Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1-dekabr kuni Dubayda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

"Bugungi, hech mubolag‘asiz, tarixiy sammitga taklif etilganimiz hamda anjumanning yuqori darajada tashkil qilingani uchun Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon A’lo Hazratlariga bildirilgan samimiy minnatdorchilik so‘zlariga qo‘shilaman.

Biz Amirliklarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi global tashabbuslarini hamda uning “yashil” taraqqiyotga qo‘shayotgan katta hissasini olqishlaymiz.

Fursatdan foydalanib, Birlashgan Arab Amirliklari xalqini Milliy bayrami bilan chin dildan qutlayman va bardavom farovonlik tilayman.

Hurmatli sammi ishtirokchilari!

Hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.

E’tiboringizni quyidagi faktlarga qaratmoqchiman:

- mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. So‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni ikki marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi;

- mintaqamiz hududida tuproq yemirilishi jarayonlari 30 milliondan ziyod aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylanib bormoqda;

- ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligida hosildorlikning keskin pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, bu global xavflar keng mintaqamizda o‘zining xatarli nuqtasiga yetib kelmoqda.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravar ko‘paydi. Biz Amirliklar, Saudiya Arabistoni, Qatar, Xitoy, Turkiya va boshqa xorijiy hamkorlarimiz bilan birga 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini barpo etamiz. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashladik.

“Yashil makon” tashabbusi doirasida har yili mamlakatimizda 200 million tup ko‘chat ekilmoqda. Shaharlarda yashil hududlar maydonini 30 foizga yetkazmoqchimiz.

Orol dengizining qurigan tubida mustahkam himoya qalqonini yaratish maqsadida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etdik. Bu orqali Orol hududida havo ifloslanishi kamaymoqda.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizni teran anglagan holda, iqlim o‘zgarishiga qarshi faqat birdamlik va keng xalqaro hamkorlik orqali samarali kurashishimiz mumkin.

Bu borada quyidagi takliflarni sizlar bilan o‘rtoqlashishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan. Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishish tarafdorimiz.

Biz Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida Adaptatsiya (Moslashuv) strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz.
Shuningdek, bugungi konferensiyamizda “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish masalasida ijobiy siljishga erishiladi, degan umiddaman.

Ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim o‘zgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.

Ikkinchidan. Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarur.
Bunda iqlim o‘zgarishidan jiddiy zarar ko‘rayotgan rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi shart.

Bu dolzarb muammo “KATTA YETTILIK” va “KATTA YIGIRMALIK” formatlari kun tartiblarida doimiy ravishda ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi asosida Orolbo‘yi hududini ekologik ofat zonasidan “innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasi”ga aylantirmoqchimiz.

Bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchangizni yaqin hamkorlikka taklif etaman.

To‘rtinchidan. Davrning o‘zi bizdan iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni faollashtirishni talab etmoqda.

Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan “Iqlim ilmiy forumi”da davlatlaringiz yetakchi olimlari va ekspertlarini ishtirok etishga chaqiraman.

Yer degradatsiyasining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlash va boshqa o‘tkir masalalar Forumning kun tartibidan joy oladi, deb ishonaman.

Beshinchidan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2024-yili O‘zbekistonda "Iqlim migratsiyasi" mavzusida konferensiya o‘tkazish niyatidamiz.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturi”ni ishlab chiqish, iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini Modellashtirish markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Iqlim muammolarini samarali yechishga yoshlarni faol jalb qilish uchun KOP Yoshlar konferensiyasini yuqori darajada tashkil etishga tayyormiz.

Hurmatli do‘stlar!

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqdir.
Bu ezgu maqsadda kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va mintaqaviy yondashuvlarimiz o‘z ifodasini topgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusimizni qo’llab-quvvatlashga chaqiraman.

Ishonchim komil, bugungi sammitimiz natijalari sayyoramizning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini ta’minlash yo‘lida do‘st mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »