Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Mirzo” teatri aʼzosi bo‘lgan Botir Muhammadxo‘jayev shu kungacha qanday yutuqlarga erishdi, nega u aktyorlikni emas, qiziqchilikni tanladi? Qiziqchi sifatida o‘zini namoyon etoldimi? Keling, bu savollarga quyida javob izlaymiz.

“Men teatr aktyori emasdim”

Bolaligidan sanʼatga qiziqqan Botirxon Imomxo‘jayev maktabni tamomlab, sanʼat institutiga o‘qishga kiradi. Ammo unda teatr aktyori bo‘lish xohishi yo‘q edi.

Foto: Instagram

— Qiziqchilikka qiziqish avvaldan yuqori bo‘lgan, ammo bu bo‘yicha oliy o‘quv yurti bo‘lmagani uchun men ham boshqa qiziqchilar singari aktyorlik bo‘yicha tahsil olganman. Ikkinchi kursdan boshlab teatrdagi spektakllarda mossovka rollarni ijro etish uchun yuborishardi. Kursdoshlarim ichida faqat men teatrga borishni istamasdim. Chunki menda avvaldan teatr aktyori bo‘laman, degan xohish bo‘lmagan. Ammo hozir bu qarorimdan afsuslanaman, agar imkon bo‘lganida, O‘zbek milliy akademik teatri sahnasida bitta rol ijro etgan bo‘lardim. Chunki yosh ulg‘ayganidan keyin dunyoqarash va istaklar ham o‘zgarar ekan, — deydi Botirxon Imomxo‘jayev.

“Maʼmur Xolmedovning g‘ashi kelardi”

Botirxon Imomxo‘jayev Mirzabek Xolmedov bilan qanday tanishgani va ko‘pchilik uning jiyani deb bilgani uchun Maʼmur Xolmedovning g‘ashi kelgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Maʼmur bilan oldinma-ketin institutga kirganmiz, u mendan bir kurs yuqorida edi. “Mirzo” teatriga qabul qilinishimda uning ham yordami katta bo‘lgan. Keyin Shukurullo Isroilov bilan tanishib qolganman. Bir kuni Mirazbek Xolmedovning tug‘ilgan kuniga boradigan bo‘ldik, mehmonlar ko‘p. Ustozlarga xizmat qilib yurganimda Mirzabek Xolmedov teatrga yangi aʼzolar olish haqida gap boshlab qolgan. Shunda Shukurullo Isroilov “Ana, Botirxonni olaylik, yaxshi yigit” deb qolgan. Shu gapdan keyin Mirzabek Xolmedov menga eʼtibor qaratgan va ko‘p o‘tmay teatrga qabul qilinganman. Qaysi davraga bormaylik, negadir meni Mirzabek Xolmedovning jiyani deb o‘ylashardi. Bundan Maʼmur Xolmedovning g‘ashi kelib, jahli chiqardi. “Haqiqiy jiyan menman, seni nimang o‘xshaydi”, deb ko‘p gapirardi. Ammo ko‘nglida kiri yo‘q, nima xohlayotganini shartta yuzingizga aytadi, — deydi Botirxon Imomxo‘jayev.

“Nikulin laqabim bo‘lgan”

Botirxon Imomxo‘jayev bolalikdan uni Nikulin deb chaqirishgani va keyinchalik bu shaxs uning ijodining bir bo‘lagiga aylangani haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Sinfimizda hammaning laqabi bor edi, negadir meni Nikulin deb chaqirishardi. To‘g‘risi, juda jahlim chiqardi, bunday deyishlarini haqoratdek qabul qilardim. Keyinchalik bu odamning sanʼatdagi o‘rnini tushunib yetib, unga o‘xshashimdan faxrlana boshlaganman.

Foto: Instagram

Bir necha yil oldin Ozodbek Nazarbekov bilan Moskvaga gostrolga borganmiz. Haykali yonida rasmga tushishni niyat qilgandim. Do‘ppilarni kiyib, uningdek xatti-harakatlarini qilib rasmga tushsam, odamlar to‘planib men bilan rasmga tushishni boshlashgan. Keyin bir ayol “Nikulinga kim bo‘lasan?” degan. “Nabirasi, Toshkentga borganida buvim bilan tanishgan, keyin dadam dunyoga kelgan. Men uning nabirasiman”, deganman. U ishongan, Moskvada odamlarning men bilan rasmga tushganini aytib ancha vaqtgacha maqtanib yurgandim, — deydi Botirxon Imomxo‘jayev.

“Avaz Oxunni yomon ko‘raman”

Botir Imomxo‘jayev nega yakkaxon konsert bermagani va qiziqchi Avaz Oxunni yomon ko‘rishi haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Teatrimizdagi ko‘pchilik ijodkorlar alohida ham ijod qilib, konsertlar berishadi. Men ham yakka holda konsert berishim mumkin, ammo doim nimalardir to‘sqinlik qiladi. Boshqa kulgi jamoalarida ishtirok etadiganlar yakka holda konsert berishmaydi. Biz “Mirzo” teatrida chiqsak ham, hammamizning hech bo‘lmaganda 20-25 daqiqalik yakkaxon chiqishimiz bor. Aytmoqchimanki, tayyorgarlik ko‘rsam, men ham bemalol ikki soat odamlarni kuldirolaman. Ammo “Iya, bu ham konsert beryaptimi?” deb odamlar negativ fikr bildirishlarini istamayman, keyin ustozlar oldida ham xijolat bo‘laman. Avaz Oxun bu borada epchillik qildi, yakkaxon ijodni uddalay olgani uchun ham uni yomon ko‘raman, — deydi Botir Imomxo‘jayev kulib.

“Baʼzi rejissyorlardan xafa bo‘lganman”

“Xavfli burilish”, “Shurik Toshkentda” kabi filmlarda suratga tushgan Botirxon Imomxo‘jayev Rustam Saʼdiyevdan ranjigani haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— “Muhabbat sinovlari” filmida suratga tushishni istaganman. Ammo Rustam Saʼdiyev kastingdan o‘tkazmagan. Maʼmur suratga tushganida “Menga ham bitta rol bersa bo‘lardi-ku”, deb jahlim chiqqan. Baʼzi insonlar “Sizni hamma taniydi, rolni o‘ynab-kulib ijro etasiz”, deb o‘ylashadi. Ammo aktyor ham hamma qatori inson, u ham rolini kutib yashaydi. Mashhurlik — rolni qalashtirib berishadi, degani emas. Masalan, Jahongir Ahmedov ham qaysidir filmining kastingiga taklif qilgan. “Rolga tasdiqlandingiz”, deyishgan, lekin syomkaga chaqirishmagan. Keyin bilsam, fikri o‘zgarib, boshqa aktyorni chaqirishgan ekan.

Foto: Instagram

Baʼzan men o‘zi kimman: aktyor, qiziqchi yoki boshlovchimanmi, deb o‘ylab qolaman. Ijodda baʼzi narsalarga achinaman. Ammo ustozim Shukrullo Isroilov aytganidek, “Xizmat ko‘rsatgan artistlar bor — xalq tanimaydi, yaxshi kuniga chaqirmaydi. Muhimi —xalqning eʼtibori”, degan gaplari yodimga tushib, o‘zimni yupataman, — deydi Botirxon Imomxo‘jayev.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »