Yaponiya Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollargacha mablag‘ ajratadi
Bu haqda Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
“Ukraina va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchaymoqda. Tokioda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy rivojlanish konferensiyasi davomida sherikligimizni mustahkamlash va Ukrainani qayta tiklash uchun yuzlab million AQSH dollarini jalb qilish bo‘yicha 56 ta hujjat imzolandi. JBIC Ukraina xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollar kredit beradi”, — dedi u.
Mablag‘lar allaqachon tasdiqlangan loyihalarga sarflanadi.
JBIC taqdim qilgan mablag‘ Ukrainada qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, raqamli infratuzilma va tibbiyot sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari loyihalari alohida ahamiyat kasb etadi, dedi Iqtisodiyot vazirligi rahbari.
Bundan tashqari, Sviridenkoning so‘zlariga ko‘ra, Nippon eksport va investitsiyalarni sug‘urtalash (NEXI) agentligi Ukraina uchun 1,25 milliard yevrolik sarmoya va savdo risklarini qoplash bo‘yicha yangi dasturni ishga tushirgan. U ikki qismdan iborat bo‘ladi: 937,5 million yevro yapon kompaniyalari sarmoyalarini sug‘urtalash uchun (5 yil muddatga) va 312,5 million yevro yapon tovarlari va xizmatlari eksporti uchun kredit (2 yil muddatga).
Bundan tashqari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Ukrainaning Horizon Capital xususiy investitsiya fondiga qariyb 20 million dollar ajratishi kutilmoqda.