Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga jo‘nab ketdi
Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPЕKA) sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Boku shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etadi. Tadbir kun tartibidan dastur doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Maqsadli fond tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar o‘rin olgan.
SPEKA dasturi mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish hamda ularning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish maqsadida 1998-yil 26-mart kuni Toshkent deklaratsiyasiga muvofiq ta’sis etilgan. Ishtirokchi davlatlar – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston.