Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda elektr va gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilgani bois o‘rtada yuzaga kelgan kamomad davlat budjeti hisobidan qoplab kelinadi. Masalan, 2023-yilda shunday xarajatlar uchun budjetdan qariyb 18 trillion so‘m subsidiya ajratish belgilangan. Iqtisodchi Otabek Bakirov YouTube’dagi chiqishida mazkur xarajatlar o‘rniga to‘g‘ri bozor qoidalarini joriy etish kerakligi, gaz narxidagi tafovutni qoplash pullarini sog‘liqni saqlash, stipendiya, pensiya va nafaqalarga to‘lash foydaliroq bo‘lishi zarurligi to‘g‘risida fikr bildirdi.

Otabek Bakirov
Foto: videodan kadr

Otabek Bakirovning aytishicha, gaz narxi biznes uchun qimmat bo‘lishi lozim.

“Qaysi biznes to‘lovga layoqatli bo‘lsa, o‘sha gaz sotib olishi kerak. Masalan, sement zavodining uskunalari yangi, energotejamkor bo‘lsa, unga gaz 4 000 so‘mdan sotilsa ham, manfaatli. Agar uskunalari eskirgan, ekologiyani buzadigan va energetik samaradorligi bo‘lmasa, ertaga u ishlab chiqargan mahsulot qimmatga aylanadi. O‘z-o‘zidan uning uchun gaz ishlatish samarali bo‘lmaydi.

Bahor kelsa, hammaga quyosh panellari o‘rnatlaring, degan kampaniya boshlanadi. Qish kelsa, ko‘mirga o‘tlaring, deyiladi. Aslida unisi ham, bunisi ham ziyonli. Biznesga signallarni amaldorlar emas, narx berishi kerak. Biznes esa alternativni o‘zi hisoblashi kerak. Bu tadbirkorni panel o‘rnatsam qanchaga tushadi, ko‘mir yoqsam mahsulot tannarxi necha pul bo‘ladi yoki gazda qanchaga to‘g‘ri keladi, degan tanlovga undaydi. Va biz xoylaymizmi- yo‘qmi, bozorga qarab qadam bosishni boshlaymiz.

Undan ham muhimi — davlat o‘zining budjet mablag‘larini energetikadagi narx farqini qoplashga sarflamaydi, pensiya, stipendiya, nafaqaga yo‘naltiradi. Shu o‘rinda aytib ketay, stipendiyalar oshmaganiga 2,5 yil bo‘ldi. Nega? Chunki budjetda imkoniyat yo‘q. Biz ijtimoiy sohalar taʼlim, tibbiyot, pensiya, stipendiyalarga sarflashimiz mumkin bo‘lgan mablag‘larni energetika narxidagi farqni qoplashga sarflayapmiz. Shu meni haddan tashqari og‘rintiradi, qiynaydi”, —dedi Otabek Bakirov.

Iqtisodchining fikricha, suv xo‘jaligi uchun qilinayotgan ortiqcha xarajatlar ham budjet sarfi oshishiga olib kelmoqda.

“Bu yil xarajatlar ortiqcha bo‘lgan yo‘nalishlardan biri suv bo‘ldi. Yaʼni budjetdan suv xo‘jaligi uchun 8,5 trillion so‘m sarflanmoqda. Yig‘ilgan soliqlarimiz esa 900 milliard so‘mga ham yetmaydi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi suvning 95 foizini, boshqa sohalar 5 foizini (sanoat ham kiradi) isteʼmol qiladi, ichimlik suvi esa 1 foizga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, ichimlik suvi qayta ishlangani uchun uning tannarxi yuqori. Lekin sanoat uchun ishlatiladigan 1 kubometr suv uchun shartli ravishda 80 so‘m to‘layotgan bo‘lsangiz, siz hech qachon suv tejamkor uskunalarni olib kelib, o‘rnatmaysiz. Chunki bu (arzon narx — tahr.) sizga signal bermaydi.

Xatto fermerlar yeridan paxta olish bo‘yicha xarajatlarining ro‘yxatiga suvni qo‘shmaydi (arzon bo‘lgani uchun — tahr.). Bir gektar yerni sug‘orish uchun ketadigan suv narxi 10 000 so‘mga ham yetmaydi. O‘zbekiston shunaqa mamlakatki, suvini bir joydan ikkinchi joyga haydash uchun nasoslardan foydalanadi. Yiliga taxminan 8 milliard kVt/soat elektr energiyasi faqat nasoslar uchun ishlatiladi. Bu ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 10 dan 1 foizini nasoslarga sarflaymiz, degani. Va qishloq xo‘jaligida nasoslardan foydalanish va elektr sarfi yanada oshib bormoqda. Chunki bu ham imtiyozli tarifda”, — dedi Otabek Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-oktyabr sanasidan O‘zbekistonda biznes uchun gaz va elektr energiyasi narxlari oshirildi. Biroq aholi uchun narxlar o‘zgarmadi.

2022-yilda hukumatning “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingandi. Hujjatda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini ijtimoiy norma asosida belgilash va oshirish nazarda tutilgandi. Yaʼni aholi uchun 1 kVt/soat elektr energiyasi isteʼmoli oyiga 250 kVt/soatgacha — 325 so‘m, 250 kVt/soatdan yuqori har 1 kVt/soat uchun — 650 so‘m etib belgilash rejasi ochiqlangan. Ammo mazkur qaror qabul qilinmagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »