Toshkentdagi maktab o‘qituvchilari bir yildan beri asossiz tekshiruvlar bo‘layotganini aytib, murojaat bilan chiqdi
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 160-maktabning bir guruh o‘qituvchilari videomurojaat eʼlon qildi. Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Yakkasaroy tumanidagi 160-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi taʼlim-tarbiya jarayonlariga boshqarma mutasaddilari tomonidan asossiz ravishda xalaqit qilinmagan va o‘rganishlar olib borilmagan. Fuqaro F.A.Iskandarovaning Toshkent shahar prokuraturasiga qilgan murojaatlaridan so‘ng, Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutaxassislari jalb etilgan holda Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan tekshiruv-taftish hamda o‘rganish ishlari olib borilgan.
Jumladan, Yakkasaroy tuman prokuraturasining 2023-yil 21-sentyabrdagi 9/09-1/23-sonli “Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida”gi taqdimnomasidan so‘ng, 160-maktab direktori I.Kazakova egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Unga ko‘ra, mazkur taʼlim muassasasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
“Oxirgi yillarda maktabda taʼlim-tarbiya jarayonlari sifat ko‘rsatkichi keskin pasayib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim inspeksiyasining eʼlon qilgan umumtaʼlim maktablari reytingida ham bu o‘z tasdig‘ini topgan. Jumladan, 2021-yil yakunlariga ko‘ra, maktab reyting parametrlari bo‘yicha 160-maktab respublikamizdagi mavjud 10130 ta umumtaʼlim maktablari orasida 8067-, shahardagi 318 ta maktab o‘rtasida 233- va tumandagi 15 ta maktab orasida 12-o‘ringa tushib ketgani achinarlidir.
Bundan tashqari, 160-maktab o‘quvchilarining so‘nggi uch yilda birorta na respublika va na xalqaro fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lish tugul, ishtirok ham etmagani taʼlim sifati pasayib ketganini ko‘rsatib turibdi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Maktab direktori I.Kazakova tomonidan o‘qituvchilar o‘rtasida tartib-intizomning o‘ta susaytirib yuborilgani, taʼlim muassasasida qonun va qonunosti hujjatlarini yuritishda jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, ijro intizomini qo‘pol ravishda buzgani tekshirishlar natijasida aniqlangan.
Natijada Yakkasaroy tuman prokuraturasi bergan taqdimnoma O‘zbekiston Taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi tomonidan o‘rganilgan va ularning xulosasiga ko‘ra, maktab direktori I.Kazakova ishdan bo‘shatilganini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.