Hindistondan Toshkentga uchgan samolyot Afg‘onistonda qulab tushdi (video)
Hindistonning Gaya shahridan Toshkentga uchgan Falcon-10 samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda “Tolibon” harakatiga tayanib, Hasht-e Subh Daily xabar berdi. Ma’lumotni “Rosaviatsiya” tasdiqladi.
Samolyot radardan g‘oyib bo‘lganini dastlab “Novosti Tashkentskogo neba” kanali yozdi. Unda “GazPromAvia”ga tegishli biznes-jet Gaya—Toshkent—Moskva yo‘nalishida uchayotgan bo‘lgani aytilgan. Samolyot soat 19:30 da Tojikistonning Ko‘lob aeroportiga yaqinlashganda radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
“Ekipaj soat 19:05 da favqulodda yonilg‘i qolgani va Ko‘lob aerodromiga qo‘nishga qaror qilingani haqida xabar bergan. Keyinchalik bitta, keyin esa ikkinchi dvigatel ishdan chiqqan. Samolyot bortida 8 kishi — 4 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.
“Rosaviatsiya”ga ko‘ra, 20-yanvar kuni kechqurun Afg‘oniston havo hududida Rossiya fuqarolik samolyotlari davlat reyestrida ro‘yxatga olingan Falcon 10 samolyoti radardan g‘oyib bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra: samolyot bortida 6 kishi — to‘rt ekipaj a’zosi va ikki yo‘lovchi bo‘lgan.
Falcon 10 (ro‘yxatga olish raqami RA-09011; seriya raqami 128) 1978-yilda Fransiyaning Dassault Aviation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Samolyot Athletic Group MChJ va xususiy shaxsga tegishli.
Samolyot Gaya (Hindiston) – Toshkent (O‘zbekiston) – Jukovskiy (Rossiya) yo‘nalishi bo‘yicha charter reysni amalga oshirgan. Hozirda samolyotni qidirish ishlari ketmoqda.
“Tolibon” Axborot vazirligi matbuot xizmati rahbari Abdul-Vohid Rayanga ko‘ra, bortda yetti nafar rossiyalik bo‘lgan.