbi va Jimmi Myorfi tomonidan boshqarilgan mashhur “Basbi bolalari” futbolchilaridan biriga aylandi. 

Bobbi 1956-yil oktyabr oyida “Manchester Yunayted” asosiy tarkibida maydonga tushdi. 19 yoshli iqtidor egasi ilk mavsumidayoq Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi va Kubok finaliga qadar yetib bordi. 

1958-yil fevralida esa Charlton qayta dunyoga kelgandek bo‘ldi: u Myunxendagi aviahalokatdan omon qoldi. Bortdagi 44 kishidan 23 nafari hayotdan ko‘z yumdi. Ingliz futboli tarixdagi eng iqtidorli yosh jamoalardan birini boy berdi. 

Halokat chog‘ida Bobbi samolyot kabinasidan tashqariga uloqtirilgan. Mankunianliklar darvozaboni Garri Gregg uni topib olganda, allaqachon o‘lgan deb o‘ylagandi. Ammo Robert hammadan tezroq tuzaldi va halokatdan bir hafta o‘tib, shifoxonadan chiqdi.

U tuzalayotgan paytda, mahalliy yoshlar bilan to‘p surardi — ushbu mashhur fotosurat o‘sha vaqtda olingan.

 

Fojiadan omon qolgan Mett Basbi jamoani qayta qurishni boshladi, 20 yoshli Charlton o‘sha jamoada muhim rol o‘ynagan. 

1963-yilda Robert uchinchi urinishda Angliya Kubogida g‘alaba qozondi. Xuddi shu sovrin uning faoliyatida yagona edi, lekin mamlakat chempionligini uch marta nishonlagan.

1966-yilda Charlton qahramonga aylandi: Angliya Jahon Chempionatida g‘olib bo‘ldi. Robert jamoa hujumida dirijor vazifasini bajarardi, uning afsonaviy Eysebiosi bor Portugaliyaga urgan ikki goli inglizlarni finalga olib chiqqan. 

Endilikda angliyaliklarning ushbu tarkibidan faqatgina Jeff Xerst qoldi. Aynan Jeff finalda afsonaviy het-trik qayd etgandi. 

O‘sha yilning o‘zida Charlton bir qancha individual sovrin, jumladan “Oltin to‘p”ni ham qo‘lga kiritgan. 2023-yil iyul oyida Luis Suaresning vafotidan so‘ng ser Bobbi eng yoshi katta “Oltin to‘p” egasi bo‘lib turgandi. 

Endi esa bu maqom 83 yoshli Denis Louga tegishli.

Myunxen fojiasidan 10 yil o‘tib, 1968-yilda “Manchester Yunayted” Yevropa Chempionlar Kubogida zafar quchdi. Bobbi finalda dubl qayd etib, ushbu sovrinni ko‘targan ilk angliyalik sardorga aylandi.

Oradan 2 yil o‘tib, 32 yoshli Charlton akasi Jek bilan birgalikda terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. JCH—1970 chorak finalidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng ular shu qarorga kelgan. 

Uch yildan so‘ng Charlton “Manchester Yunayted”dan ham ketdi. U mankunianliklarning rekordchisi edi — eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan (758) va eng ko‘p gol urgan (249) futbolchi. Birinchi rekord 2008-yilgi Chempionlar Ligasi finalida Rayan Giggz tomonidan buzildi, ikkinchisi esa 2017-yilda Ueyn Runi tomonidan zabt etildi. 

Robertning akasi Jek bilan munosabatlari unchalik yaxshi bo‘lmagan.

2007-yilda Bobbi Charlton rafiqasi Norma va ularning onasi Sissi (1996-yil 84 yoshida vafot etgan) o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik tufayli akasi bilan hech qanday aloqada bo‘lmaganini tan olgan.

Biroq, Aleks Fergyuson bilan boshidanoq munosabatlar iliq bo‘lgan. “Manchester Yunayted” direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan Charlton murabbiyni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.   

“U boshidanoq meni “Manchester Yunayted”ga murabbiy sifatida tavsiya qildi va men uni doimo men tomonda bo‘lishini his qildim. Jamoa qiyin davrlarni boshdan kechirayotganda Bobbi menga hammasi yaxshi bo‘lishini, barchasini to‘g‘ri qilayotganim va shu yo‘nalishda davom etishim lozimligini aytgandi”, — deydi ser Aleks Fergyuson.

Charlton — Devid Bekhemning faoliyatida muhim o‘rin tutgan shaxs hisoblanadi. Devidning otasi afsonaning eng katta muxlislaridan biri edi, shuning uchun u o‘g‘liga Bobbi sharafiga ism qo‘ygan (Bekhemning ikkinchi ismi — Robert). 

Ammo Devid Charlton bilan yanada yaqinroq aloqaga ega: 

“Men barchasi uchun ser Bobbidan qarzdorman, agar u bo‘lmaganidan orzuimdagi klubda hech qachon o‘ynay olmasdim. Bobbi Charltonning futbol maktabiga borgandim va musobaqada g‘olib chiqqandim. Shundan so‘ng u “Manchester Yunayted” bilan bog‘lanib, menga e’tibor qaratishlarini so‘ragan. Shu tariqa mening Manchesterdagi sarguzashtlarim boshlangan”. 

1994-yilda Charlton ritsar unvoniga sazovor bo‘ldi.

Uzoq yillar davomida muxlislar Charltonni sevimli rafiqasi Norma va Fergyuson bilan birgalikda ko‘rishga odatlanib qolgandi. 

Endi “Old Trafford”ning mana bu lojasi huvillab qoladigan bo‘ldi. 

2020-yil noyabr oyida Charltonga demensiya tashxisi qo‘yildi. 

Va bu uning 85 yoshli akasi Jek vafotidan to‘rt oy o‘tgach sodir bo‘lgandi. 

Yutuqlari

Jamoaviy yutuqlar

“Manchester Yunayted” (9 ta sovrin)

  • Angliya chempioni (3): 1956/57, 1964/65, 1966/67
  • Angliya Kubogi: 1963
  • Yevropa Chempionlar Kubogi: 1968
  • Angliya Superkubogi (4): 1956, 1957, 1965, 1967

Angliya terma jamoasi (12)

  • Jahon Chempionati: 1966
  • Yevropa chempionati bronza medali sohibi: 1968
  • Britaniya uy chempionati g‘olibi (10): 1958, 1959, 1960, 1961, 1964, 1965, 1966, 1968, 1969, 1970

Shaxsiy sovrinlar

  • “Oltin to‘p”: 1966
  • Futbol jurnalistlari assotsiatsiyasiga ko‘ra yil futbolchisi: 1966
  • Jahon Chempionati “Oltin to‘p” sohibi: 1966
  • Yarmarkalar Kubogi to‘purari: 1965
  • Futbol ligasining eng yaxshi 100 afsonasi ro‘yxatiga kiritilgan: 1998
  • Angliya futboli sharaflar zaliga kiritilgan: 2002
  • “FIFA 100” ro‘yxatiga kiritilgan: 2002
  • Futbol oldidagi xizmatlari uchun BBC sovrini sohibi: 2008
  • Futbol oldidagi xizmatlari uchun UEFA prezidenti sovrini sohibi: 2009
  • Jahon Chempionati ramziy terma jamoasiga kiritilgan (2): 1966, 1970
  • World Soccer versiyasiga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »