Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Yangi davr” mahallasining Farg‘ona yo‘lidagi 3-tor ko‘chada yashovchi aholi ko‘chaning avtomobillar uchun asosiy qatnov yo‘liga aylanganidan bezovtaligini aytsa, shu mahallada tadbirkorlik qilayotgan fuqarolar ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport qilish uchun yuk avtomobillari orqali mahalladan olib chiqishda muammolarga duch kelayotganini bildirdi. “Daryo” jurnalisti mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu mahallada bo‘ldi. 

Ko‘chamizdan 24 soat mashina o‘tib-qaytadi. Lekin bu ko‘chani yopish haqida hokim qarori ham bor. Shunga qaramasdan hech kim ko‘chaga kirishni taqiqlovchi belgiga e’tibor bermaydi. Bolalarimiz ko‘chaga chiqolmaydi, yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi yo‘q. Judayam tor bo‘lganligi sababli mashinalar kelib qolganda o‘zini ehtiyot qilish uchun to‘xtab turish kerak bo‘ladi. Ya’ni ko‘chamiz bir vaqtning o‘zida ham avtomobillar harakati, ham piyodalar yurishiga javob bermaydi. Shu bois ko‘chamiz umuman yopilib, mashinalar qatnovi to‘xtashini istaymiz, — deydi aholi vakillari. 
Erkin Abdurahmonov.
Foto: “Daryo”

3-tor ko‘chada yashovchi aholining bildirishicha, ular shaxsiy mashinalarini ko‘chada qoldirishga ham qo‘rqadi. Sababi shu yo‘ldan harakatlanuvchi avtomobillar tomonidan zarar yetkaziladi. 

Ko‘chada o‘zimizning mashinamizni qoldirolmaymiz — turtib, pachoq qilib ketishadi. Bolalarimiz necha marotaba jarohatlandi, oyog‘i singanlari bor. Uyimiz darvozasidan ko‘chaga chiqishning imkoni yo‘q. Ko‘chamizdan kanalizatsiya tarmog‘i o‘tgan. Yuk avtomobillari yursa, zarar yetadi va yana xarajat. O‘zimizning kuchimiz bilan ko‘chamiz boshiga ark qurdik. Hokimiyat buzib, yana yo‘l ochib berdi. Qayta qilib beramiz deyishgandi, qilib berishmadi. Yana o‘zimiz yonimizdan xarajat qilib, yo‘lning har ikki tomonini ham yopib qo‘ydik. Shunga qaramasdan ko‘chamizdan o‘tib-qaytuvchi mashinalar ko‘p. Harakat to‘xtamayapti, — deydi shu ko‘chada yashovchi Erkin Abdurahmonov.

Aholining aytishicha, ko‘chada avtomobillar harakati 24 soat davom etgani bois odamlarning kechki payt dam olishiga ham xalal beradi. 

Foto: “Daryo”
Kechasi uxlab ham bo‘lmayapti. Har qanday inson shuni o‘zida his qilib ko‘rsa, bu yerdagilarga qanchalik qiyin ekanini tushunib yetardi, — deydi u. 

Odamlarning qo‘shimcha qilishicha, yengil va yuk avtomobillari harakati uchun mo‘ljallangan asosiy ko‘cha bor. Biroq u aholiga noma’lum sabablarga ko‘ra yopilgan. 

Aholi vakillaridan Ra’no Abdullayevaning aytishicha, hokim to‘rt kunga ochiq turadi deyilib, buzib tashlangan ark olti oy davomida ochiq qolgan

Ra’no Abdullayeva.
Foto: “Daryo”

Ko‘chamizdan o‘tuvchi yuk avtomobillari gaz trubalarini urib, sindirib ketishdi. Toklarni uzib ketishdi, asfaltni yorib tashlashmoqda. Ko‘chamizning har ikki boshida, kirish joylarida ushbu ko‘chaga yuk mashinalarining kirishini taqiqlovchi belgilar bor. Lekin hech kim e’tibor bermaydi. “Nega bunaqa qilyapsizlar desak, belgini sotib olib, o‘zlaring qo‘yib olgansizlar”, deb, bizni haqorat ham qilishmoqda. Hech kim bizni o‘ylamayapti, tinchlik yo‘q — chang, axlatxonada yashayapmiz, — deydi Ra’no opa. 

Aholining qo‘shimcha qilishicha, tuman hokimi ularga bergan va’dasini bajarmagan. 

Foto: “Daryo”

Shu mahallada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyekti vakillarining “Daryo”ga bildirishicha, ular ishlab chiqargan mahsulotlarini xorijga eksport qilish uchun yuklarni mahalladan olib chiqishda muammolarga duch kelmoqda.

Bugungi kunda shunaqa holat bor — yuk avtomobillarimiz bu ko‘chadan kirib-chiqishda muammoga uchramoqda. Mahsulot olib kelish va olib ketishda mojaroga duch kelyapmiz. 2023-yilning 16-avgust kuni tuman hokimi bilan uchrashib, yo‘l ochib berish va’dasini olgandik. 2023-yilning 3-sentyabr kuni bizga yo‘l ochib berilishi lozim edi. Biroq bugungi kunga kelib ham yo‘l ochilmagan. Biz shu ko‘chada yashovchi aholini ham yaxshi tushunib turibmiz. Shu sabab ham tuman hokimi bilan gaplashib, bizga, ishlab chiqaruvchi korxonaga alohida yo‘l ochib berilishini so‘ragan edik. Lekin muammo hamon hal etilmayapti, — deydi “Arhat inks” ishlab chiqarish korxonasi mas’uli Odil Ro‘zmetov.
Odil Ro‘zmetov.
Foto: “Daryo”

Korxona vakilining bildirishicha, tuman hokimi muammoni yechish uchun boshqa bir korxonaga tegishli yerdan yo‘l ochib berilishini, ammo yo‘l ochish xarajatlari korxona zimmasiga yuklatilishini aytib, quruvchi tavsiya qilgan. Hokim tavsiyasiga ko‘ra, korxona tomonidan quruvchi bilan 500 million so‘mlik shartnoma tuzilib, 410 million so‘mi to‘lab berilgan. 

Hokim tomonidan va’da berilgach, barcha muammolar — o‘sha korxona vakillari bilan gaplashib, aholi bilan maslahatlashib, bizga yo‘l ochib berilishi kerak edi. Biz shu yo‘lga muhtojmiz. Mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishimiz kerak. Hokimni o‘sha 16-avgustda ko‘rganimiz, shundan beri hokim bilan uchrasha olmayapmiz, — deydi vakil. 

Yashnobod tumani hokimligi axborot xizmati aholining tuman hokimi va’daboz ekanini aytgan gaplari, shuningdek, “Daryo”ning tadbirkorni qiynayotgan yo‘l masalasidagi barcha savollarini ochiq qoldirdi. Shunchaki “Hokimlik pul olmagan ekan”, degan ikki og‘iz gap bilan cheklanishni lozim topdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »