Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK+)ning navbatdagi sammiti joriy yilning 25-noyabr kuni bo‘lishi kutilayotgan edi. Biroq ushbu sammit 30-noyabr kuniga ko‘chirildi. Hozirda jahon bozorida neft narxi tobora pasayib bormoqda. Tabiiyki, neft narxining tushishi yirik neft import qiluvchi mamlakatlarning cho‘ntagiga yaxshigina zarar keltiradi. Xo‘sh, nima uchun jahonda neft narxi tushib bormoqda? Rivojlanib borayotgan yashil energiya neftning o‘rnini egallashi mumkinmi?

“Daryo” ushbu mavzuda iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashadi.

– OPEK qanday tashkilot? Uning aʼzolari kimlar va tashkilot qanday funksiyani bajaradi?

– OPEK – bu jahonga neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti. Bu tashkilot 1960-yilda Bag‘dod shahrida taʼsis etilgan. Dastlab tashkilotga 10 dan ortiq davlatlar aʼzo edi. Vaqt o‘tishi bilan aʼzo davlatlarning ko‘payishi sababli bu tashkilotning nomi OPEK+ ga o‘zgardi. Hozirda OPEK+ ning taʼsis shtab-kvartirasi Avstriyaning Vena shahrida joylashgan. Hozirda 10 ta mamlakat OPEK+ kuzatuvchisi hisoblanadi. OPEK+ bu kartel (bitta sanoat tarmog‘idagi bir necha korxonalarning uyushmasi — tahr.) hisoblanadi. Yaʼni OPEK+ dunyoda neft sotish bo‘yicha monopol tashkilot.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropaning o‘zida neft qazib olish va uni eksport qilish bo‘yicha tashkilot bo‘lgan. Bu tashkilotga AQSH va Buyuk Britaniyaning 7 ta transmilliy kompaniyalari kirgan. Ular OPEK tashkil qilingunga qadar neftning ustidan hukmronlik qilgan edi. OPEK taʼsis etilgach, 13 ta davlat neft bozoriga kirib keldi va G‘arb bilan raqobat qila boshladi.

Jurnalist Sardor Ali va iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul
Foto: “Daryo”

– Bugungi kunda jahonda neft bozorining ahvoli qanday?

– Nega barcha mamlakatlar neftga qiziqadi? Chunki neft har qanday davlat iqtisodiyotining asosi hisoblanadi! Agar biror-bir mamlakatning iqtisodi o‘sayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatda neftga bo‘lgan talab ham oshadi.

Agar mamlakatning iqtisodi stagnatsiya (iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi — tahr.)ga uchrayotgan bo‘lsa, bu davlatda neft isteʼmoli ham kamayadi.

1876-yilda ichki yonuv dvigateli ixtiro etilgach, dunyoda neft davri boshlandi. Shu vaqtdan boshlab, to 2018-yilgacha neftning narxi har doim o‘sib keldi. 2018-yilda bir kunda neft qazib olish hajmi 95 million barrelni tashkil etgan. Lekin o‘sha yillarda kunlik neft isteʼmoli 99-100 million barrel atrofida bo‘lgan. Sizda “5 million barrel qayerdan keldi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Ko‘plab davlatlarda 3 oyga yetadigan neft zaxiralari mavjud. Eng katta strategik neft zaxirasiga ega bo‘lgan davlatlar; AQSH, Xitoy va Rossiya.

