Isroil-HAMAS urushida kamida 94 nafar jurnalist halok bo‘ldi — Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi
7-oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan beri G‘azo, Isroil va Livanda kamida 94 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo‘mitasi bu boradagi hisobotini eʼlon qildi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, hozirga qadar halok bo‘lgan jurnalistlarning 89 nafari falastinlik, 2 nafari isroillik va yana 3 nafari livanlik bo‘lgan. Qo‘mita, shuningdek, maʼlumot yangilanishi mumkinligini ham bildirgan.
Harbiy harakatlarda halok bo‘lgan so‘nggi jurnalist Al-Aqsa nashri jurnalisti Muhammad Salama bo‘lgan. U Dayr Al-Balahga tunda uyushtirilgan havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan.
Manbada aytilishicha, hozirda jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi jurnalistlar o‘limi, ularning uy-joylariga qasddan uyushtirilgan hujumlar borasidagi xabarlarni birma-bir ko‘zdan kechirmoqda.