Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan sodir etilayotgan dahshatli jinoyatlar tufayli Netanyaxuni xalqaro tribunalga tortish haqidagi chaqiriqlar tobora balandroq yangramoqda. Boshqa tomondan, Isroilning o‘zida ham bir necha yildan buyon Netanyaxu ustidan sud jarayonlari davom etyapti.

Daryo ushbu mavzuda siyosatshunos Abduvali Soyibnazarov bilan suhbatlashdi.

  • Avvalo oydinlik kiritib o‘tsak, Netanyaxuni G‘azo sektoridagi qirg‘inbarot uchun xalqaro sudga topshirish masalasi ko‘tarilgan, bu haqda Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on bir necha bor chiqish qildi. Bu suhbatimizning birinchi mavzusi, ikkinchisi esa – Netanyaxuga nisbatan Isroilning o‘zida qo‘zg‘atilgan sud ishi. Shu ikkisi haqida qisqacha tushuncha berib o‘tsangiz, keyin har biriga alohida to‘xtalamiz.

Turkiya prezidenti Isroil bosh vazirini sudga tortish lozimligi va buning uchun turkiyalik advokatlar ish boshlagani haqida bayonot berdi. Tabiiyki, Yaqin Sharqdagi eng rivojlangan davlat sifatida Isroil hech qachon o‘z fuqarosini xalqaro sudga topshirmaydi, bunga mamlakatning ichki qonunlari ham yo‘l qo‘ymaydi – garchi u insoniyatga nisbatan og‘ir jinoyatlar sodir etgan bo‘lsa ham. Shuning uchun Turkiya prezidentining so‘zlarini balandparvoz bayonot deyish mumkin, chunki bu Turkiyaning ham, AQSHning ham qo‘lidan keladigan ish emas.

Turkiya Isroilga taʼsir ko‘rsatadigan iqtisodiy choralar qo‘llamayapti, qaytaga Ozarbayjon neftini yetkazib bermoqda. O‘sha neftdan Falastinni bombardimon qilishda foydalanilmoqda, Isroil armiyasi uni o‘z samolyotlari, tanklari uchun yonilg‘i sifatida ishlatadi. 75 yildan beri Islom olami Isroilga qarshi hech qanday jiddiy choralar ko‘rmayapti, faqatgina uni qoralash bilan cheklanib kelmoqda.

Savolning ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, Isroilning o‘zida Netanyaxu korrupsiyada, poraxo‘rlikda, firibgarlikda, xizmat lavozimini suiisteʼmol qilishda ayblanmoqda. 2015-yildan buyon uni sudga tortish harakatlari davom etib kelyapti, lekin Netanyaxu doim suvdan quruq chiqyapti. U hukumat rahbarining daxlsizligidan foydalanyapti, turli “o‘yin”lar ko‘rsatyapti – shu maʼnoda Turkiya prezidentining gapida jon bor – Netanyaxu sudni ortga surish maqsadida G‘azodagi harbiy harakatlarni qalqon qilmoqda. 2022-yilda ham suddan qochib qolgan edi – o‘shanda u Isroil sud tizimini isloh qilish taklifi bilan chiqib, Oliy sud sudyalarini hukumat tayinlashi kerak degan fikrlarni bildirgan. Biroq aholining juda katta qismi bunga qarshi chiqdi. Bu demokratiyani bo‘g‘ishga qaratilgan xatti-harakat deya baholandi. Hattoki mamlakat Mudofaa vaziri bu “islohot”ga norozilik sifatida isteʼfo bergan edi.

  • Netanyaxuni Xalqaro sudga tortish masalasini kim hal qil oladi? AQSHmi? AQSHning o‘zi uning tarafdori. Xitoy va Rossiya talab qilishi mumkinmi?

Ular talab qilishi mumkin, lekin bu ishni amalga oshiradigan baribir Isroilning o‘zi. Isroil qonunlari esa bunga yo‘l qo‘ymaydi. Misol uchun, Yugoslaviya parchalangach, Slobodan Miloshevichni xalqaro sudga topshirish masalasi ko‘tarilgan edi. Xalqaro hamjamiyat buni qanchalik talab qilmasin, Serbiya rahbariyati avvaliga bunga rozilik bermadi.

Keyinchalik Serbiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagini bildirganda Yevroittifoq buning sharti sifatida Miloshevichni, Radko Mladichni va boshqa qidiruvdagi shaxslarni Gaaga sudiga topshirish lozimligini aytdi. Oxir-oqibat Serbiya rahbariyati ularni Xalqaro sudga topshirdi. Bordiyu Isroil hukumati tomonidan shu kabi xohish-iroda ko‘rsatilsa, albatta Netanyaxuni Xalqaro sudga topshirish mumkin bo‘ladi.

  • Ehtimol, Isroilda ham shunday xohish paydo bo‘lar, qaysi maʼnodaki, Isroil tashkil topgandan beri bir kun ham tinch yashagani yo‘q. Askarlari, fuqarolari o‘ldirilmoqda. Isroil bu vaziyatga chek qo‘yib qo‘shni arab davlatlari bilan tinch-totuv hayot kechirishni istasa kerak?.. Va mana shu istak yo‘lida serblar Miloshevichni topshirganiday, yahudiylar ham Netanyaxuni topshirishlari mumkinmi yoki bu ehtimoldan uzoqmi?

Ehimoldan uzoq deb o‘ylayman. Birinchidan, Isroil hech qachon Yevropa Ittifoqiga aʼzo bo‘lish istagini bildirmagan, ikkinchidan Yevropada antisemitizm juda kuchli, ular Isroilni o‘z safiga qabul qilishga ko‘zi uchib turgani ham yo‘q. Qolaversa, Netanyaxu garchi suddan qochishga harakat qilayotgan bo‘lsa ham, falastinliklarga nisbatan shafqatsizligi bilan tanilgan bo‘lsa ham, Isroilda uni juda hurmat qilishadi. Bir vaqtlar Rossiya Bosh vaziri bo‘lib ishlagan Yevgeniy Primakov Netanyaxuni nihoyatda millatparast, o‘ta millatchi sifatida taʼriflagan edi.

Yahudiylarning o‘zi esa uni arablarga nisbatan keskin pozitsiyasi hamda Isroil davlatining hududlarini kengaytirishga qaratilgan siyosati uchun hurmat qiladi. Shuning uchun ham u 1999-yildan beri, bir oz uzilishlar bilan bo‘lsa-da, hokimiyat tepasida turibdi. U o‘z bayonotlarida “biz 12 000 km² dagi davlat bo‘lib qolishni xohlamaymiz, shuning uchun Falastinga mustaqil davlat maqomini bermaymiz” degan. Bugun Isroil hududi 22 000 km². Agar Falastinni tan oladigan bo‘lsa, hududining 40 foizga yaqinini topshirishi kerak bo‘ladi. Chunki Falastin ham sharqiy Quddusda, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida va G‘azo sektorida o‘z mustaqil davlatini barpo etishni istaydi.

Afsuski, endi Sharqiy Quddus ham qo‘ldan boy berildi, aynan Netanyaxu Quddusni Isroilning ajralmas, bo‘linmas va abadiy poytaxti deb eʼlon qilgan edi. Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida yahudiylar uchun manzilgohlar qurish siyosatini olib bordi va bugungi kunda 700 mingga yaqin yahudiylar u yerda o‘rnashgan, chunki bu yerlar juda sersuv, serhosil yerlar. Mana hozir yahudiylar G‘azo sektoridan ham tub aholini siqib chiqaryapti va ularni Misrga ko‘chirib yuborib, G‘azoga o‘zlari o‘rnashib olmoqchi ekanlarini ham yashirmayapti.

  • Demak, suhbatning birinchi qismiga yakun yasaydigan bo‘lsak, Netanyaxuni Xalqaro sudga topshirish haqidagi gap-so‘zlar befoyda, bu ehtimoldan uzoq. Keling, endi, Netanyaxu ustidan Isroilning o‘zida ochilgan sud ishiga to‘xtalsak. Yahudiylar o‘z bosh vazirini nimalarda ayblayapti va u aybdor deb topiladigan bo‘lsa, qanday jazo kutyapti?  

Hukumat tepasida bo‘lgan paytida, mansabini suiisteʼmol qilib ayrim yirik kompaniyalardan qurilish ishlariga ruxsat berish uchun pora olganlikda, vazirlik lavozimlarini o‘z yaqinlariga berganlikda, shuningdek, firibgarlikda ayblanyapti. Bu ayblovlar OAVlari tomonidan tekshirilgan va o‘z isbotini topgan. Biroq u hozir urush sharoitidamiz, sud tinglovlarida qatnashishga vaqtimiz yo‘q degan vajlar bilan sudda qatnashmayapti. Erdo‘g‘onning u suddan qochish uchun urush boshladi degan so‘zlariga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, Netanyaxuning urushni boshlashiga qasos tuyg‘usi ham sabab bo‘lgan. 1970-yillar arafasida bir guruh arablar Isroil fuqarolarini garovga olishadi. Ana o‘sha garovdagilarni ozod qilish chog‘ida Netanyaxuning akasi halok bo‘ladi. O‘z quroldoshlari, yaʼni yahudiy askarlari tomonidan otilgan daydi o‘qdan o‘ladi. Shundan beri u falastinliklardan qasos olish o‘tida yonyapti.

Bunday shafqatsizlik oxir-oqibat uning hukumatini o‘ta ayanchli ahvolga solishi mumkin, chunki harbiy harakatlar natijasida Isroil har kuni milliardlab dollar zarar ko‘ryapti. Shu kungacha Isroilning 200 dan ortiq tanklari yonib bitdi, yuzlab askarlari halok bo‘ldi, pul birligi – shekel 15-20 foiz qadrini yo‘qotdi. 400 mingdan ziyod Isroil fuqarolari mobilizatsiyadan qochib, mamlakatni tark etdi. Bundan tashqari, Isroilning tashqi dunyo bilan aloqalari susaydi, bu uning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga salbiy taʼsir ko‘rsatdi. Maʼnaviy zararini oladigan bo‘lsak, Yevropa va dunyo shaharlarida Isroilga qarshi norozilik namoyishlari kuchayib boryapti, yahudiylarga nafrat ortib ketdi, ularni do‘pposlash holatlari yuz bermoqda, sinagogalarga haqoratli so‘zlar yozib ketish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu oxir-oqibat, Netanyaxuning “Likud” partiyasi obro‘si tushib ketishiga olib kelishi mumkin... Mening nazarimda, 7-oktyabrda boshlangan zo‘rvonliklar va buning ortidan kelib chiqqan shafqatsizliklar pirovardida Falastin davlatining tashkil topishiga olib kelishi mumkin. Ehtimol, 2024-yilda bu yo‘nalishda muzokaralar boshlanar. Bundan boshqa chora qolgani yo‘q. Mana, ikki oydan oshdi Isroil harbiy harakatlarni boshlaganiga, lekin biron-bir natijaga erishilgani yo‘q.

  • Urush harakatlari tugagandan keyin sud jarayonlari davom etadi deb o‘ylaysizmi?

Shunday ehtimol yo‘q emas, lekin Netanyaxu baribir suddan qochish choralarini ko‘radi. U Britaniya yoki AQSHga chiqib ketishi ehtimolga yaqin. Hozir u 74 yoshga kirdi, balki amnistiyaga tushirishlari ham mumkin. Har holda, u Isroil manfaatlari uchun jon kuydiryapti. Agar AQSHdagi saylovlarda Tramp g‘olib bo‘lsa, u ham Netanyaxuni qo‘llashi mumkin.

  • Vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda AQSH Isroildan urush harakatlarini tezroq yakunlashni talab qilyapti, degan mazmunda xabarlar paydo bo‘lib qoladi, kuni kecha go‘yoki Amerika yangi yilgacha urushni tugatish masalasini qo‘ygani haqida maʼlumotlar eʼlon qilindi. AQSHning bunday pozitsiyasi 2024-yil noyabr oyiga mo‘ljallangan navbatdagi prezidentlik saylovlari bilan bog‘liqligi aytilyapti. Yaʼni urush davom etadigan bo‘lsa, Baydenga ovoz beruvchilar undan yuz o‘girishi va boshqa nomzodni tanlashlari mumkin, ehtimol shuning oldini olish uchun ham Bayden maʼmuriyati shoshayotgandir. Bordiyu Isroil AQSHning talabini bajarib, yangi yilgacha urush harakatlarini to‘xtatsa, bu Isroil jamiyatining o‘zida norozilikni keltirib chiqaradi, chunki yangi yilgacha to‘liq g‘alabaga erishilmaydi, HAMAS butkul yo‘q qilinmaydi, yuzlab askarlari o‘ldi, ana shunday vaziyatda Netanyaxu ustidan sud jarayoni yana davom ettirilishi ehtimoli qanchalik kuchli?

AQSH urushni butkul to‘xtatishni emas, fuqarolar o‘rtasidagi qurbonlarni kamaytirishni so‘ryapti, kuni kecha BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida ham AQSH harbiy harakatlarni to‘xtatishga qarshi ekanini bildirdi. Yaʼni urush butukul to‘xtatilsa, HAMAS biz g‘alaba qildik, degan daʼvo bilan chiqadi, bu uning obro‘si ortishiga olib keladi. Shu sababdan harbiy harakatlar nihoyasiga yetkazilishi lozim degan fikrni bildirdi. Ikkinchi tomondan, AQSH Kongressi urush yakunlanishi tarafdori, sababi Falastindagi va Ukrainadagi urush AQSH soliq to‘lovchilari hisobidan bo‘lyapti.

AQSH bu ikki front uchun qurol ishlab chiqarishga majbur bo‘lmoqda. Shu sabab ham Zelenskiydan muzokaralarni boshlashga qaratilgan bosimlar kuchaymoqda. Sud esa siyosiy masala. Bu masalada Isroil jamiyatida bo‘linish bor. Yo uni mamlakatdan chiqarib yuborishadi yoki yoshini inobatga olib amnistiyaga tushirishlari mumkin.

  • Nimayam derdik, katta kuch-qudratga va AQSHdek suyanchiqqa ega jinoyatchi bu dunyodagi sudlarga chap berishi mumkindir, lekin oliy dargohdagi savol-javobdan qutulolmasligi aniq. Savollarimizga javob berganingiz uchun minnatdorlik bildiraman, xush kelibsiz.      

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »