Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi haqidagi protokolni imzoladi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni imzoladi va uni ratifikatsiya qilish uchun mamlakat parlamentiga yubordi. Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyati ma’lum qildi.
“Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi protokol 2023-yil 23-oktyabrda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolangan va Turkiya Buyuk Millat Majlisiga taqdim etilgan”, — deyiladi Anadolu agentligi tarqatgan xabarda.
Shvetsiya va Finlyandiya 2022-yilning may oyida NATOga a’zo bo'lish uchun ariza topshirgan. Finlyandiya 2023-yilning 4-aprelida ittifoqqa qabul qilingan, biroq Turkiya Shvetsiyaning aʼzo bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan.
Anqara Shvetsiya rasmiylaridan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni, xususan, Turkiyada terrorchi deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishni talab qildi. Endilikda Shvetsiyaning NATOga kirishi Vengriya tomonidan ham tasdiqlanishi kerak.