2019–2020-yilda dunyoda neft qazib chiqarish hajmi 95 million barreldan 68 million barrelga tushib ketdi. Shundan beri dunyoda neft qazib chiqarish hajmi ko‘tarila olmayapti. 2022-yil hisob-kitoblariga ko‘ra, neft qazib chiqarish hajmi 72 million barrelni tashkil etdi. Dunyoda neft qazib chiqarish pasayib ketishiga sabab bo‘layotgan boshqa fundamental iqtisodiy omillar ham bor. Hozirda jahon iqtisodiyotida neftga zarba berayotgan 2 ta muhim faktor mavjud. Misol uchun, elektromobillar jahon bozorini shiddat bilan egallamoqda. Bundan tashqari, mamlakatlar o‘zida yashil energiyani rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda. Yashil energiya ishlab chiqarish hisobiga, dunyoda mazut orqali energiya ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari kamayib bormoqda. 2000-yillarda dunyo elektr energiyasining 30 foizi mazut yoqib, elektr energiya ishlab chiqaruvchi stansiyalar hisobiga to‘g‘ri kelar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 20 foizdan ham tushib ketdi. Sababi mamlakatlar shamol, quyosh va suvdan elektr energiya olishni boshladi.

2019-yildagi neft qazib olishdagi haftalik grafik 
Foto: energybulletin.org

Dunyodagi neftning 40 foizi transport vositalari uchun ishlatiladi. Lekin hozirda bu ko‘rsatkich 10 foizga pasaygan. Chunki elektromobillarni ishlab chiqarish kuchaymoqda. Bu 10 foiz juda katta ko‘rsatkich.

– Demak, tobora rivojlanib borayotgan yashil energiya neftning o‘rnini egallashi mumkin ekan-da?

– 2010-yilda Fransiya poytaxti Parijda xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda 2050-yilgacha har bir mamlakatga dastur belgilab berilgan. Bu kelishuv “Korbanat neytralligi” deb ataladi. Aslida neft atmosfera uchun juda iflos yoqilg‘i hisoblanadi. Masalan, mazutni yoqib elektr energiya olish ekologiyani ifloslantiradi. Shuning uchun mazutdan voz kechish kerak. Buning uchun yashil energetikani rivojlantirish zarur. Atom energetikasi ham aslida yashil energiya hisoblanadi. Chunki atom elektr stansiyasi yadro reaksiyasiga kirishish orqali energiya ishlab chiqaradi va atmosferaga faqat bug‘ chiqaradi.

“Korbanat neytralligi” kelishuviga ko‘ra, dunyo davlatlari 2050-yilgacha o‘zida yashil energetikani rivojlantirishi kerak. Shunda XXI asr oxirigacha sayyoraning 2 foizga isib ketishining oldi olinadi. Agar Yer 2 foizga isib ketsa, dunyo halokatga uchrashi mumkin.

– OPEK+ning sammiti 25-noyabrda bo‘lishi reja qilingan edi. Biroq sammit 30-noyabrga ko‘chirildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, sammit kunining ortga surilishiga mamlakatlarning o‘zaro kelisha olmagani sabab bo‘lgan. Nega OPEK davlatlari o‘zaro kelisha olmayapti va bunga nima sabab bo‘lmoqda?

– Bu ziddiyat emas, balki haqiqiy janjal! OPEK+ tashkiloti va uni kuzatuvchi 13 ta davlatlar dunyo neft eksportining deyarli yarmiga egalik qiladi. O‘zi dunyoda 3 ta eng yirik neft eksport qiluvchi davlat bor. Bular; AQSH, Saudiya Arabistoni va Rossiya. Bu davlatlardagi neftning hajmi dunyo neft eksportining 40 foiziga to‘g‘ri keladi.

OPEK+ neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuvga a’zo davlatlar yig‘ilishi
Foto: ee.baltnews.com

Biz yuqorida pandemiya davrida neft qazib olish keskin tushib ketganini aytib o‘tdik. 2022-yilda 8-9 oy davomida neft narxi 115-120 dollar bo‘ldi. Bundan neftni eksport qiluvchi davlatlar, ayniqsa, Rossiya mo‘maygina pul ishlab oldi. Nimaning hisobiga shunday bo‘ldi? Sababi pandemiya davridan keyin davlatlar neft qazib chiqarishni oshirmadi. Balki pandemiya davridagi neft qazib olish hajmini saqlab turdi. Bu jahon bozorida neft narxini oshirib yubordi.

2023-yilning mart va iyul oyida neft narxi tushib ketdi. Chunki 2023-yilning mart oyida Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, bozorda neft narxini pasaytirish uchun Saudiya Arabistoni neft qazib olishdagi qisqartirishni o‘z bo‘yniga olgandi. Shundan keyin Saudiya Arabistoni kunlik neft qazib olishni 1 million barrelga qisqartirgan edi. Bundan tashqari, iyul oyida ham Saudiya neft qazib chiqarishni 1,5 million barrelga kamaytirdi. Endi Saudiya Arabistoni 25-noyabrdagi yig‘ilishda qolgan OPEK+ aʼzolari ham qazib chiqarishni kamaytirishi kerakligini aytdi. Biroq OPEK+ aʼzolari bunga qarshi chiqdi. Ular neft qazib olishni 1 barrelga ham kamaytirmasligini taʼkidladi. Natijada 25-noyabrdagi OPEK+ ning yig‘ilishi 30-noyabr kuniga qoldirildi. 30-noyabr kuni ham bu majlis bo‘lmasligi mumkin. Sababi o‘rtadagi ziddiyat juda kuchli. Har tomon qattiq oyoq tirab turib olgan.

OPEK+ aʼzolari (masalan, Iroq, Eron, Qatar va BAA) neft qazib olishni kamaytira olmaydi. Boisi davlat budjeti shu hajmga moslashgan. Agar bu davlatlar neft qazib chiqarishni qisqartirsa, mamlakat budjetida defitsit yuzaga kelishi mumkin. OPEK+ ichidagi konfliktning asosi mana shunda!

 

Neft qazib olish bo'yicha dunyodagi eng yaxshi 10 ta davlat ro'yxati, 2020-yil
Foto: dinosaurse.com

– Agar OPEK+ davlatlari o‘zaro kelisha olmasa, buning natijasi qanday bo‘ladi?

– Saudiya Arabistoni pandemiya davrida bir marta yurish qilgan edi. O‘shanda Saudiya Rossiya bilan kelisha olmay, jahon bozoriga qo‘shimcha ravishda 2 million barrel neft tashlagandi. Agar Saudiya Arabistoni yana shunday yurish qilsa, hech kim neftning narxi qancha bo‘lishini ayta olmaydi. Ko‘p narsa Saudiyaning harakatiga bog‘liq bo‘lib turibdi.

– Agar neft narxi keskin pastlashda davom etsa, bu jahon iqtisodiyotiga qanday taʼsir ko‘rsatishi mumkin?

Aslida jahon iqtisodiyotining pasayishi, neft narxining pastlashiga sabab bo‘ladi. Bu yerda shunday bog‘liqlik mavjud. Agar jahon iqtisodi ildam qadamlar bilan o‘sishda davom etsa, neft narxi hech ham pasaymaydi. To‘g‘ri, yashil energiya asta-sekin rivojlanmoqda. Biroq uning o‘rni trend darajasiga chiqqani yo‘q. Hozircha neft iqtisodda asosiy xomashyo sifatida qolmoqda. Uning taqdiri elektromobil sanoatining rivojlanishi va mazutdan voz kechish masalasiga bog‘liq.

2022-yilda Xalqaro valyuta fondi (XVF) 2023-yilda jahon iqtisodiyoti 3,5 foizga o‘sishini bashorat qilgan edi. Lekin bu prognoz o‘zini oqlamadi. Hozir maʼlum bo‘lishicha, 2023-yilda dunyo iqtisodi 3 foizga o‘sgan. Bu narsa neft narxining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Foto: america.cgtn.com

– Xalqaro valyuta fondi 2023-yilda Xitoy iqtisodi 7,4 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi. Ammo hozirda Xitoy iqtisodining o‘sish ko‘rsatkichlari endigina 5 foizdan oshganini ko‘rsatmoqda. Nega Xitoy iqtisodining o‘sish suratlari yildan yilga pasayib bormoqda?

