Filmdagi roli uchun maxsus ko‘nikmalarni egallagan aktyorlar
Har bitta rolni maromiga yetkazib ijro etish uchun aktyordan katta mahorat talab qilinadi. Baʼzida esa mahorat ning o‘zi kamlik qiladi, chunki qo‘shimchasiga maxsus ko‘nikmalarni ham egallashga to‘g‘ri keladi. Quyida filmdagi roli uchun maxsus ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan aktyorlar haqida hikoya qilamiz.
Killian Merfi — “Oppengeymer”
Baʼzida aktyorlarga boshqa millat vakili rolini o‘ynashda yangi tilni o‘rganish yoki maʼlum iboralarni yodlashga to‘g‘ri keladi. “Oppengeymer” filmi qahramoni Killian Merfi film boshida ravon golland tilida maʼruza qiladi, garchi u filmni suratga olishdan oldin bu til haqida hech narsa bilmagan edi. Robert Oppengeymerning eski maʼruzalari yo‘qolgani sababli prodyuserlik guruhi kvant mexanikasi bo‘yicha yangi maʼruzalarni olib, ularni golland tiliga tarjima qilgan. Killian ushbu matnni kelib chiqishi gollandiyalik operator Kristofer Nolandan ona tilida o‘qib berishini so‘ragan. Matn minglab so‘zlardan iborat bo‘lishiga qaramay, u matnni yaxshi eslab qolgan. U maʼruzani hali ham so‘zma-so‘z eslaydi.
Keyt Uinslet — “Avatar: Suv yo‘li”
Keyt Uinslet va Jeyms Kemeron “Avatar”ning ikkinchi qismida birinchi marta suv bilan bog‘liq sahnada ishlagani yo‘q. Ular bir necha yillar oldin “Titanik” filmida ham birga ijod qilgan. Unda Keyt muzli suvda soatlab qolishga majbur bo‘lgan. Uinslet ham boshqa suratga olish guruhi aʼzolari kabi og‘ir kasal bo‘lib qolgan. Shunga qaramay, barcha kadrlar suvda bajarilishi kerak bo‘lgan keyingi jarayonlar Keytni qo‘rqitmadi, balki unga turtki berdi. Aktrisa suv ostida o‘zini ishonchli his qilish uchun suzish bilan shug‘ullangan, shuningdek, Gollivud aktyorlari orasida suvda nafasni ushlab turish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Uzoq vaqt davomida rekord Tom Kruzga tegishli bo‘lib, u “Uddalab bo‘lmas topshiriq” seriali qismlarining biridagi sahna uchun bir necha daqiqa nafasini ushlab turgan. Keyt undan o‘zib ketdi va suvda nafasini 7 daqiqa-yu 15 soniya ushlab turdi. Qizig‘i shundaki, bu undan talab ham qilinmagan. Shunchaki u rekordni yangilashga qaror qilgan.
Jenna Ortega — “Uenzdey”
Jenna Ortega yosh aktrisa bo‘lishiga qaramasdan, har bitta rolga katta masʼuliyat bilan yondashish kerakligini allaqachon tushungan. 21 yoshida “Uenzdey” serialida bosh rolni o‘ynab, katta cho‘qqini zabt etdi. Film uchun u violonchel chalishni o‘rgangan. Musiqa asbobini chalish u uchun yangilik emas, lekin ikki oylik mashaqqatli mehnat evaziga u violonchelda barcha sahnalarni dublyorlarning yordamisiz va qo‘shimcha ovozsiz mukammal ijro etishga muvaffaq bo‘lgan.
Jennifer Lourens — “Qizil chittak”
“Qizil chittak” kim uchun suratga olingani hali ham maʼlum emas. Jamoatchilik filmga hech qanday qiziqish yo‘qligini bildirdi. Lekin Lourens muvaffaqiyatsiz bo‘lishi aniq bo‘lgan kartinaga katta g‘ayrat bilan tayyorgarlik ko‘rgan. Jennifer dublyorlar va kaskadyorlarga ish qoldirmaslik uchun bir necha hafta davomida kuniga uch soat, haftada olti marta balet bilan shug‘ullangan.
Margo Robbi — “Tonya barchaga qarshi”
Margo Robbi o‘zining Gollivuddagi faoliyatini “Qasoskor” filmi bilan boshlagan. Shundan so‘ng u “Kelajakdan kelgan do‘stim” va “Uoll-strit bo‘risi” kabi mashhur filmlarda suratga tushdi va katta shuhrat qozondi. Keyingi bir necha yillarda Margo unga berilgan rollarga munosib ekanligini yana bir necha bor barchaga isbotladi. “Tonya barchaga qarshi” filmidagi roli uchun Margo 19 ta nominatsiyaga daʼvogarlik qilgan. Shulardan to‘rttasida g‘oliblikka erishdi va, ajablanarlisi, barchasi “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasi bo‘yicha. Margoning nufuzli mukofotlardagi g‘alabalar emas, balki uning rollarga qanday tayyorgarlik ko‘rishi qolganlardan ajralib turishini ko‘rsatadi. Maʼlum bo‘lishicha, Robbi 5 oy davomida figurali uchishni o‘rgangan va hatto figurali uchish bilan professional shug‘ullanadiganlar qila olmaydigan uchlik akselini takrorlashga ham harakat qilgan.
Kianu Rivz — “To‘lqin cho‘qqisi”
“To‘lqin cho‘qqisi” filmi Kianu Rivzning faoliyati davomidagi eng mashhur filmlardan biri hisoblanadi. Suratga olish paytida u syorfingni o‘zlashtirishga harakat qilgan, lekin natija kutilganidek yaxshi bo‘lmagan. Kianuga biroz tajriba orttirish kerak bo‘lgan. Filmda u Federal tergov byurosining yashirin agenti rolini o‘ynagan. Kerakli natijaga erishguncha u ko‘p mehnat qilishiga to‘g‘ri kelgan.