Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston—Ozarbayjon hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator takliflarni bildirdi
Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Bokuga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazgandi. Davlat rahbari mamlakatlar hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator takliflarni bildirdi.
Prezident matbuot kotibining xabar berishicha, O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni yuqori sur’atda davom ettirish va tubdan kengaytirish maqsadida quyidagilarni taklif etdi:
- Ozarbayjon prezidentini 2024-yilda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga borishga;
- 2024-yilni O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili deb e’lon qilishni;
- 2024-yil uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishini;
- axborot makonida tajriba almashish va hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun ikki mamlakat Prezident administratsiyalarining tegishli xizmatlari o‘rtasida tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishni;
- Ilhom Aliyevni 2025-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammitida bosh faxriy mehmon sifatida ishtirok etishni.
Davlat rahbari 24-noyabr kuni Bokuda BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etadi. Tadbir kun tartibidan dastur doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Maqsadli fond tashkil etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish uchun “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish va boshqa masalalar o‘rin olgan.