– Xitoy iqtisodi neftga bevosita bog‘liq. Bugungi kunda Xitoy neft isteʼmol qilish bo‘yicha AQSH bilan tenglashdi. AQSH va Xitoydagi iqtisodiy ahvol neftning narxini bevosita belgilab beradi, desak ham bo‘ladi. Chunki bu davlatlar dunyo iqtisodiyotining ustuni hisoblanadi. Haqiqatan ham, Xalqaro valyuta fondi 2023-yilda Xitoy iqtisodi 7,4 foizga o‘sishini bashorat qilgan edi. Lekin oxirgi 2-3 yilda Xitoy iqtisodi misli ko‘rilmagan pasayishni qayd etmoqda. Xitoy iqtisodi YIM o‘sish bo‘yicha 43 yillik tarix davomida 3 foizga tushib qolmagan edi. Bu hech qanday urushsiz va tabiiy ofatsiz sodir bo‘ldi. Albatta, bu neft narxiga ham taʼsir ko‘rsatmasdan qolmadi.

– Nima uchun Xitoy iqtisodi bu tarzda pasayib bormoqda?

– Bu juda katta mavzu. Agar shu mavzuda boshqa suhbat tashkil qilsangiz, bemalol tushuntirib berishim mumkin.

– Dunyoda neft narxining pasayishi Rossiya, AQSH va Xitoy iqtisodiga qanchalik taʼsir qiladi?

– Dunyoda eng ko‘p neft ishlab chiqaruvchi davlat bu AQSH hisoblanadi. 2022-yilda AQSH 1 kunda 16,6 million barrel neft ishlab chiqargan. Ikkinchi o‘rinda Saudiya Arabistoni. U 2022-yil hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 kunda 11 million barrel neft ishlab chiqargan. Uchinchi o‘rinda Rossiya Federatsiyasi.

Amerika bu ko‘rsatkichga so‘nggi 10 yil ichida erishdi. 2009-yilda AQSH neft ishlab chiqarish bo‘yicha 8-o‘rinni egallar edi. Hozir Qo‘shma Shtatlarning kompaniyalari Kanada bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Foto: ©Shutterstock/Fotodom

Endi Rossiya iqtisodiga to‘xtalib o‘tsak. Bugungi kunda G‘arb tomonidan Rossiyaning neft va neft mahsulotlariga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan. 2022-yilning fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. O‘sha yili jahon bozorida neft qimmat bo‘ldi. G‘arbning sanksiyalari esa 2023-yil 10-fevral kunidan boshlab kuchga kira boshladi. Bu yil-chi? 2023-yilning 5 oyi davomida G‘arb kiritgan sanksiyalar ish berdi. Lekin keyinchalik Rossiya sanksiyalarni aylanib o‘ta boshladi. Rossiya savdo operatsiyalarini sug‘urta qiluvchi kompaniyalarni o‘zgartirdi. Ular asosan Hindiston va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan foydalandi. Hozir G‘arb shu sanksiyalarni Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida joylashgan sug‘urta kompaniyalariga joriy qilmoqchi. Albatta, bu Rossiya uchun katta zarba!

XIX asrda davlatlar ko‘mir uchun jang qilgan edi. Chunki o‘sha vaqtda ko‘mir asosiy energiya manbasi bo‘lgan. Masalan, Germaniya va Fransiya uzoq muddat ko‘mirga boy Elzas va Lotaringiya viloyatlarini talashib, o‘zaro urushlar qilgan. Hozir esa ko‘mir asosiy yoqilg‘i manbasi emas. Uning o‘rnini neft egalladi. Vaqt o‘tib neftning ham o‘rnini unga muqobil bo‘lgan energiya manbasi egallaydi.

Sardor Ali suhbatlashdi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »