Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Muloqotda vazirlik sohada korrupsiyaviy qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bartaraf etish borasida vazirlik tomonidan bajarilgan ishlar tahlil qilindi.

Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Vazirlik boshqarma boshlig‘i Shavkat Hamrayevning “Daryo” muxbiriga maʼlum qilishicha, joriy yilda 116 nafar xodim tomonidan korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgani aniqlangan.

Shavkat Hamrayev
Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
“Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni sezilarli kamayib bormoqda. Masalan, 2022-yilda tizimdagi 191 nafar xodim jinoyat sodir etgan. Joriy yilda korrupsiyaviy huquqbuzarlikka qo‘l urganlar soni 116 kishini tashkil etdi. Bunda 1-sinfga qabul qilish jarayonida ko‘proq korrupsiya uchramoqda. Yaʼni bolalarni maktabga joylayotgan paytda tanish-bilishchilik bo‘ladi, yoshi kichik bolani o‘qishga qabul qilish holatlari ham uchraydi afsuski. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida 1-sinfga qabul, bir maktabdan boshqasiga ko‘chirish va shahodatnomalar berish tizimi elektron shaklga o‘tkazildi”, —dedi vazirlik masʼuli.
Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Tadbirda joriy yilning 9 oyi ichida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimi aniqlangan moliyaviy xato hamda kamchiliklar hisoboti ham berildi. Vazirlik departamenti direktorining o‘rinbosari Husniddin Mustafoyevning aytishicha, vazirlik tizimidagi tashkilotlarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qariyb 954,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
“Shundan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga davlat budjetidan 19 milliard so‘m noqonuniy sarflangan. Bajarilmagan ish hajmi va xizmatlar uchun 7,9 milliard so‘m ortiqcha to‘lov qilingan. “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzib sarflangan mablag‘lar miqdori 22 milliard so‘mni tashkil etgan. Xarajatlar smetasiga ortiqcha rejalashtirilgan mablag‘lar 3,2 milliard so‘m, samarasiz xarajatlarga 7 milliard so‘m, ortiqcha tovar moddiy kamomadlariga 5,7 milliard so‘m sarflangan. Bunday holatlar yuzasidan hisobotlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan”,—dedi vazirlik vakili.
Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Muloqotda maʼlum qilinishicha, shu yilning 9 oyi davomida vazirlikda oltita holatda davlat xaridlari bekor qilingan va masʼullarga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan. Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasiga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha o‘tkazilgan 4 ta nazorat va monitoring tadbirlarida aniqlangan moliyaviy xato hamda kamchiliklar bo‘yicha 5 nafar xodim jazolangan. 

Tadbirda sohada pora olish va pora berish xavflarini yuzaga kelish sabab hamda shart–sharoitlarini oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga kiritish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuborilgani taʼkidlandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »