Bugun,

  • USD12800.13
  • RUB129.02
  • EUR13467.02

Rejissor va aktyorlarni bir filmi bilan eslab qolishga odatlanganmiz. Chunki ko‘p hollarda ijodkorlarning tashrif qog‘oziga aylangan bir-ikki filmi bo‘ladi, xolos. Ammo bu fikr rejissor Zulfiqor Musoqovga tegishli emas. Chunki u suratga olgan filmlarning mashhurligi bir-biridan qolishmaydi va deyarli hammasi o‘z tomoshabinini topishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: “Daryo”

“Xudoga shukr, birovdan bir so‘m qarzim yo‘q. Ichmayman. Umrini bekorga yashagan inson ham emasman. Shunchaki, mazmunli yashab o‘tgan hayotimda esda qolarli, sarguzashtlarga boy, yorqin xotiralarim ko‘p. Albatta, ularning aksariyati, balki barchasi, kino bilan, unda o‘tgan hayotim bilan bog‘liq”, — deya o‘ziga taʼrif bergan rejissor Zulfiqor Musoqov bu yil 66 yoshni qarshiladi. Xo‘sh, u qanday qilib, kino olamiga kirib keldi?

“Hamon bolalik xotiralari bilan yashayman”

Foto: Skrin

— Asli Olmaliqda dunyoga kelganman, ammo dadamning ishi Toshkentda bo‘lgani uchun ikki oylik chaqaloqligimda ko‘chib kelganmiz. Ikki qavatli eski, JEKning hisobida turadigan uyda yashardik. Ukam va singlim tug‘ilganidan keyin to‘rt yoshimda onam meni qo‘shni rus ayoliga bergan. Enagam nihoyatda aqlli ayol edi, to‘rt yoshimda xat savodimni chiqargani va katta rus ensiklopediyasini o‘qib bergani yodimda. Dadam rahmatli meʼmor edi, ancha yillar rahbar lavozimida ham ishlagan. Ukam uning kasbini tanlab arxitektor bo‘ldi, singlim esa pedagog.

Taʼtil bo‘ldi deguncha Olmaliqqa enamning hovlisiga ketardim. Kinolarimda qo‘llaydigan sodda va samimiy obrazlarimning bari bolalik xotiralarim bilan bog‘liq. Enamni onamdan ham ko‘proq yaxshi ko‘rardim. Baʼzan onam bundan ranjigandek bo‘lardi. “Ikkita onaning sutini emgansan-da”, derdi. Haqiqatan ham onam ikkita bo‘lgan, yaʼni onam suti kamligi uchun menga Marsiya yangam ko‘krak tutgan ekan, — deydi Zulfiqor Musoqov.

“Hujjatdagi ismimni 9-sinfda bilganman”

Foto: Skrin

— Olmaliqlik insonlar juda irimchi bo‘ladi. Ota-onam Zulfiqor deb ism qo‘ygan, ammo bu ism og‘ir deb Jamol bo‘lsin degan. Sababini bilmayman-u, ammo enam va onamning munosabatlari u qadar yaxshi emasdi. Esimni taniganimdan boshlab ismimni Jamol deb bilganman. Ammo maktabni tamomlash arafasida hujjatdagi ismim Zulfiqor ekanligini bilganman. Ukamning ham ismi ikkita Turg‘un va O‘tkir, — deydi rejissor.

“Hayotimdagi eng dahshatli voqea”

Foto: “Daryo”

— 1966-yili Toshkentda dahshatli zilzila sodir bo‘lganida 8 yoshda edim. O‘shanda hamma atom bomba portladi, deb bilgan. Ertalab tonggi beshda uyning qattiq tebranishidan uyg‘onib ketganmiz. U dahshatni so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydi. Hozir ham zilzila haqida eshitsam o‘sha kungi voqealar ko‘z oldimga keladi, — deydi Zulfiqor Musoqov.

“Men kinoga oshiq bo‘lganman”

Foto: Zulfiqor Musoqov arxividan

— Maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq kino sanʼatiga astoydil qiziqib, unga “oshiq” bo‘lganman. Men Toshkentning eski shahar qismida, “Qorasaroy” mahallasida katta bo‘lganman. Maktabimiz esa “Qumloq” mahallasida edi. Bir kuni “Chuvalachi” mahallasining yonidagi ko‘chada kino olishayotganini ko‘rib qoldim. Assistent, yaʼni rejissor yordamchisi yonimga kelib: “Bolakay, kinoda suratga tushishni xohlaysanmi?”, — deb so‘radi.

Egnimga eski fufayka kiydirishdi va men kameradan 150 metr masofada yugurib o‘tdim. Keyin bir hafta o‘sha filmning suratga olish jarayoniga qatnab yurdim. Ana shu voqeadan so‘ng menda kinoga qiziqish paydo bo‘ldi. Yillar o‘tib, bu Aleksey Germanning “Urushsiz yigirma kun” nomli buyuk kartinasi ekanini bildim. Mehnat qilib topgan birinchi pulim esa 6 rubl bo‘lgan, — deydi rejissor.

“Sendan aktyor chiqmaydi”

Foto: Zulfiqor Musoqov arxividan

— Maktabni tamomlab, sanʼat institutiga hujjat topshirganman. Ammo o‘zbek tilini yaxshi bilmasligim ko‘p pand bergan. Aktyorlik bo‘limida Farhod Abdullayev, rahmatli Gulbahor Yo‘ldosheva bilan bir yil o‘qiganman. O‘qishni o‘zlashtirib ketishimga ular ko‘p yordam bergan, ammo kurs rahbarim “Sendan aktyor chiqmaydi, o‘zingni qiynamay rejissorlik bo‘yicha o‘qigin”, degan. Uning tavsiyasi bilan rejissorlik fakultetiga qaytadan imtihon topshirib, o‘qishga kirganman. Hamma 5-yilda institutni tugatsa, men 6-yil o‘qiganman.

Kurs ishi uchun o‘z mablag‘imga “Sud kuni” nomli 10 daqiqalik filmni suratga olganman. Yaʼni jinoyatchi va qurbon bo‘lgan bolaning ota-onasi sud zalida uchrashadi va nigohlari orqali  gaplashadi. Film Moskvada o‘tkazilgan festivalda Gran-prini qo‘lga kiritgan. Shundan keyin meni u yerdagi Ssenariynavislar oliy maktabida o‘qishga taklif qilishgan. U yerda ko‘p narsani o‘rgandim va yana ikkita qisqa metrajli film suratga oldim. “Askarlar ertagi” nomli filmim Fransiyada o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalda namoyish etilib taqdirlangan. Shundan keyin yorug‘ yuz bilan Toshkentga qaytib kelganman, — deydi rejissor.

“Ssenariy sotib, puliga olgan mebelimdan hali ham foydalanaman”

Foto: Zulfiqor Musoqov arxividan

— 1989-yil “Bir qadam o‘ngga, bir qadam so‘lga” nomli ssenariyimni sotib olishgan. Bu pulsiz, tiyinni-tiyinga ulab yashaydigan inson uchun katta baxt edi. Qalam haqiga mebel sotib olganman. O‘sha mebeldan haligacha foydalanaman. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay “Abdullajon” nomli filmni suratga olganman. Uni yaratishda Moskvada olgan bilimlarim ancha qo‘l kelgan, — deydi rejissor.

“Musoqovni qamash kerak, deyishgan”

Foto: “Daryo”

— Filmlarimga eʼtirozlar hamisha bo‘lgan. Kimgadir qahramonlarimning xarakteri, kimgadir kinodagi voqealar yoqmaydi. Menga jimjimador so‘zlar yoqmaydi, hammasi hayotiy bo‘lishini istayman. Hamma filmlarimning suratga olinishi yoki premyerasidan avval jiddiy eʼtirozlar bo‘ladi.

“Berlin-Oqqo‘rg‘on” filmi ssenariysini badiiy kengashga kiritganimda juda mashhur arboblardan biri “Buni yozgani uchun Musoqovni qamash kerak”, degan. Bu gaplarni o‘z quloqlarim bilan eshitganman. “Vatan” filmining premyerasidan avval ham shunday eʼtirozlar bo‘lgan. Aqltoylar juda ko‘p, agar ularning gapiga quloq solsangiz o‘ziga xosligingiz yo‘qoladi, — deydi rejissor.

Foto: Zulfiqov Musoqov arxividan

Kinorejissor Yelena ismli pedagog bilan oila qurgan. U aktyorlar xususiy maktabida dars beradi. Ular Temur va Mariya ismli farzandlarni voyaga yetkazgan. Mariya onasi kabi pedagog, Temur esa “Osmondagi bolalar” filmidan so‘ng boshqa kasbni tanlashga qaror qilgan. U kichik tadbirkor, chop etish xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Qizig‘i shundaki, ko‘plab kinolari anshlag bo‘lgan kinorejissor haligacha kamtarona hayot kechiradi. U oddiy “dom”da yashashi, haligacha hovli olishga pul to‘play olmagani haqida gapirishdan uyalmaydi.

Foto: “Daryo”

“Dang‘illama hovlida yashamasam ham juda baxtliman, chunki vijdonim toza. Hech kimdan qarzim yo‘q, tilim ham qisiq emas”, deydi kinorejissor.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »