Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yevropada transfer oynasi bir necha kun oldin yopildi. Endi klublarda faqat erkin agentlarni qo‘lga kiritish imkoni bor. Shunga qaramay hozirdan 2024-yilning yozida klublarini almashtirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar haqida mish-mishlar paydo bo‘lmoqda.

Kilian Mbappe: “PSJ”dan ”Real”ga 

Foto: Getty Images

Albatta, bu “ertak” ko‘pchilikning joniga tekkani aniq, lekin bu safar gap-so‘zlarda asos bo‘lishi mumkin. Sababi endi bizga ma’lum bo‘lgan taniqli saytlar, obro‘li shaxslar bu transfer albatta amalga oshishini ta’kidlamoqda.

Masalan, taniqli futbol insayderi Fabrisio Romano ham transfer yozga rejalashtirilganini aytib o‘tmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Real” hozir taklif qilayotgan summa 2 yil avvalgi summadan bir necha baravar kamroq. 

Xabarlarga ishonadigan bo‘lsak, Mbappe o‘zining qarorini shu yaqin orada e’lon qiladi va biz bu “ertak”ning yakunini bilib olamiz.

Erling Holand: “Manchester Siti”dan “Real”ga 

Foto: Getty Images

Mbappedan ko‘ra Holandning “qirollik klubi”ga ko‘chib o‘tishi ko‘proq ishonchlidek ko‘rinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Erlingga ko‘proq media e’tiborida bo‘lish uchun ham ispan klubiga ko‘chib o‘tishi kerakligini tavsiya qilishmoqda. Le Parisien nashri ham “Real” klubi Mbappedan tashqari norvegiyalik futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shmoqchi ekanligi haqida xabar bermoqda.

“Siti” murabbiyi Pep Gvardiola Holand Angliyadagi hayotidan qoniqayotganini ta’kidladi. Agar Mbappe transferi amalga oshmasa, “Real” klubi Holand variantini ko‘rib chiqishi mumkin, ammo ikki bo‘lajak yulduz deb ta’riflanayotgan Mbappe va Holandni bir klubda tasavvur qilish qiyin. 

Pyotr Zelinski: “Napoli”dan “Inter”ga

Foto: Getty Images

Bu transferni allaqachon amalga oshgan transferlar qatoriga kiritib qo‘yish mumkin. Yozda erkin agentga aylanadigan Zelinski “Inter” klubiga tekinga ko‘chib o‘tadi. Aynan shu sabab, “Napoli” futbolchini Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritmadi. Klub prezidenti Aurelio de Lurentis futbolchi qaror qabul qilib bo‘lganini ta’kidladi.

Fabrisio Romanoning fikriga ko‘ra, “nerazzuri” shu oyning so‘ngida futbolchini o‘z o‘yinchisi sifatida tanishtiradi. 

Savio: “Jirona”dan “Manchester Siti”ga 

Foto: Getty Images

Xabarlarga ko‘ra, Angliya klubi vinger borasida kelishuvga erishgan. Hozirda Savio “Jirona” klubida ijara asosida o‘ynaydi, uning transfer huquqi esa “Trua” klubiga tegishli.

Insayder Fabrisio Romanoning fikriga ko‘ra, 19 yoshli futbolchi uchun manchesterliklar 30 million yevro to‘lashga tayyor. Transfermarkt ham futbolchini shuncha narxga baholagan.

Savio Angliya klublarida o‘ynamagan. 2022-yilda “Trua” jamoasiga o‘tgan futbolchi avvaliga ijara asosida “PSV” klubiga, keyin esa hozirgi “Jirona” klubiga o‘tgan. 

Marko Roys: “Borussiya D”dan “Borussiya M”ga 

Foto: Getty Images

Tajribali futbolchi 2012-yildan beri Dortmund klubi sharafini himoya qilib keladi. Nemis nashri Bildda chiqqan xabarlarga tayanadigan bo‘lsak, hozirgi klub mutasaddilari futbolchi bilan shartnomani cho‘zishga ikkilanmoqda.

Roysning yoshi 34 da va klub uning o‘rnini yoshroq o‘yinchi bilan to‘ldirmoqchi. Futbolchi esa o‘zining sobiq klubiga qaytishi mumkinligini aytib o‘tgan. Marko u yerda futbol o‘ynaydimi yoki yo‘q bu aniq emas. Sababi klub unga jamoaning ma’muriy lavozimlaridan birini taklif qilmoqda. 

Viktor Osimhen: “Napoli”dan “PSJ”ga 

Foto: Getty Images

Agar Mbappening “qirollik klubi”ga transferi amalga oshsa, uning o‘rnini “Napoli” o‘yinchisi egallashi mumkin.

Osimhenning klub bilan shartnomasi 2026-yilda tugaydi, lekin futbolchi kelajagi borasida bir qarorga kelgan va mavsum so‘ngida e’lon qiladi. “Napoli” prezidenti de Laurentis nigeriyalik futbolchi Parij klubiga o‘tishi o‘tgan yozda aniq bo‘lganini ta’kidladi. 

Hozir “Napoli”da ishlar joyida emas. Jamoa chempionatda ketma-ket ochkolar yo‘qotmoqda, Italiya Kubogidagi ishtirokini ham yakunladi va jamoada ichki nizolar mavjud. 

Yozua Kimmix: “Bavariya”dan “Manchester siti”ga

Foto: Getty Images

Kimmixning jamoani tark etishi haqidagi gaplar yanvar oyidayoq tarqagan edi. Turli manbalar uning keyingi jamoasi “PSJ”, “Tottenhem” yoki “Barselona” bo’lishi mumkinligi haqida aytishdi, ammo futbolchi Myunxenda qoldi.

The Athletic nashri Kimmix “Manchester Siti” qiziqishlari doirasiga tushgani haqida ma’lumot bermoqda. Yozua Kimmixning “Bavariya” bilan joriy shartnomasi 2025-yilning yozida tugaydi. Angliya klubi shu transfer oynasidayoq futbolchini qo‘lga kiritmoqchi edi, ammo so‘nggi lahzalarda bu fikridan qaytdi.

Kimmix hali shartnomani uzaytirganicha yo‘q, demak Gvardiola yozda futbolchini qo‘lga kiritishga yana bir bor urinib ko‘radi. 

Muhammad Saloh: “Liverpul”dan “Al-Ittihod”ga 

Foto: Getty Images

Saudiya klublari Yevropaning eng yorqin yulduzlarini saflariga qo‘shayotgan paytda Saloh varianti ham ko‘p tilga olindi.

The Athletic nashrining xabariga ko‘ra, o‘tgan yozda “Al-Ittihod” klubi futbolchi uchun 200 million funt sterling taklif qilgan va bu taklif hali ham amalda. Agar bu kelishuv amalga oshsa, futbolchi dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylanadi.

“Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp ham jamoani tark etishini inobatga oladigan bo‘lsak, Salohning Saudiya klubiga o‘tish ehtimoli baland.

Alfonso Devis: “Bavariya”dan “Real”ga

Foto: Getty Images

Devisning hozirgi shartnomasi 2025-yilgacha tuzilgan. Myunxen klubi futbolchi bilan yana birga ishlash niyatida, ammo kanadalik futbolchining talablari ularni o‘ylantirmoqda. Devis yiliga 13-14 million daromad olishni o‘ylamoqda, nemis klubi esa bunday katta miqdorni to‘lash niyatida emas.

Bild nashrining xabariga ko‘ra, futbolchi myunxenliklar talablarini bajarmasa uni sotib yuborishi mumkin. “Real” esa klub va futbolchi o‘rtasidagi munozalarni o‘z foydasiga hal qilib, futbolchiga ega chiqmoqchi.

Qiziqarlisi shundaki, Devis “Bavariya” klubida baxtli ekanligini ta’kidlamoqda. 

Ayvan Toni: “Brentford”dan “Chelsi” yoki “Arsenal”ga

Foto: Getty Images

O‘tgan mavsum so‘ngida futbolchi Premyer Liga qoidalarini buzganligi sababli 8 oyga futboldan chetlatilgan edi. Toni yanvar oyida katta futbolga qaytdi va ikki o‘yinda ikkita gol urdi.

Ayvan “Brentford” klubi undan voz kechmay qo‘llagani uchun minnatdor. Shuning uchun futbolchi qishda jamoani tark etmadi va klubni APLda saqlab qolish uchun bor kuch bilan o‘ynamoqda.

“Brentford” futbolchi uchun katta summa so‘ragani London klublarini cho‘chitib yuborgan bo‘lishi mumkin. The Independent nashrining xabariga ko‘ra, klub futbolchi uchun 100 million funt sterling so‘ragan. 

Jamoa bosh murabbiyi Tomas Frank Toni yozda klubni tark etishi haqida xabar berdi. Transfermarkt mashri 27 yoshli futbolchini 35 million yevroga baholamoqda. Ko‘ramiz, Toni London klublaridan qaysi birini tanlar ekan. 

Erkin G‘aybullayev tarjimasi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »