• Profilga Kirish
  • 4992fdfd-8954-4c05-b6e3-f510f81a73b5.svg f28f9d5b-7461-4f14-8ebe-571256959e43.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12965.34
    • RUB161.34
    • EUR14525.07
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +25°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • test
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • Mahalliy (O‘zb)
      • Ob-havo
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Boshqalar
    • Markaziy
      Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
        • Qoraqalpog‘iston
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Mahalliy (O‘zb)

    “Tergov siri”. Jurnalistlar tergov ma’lumotlarini kimdan va qanday olishi mumkin?

    Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan ko‘plab yangiliklar (masalan, taqiqlangan nashida tarqatgan bolaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi, 12 yashar qizning o‘limi, 3 nafar bolasi bilan o‘zini 9-qavatdan tashlagan ayol va h.k) keng jamoatchilikda katta qiziqish va qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

    Shunday vaqtlarda, tabiiyki, jurnalistlar voqea tafsilotlarini bilish, yoritish uchun tergov organlari va prosess ishtirokchilaridan ma’lumot olishga harakat qiladi. Ammo aksar holatda ularning harakatlari bunday ma’lumotlar “tergov siri” ekani vaji bilan samarasiz yakunlanmoqda.

    Xo‘sh, tergov siri nima? Jurnalistlar tergov ma’lumotlarini kimdan va qanday shartlarda olishi mumkin? Jurnalistlardan ma’lumotlar manbasini oshkor qilishni talab qilish mumkinmi? Bunday vaziyatlarda jurnalistlar daxlsizlik huquqiga egami? Qanday holatlarda sud ishlarida jurnalistlarning ishtiroki cheklanishi mumkin? Huquqshunos Murodjon Najmiddinov quyidagi maqolada shu savollarga javob berishga uringan.

    Tergov siri nima?

    Aksar vaziyatlarda jinoyat tafsilotlarini ochiqlashni rad etish uchun asosiy vaj sifatida foydalanib kelinayotgan bo‘lishiga qaramay hech bir qonunchilik hujjatida tergov siri tushunchasi uchramaydi. Ya’ni tergov siri deganda aynan nima tushunilishi, xususan, ma’lumotlarni tergov siri deb topish uchun asoslar belgilanmagan. Faqat tergov materiallarida rasmiylashtirilgan ma’lumotlarni yoki jinoyat ishi bo‘yicha har qanday ma’lumot tergov siri bo‘ladimi degan savolga oydinlik kiritilmagan.

    Xo‘sh, unda bilish, oshkor etish taqiqlanayotgan tergov siri deganda nimani tushunishimiz kerak?

    Jinoyat-prosessual kodeksi va Jinoyat kodeksida ruxsatsiz ochiqlash mumkin bo‘lmagan axborot haqida gap ketganda surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlari tilga olinadi.

    Surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlari deb, odatda, tergov jarayonlarida olingan, so‘roq, yuzlashtirish, tintuv, tergov eksperimenti bayonnomalari, ekspertiza materiallari va boshqa hujjatlarda mavjud ma’lumotlarga aytiladi.

    Tergovni olib borayotgan shaxs jinoyat ishidagi barcha ma’lumotlarni yoki uning bir qismini oshkor qilinmaydigan deb e’tirof etishga haqli. Prosess ishtirokchilaridan (masalan, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh va boshqalar) bunday ma’lumotlarni uning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida majburiyat yuklatilgani haqida tilxat olishi mumkin. Tilxatda, shuningdek, ma’lumotlarni ruxsatsiz ochiqlanganligi uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantiriladi.

    Shundan kelib chiqib, xulosa qilishimiz mumkinki, “tergov siri” bu tergov materiallarida rasmiylashtirilgan, tergovni olib borayotgan shaxs tomonidan oshkor qilinmaydigan deb e’tirof etilgan va ruxsatsiz ochiqlanishi uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilgan ma’lumotlar sanaladi. Agar prosess ishtirokchilari ogohlantirilmagan bo‘lsa yoki jinoyat tafsilotlari tergov materiallarida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, bunday ma’lumotni oshkor qilish mumkin. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv materiallari tergov siri hisoblanmaydi.

    Prosess ishtirokchilaridan tergov ma’lumotlarini olish mumkinmi?

    Jinoyat ishi deganda ko‘z oldimizga odatga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh keladi. Ammo jinoyat prosessi ishtirokchilari doirasi kengroq. Unda yuqorida sanalganlardan tashqari, himoyachi, fuqaroviy da’vogar va javobgar, qonuniy vakillar, ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolislar ham ishtirok etadi. Jinoyat prosessining ushbu ishtirokchilari ularning ishdagi holatiga qarab turli huquq va majburiyatlarga ega.

    Xo‘sh, ushbu ishtirokchilardan qay biri tergov ma’lumotlarini oshkor qilishi mumkin va qanday shartlarda? Jinoyat-prosessual kodeksi bu masalada faqat guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolislarga ma’lum majburiyatlarni yuklaydi. Xususan, dastlabki surishtiruv va tergov materiallarini surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsatisiz oshkor etmaslik kerak. Hattoki, himoyachi ham o‘z vazifasini amalga oshirishi munosabati bilan bilgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
    Prosessning boshqa ishtirokchilariga bevosita bunday majburiyat qo‘yilmagan.
    Unda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi hamda fuqaroviy da’vogar va javobgar tergov ma’lumotlarini moneliksiz ochiqlashi mumkin (mi)?

    Xulosa qilishga shoshilmaymiz. JPKning 271-moddasida prosess ishtirokchilari tomonidan surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini oshkor qilganlik uchun, agar ular ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan ogohlantirilgan bo‘lsalar, jinoiy javobgarlik borligi eslatib o‘tiladi.

    Savol tug‘iladi –  bu yerda protsess ishtirokchilari deganda aynan kim nazarda tutilgan? Jinoyat prosessining barcha ishtirokchilarimi (shu jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi)?

    Yoki faqatgina javobgarlik to‘g‘risida bevosita ogohlantirilgan ishtirokchilarmi (masalan, guvoh, ekspert)? Ko‘rinib turgandek, modda tahriridan ushbu masala aniq va yaqqol anglashilmaydi.

    Xulosa qilishimiz mumkinki, jurnalistlar prosess ishtirokchilaridan tergov ma’lumotlarini faqatgina tergovni amalga oshirayotgan shaxs roziligi bilan olish mumkin. Agar bunday ma’lumotlar tergov materiallarida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa yoki ularni tarqatmaslik haqida ogohlantirilmagan bo‘lsa, rozilik talab etilmaydi.

    Masalan, Toshmat – jabrlanuvchi. U jinoyat ishiga rasmiy tarzda jabrlanuvchi sifatida jalb qilindi. So‘roqdan keyin tergovchi Toshmatdan so‘roq bayonnomasiga tushirilgan ma’lumotlarini tarqatmasligini so‘radi va agar tarqatsa, jazolanishi haqida ogohlantirdi. Endi u jurnalistlarga intervyu bera olmaydi.

    Eshmat – jabrlanuvchi. Biroq u hali tergovga jalb etilmagan. Eshmat jurnalistlarga intervyu berishi mumkin. Chunki uni hali tergovga chaqirilmagan, undan ko‘rsatuv olinmagan, ma’lumotlar tergov materiali sifatida rasmiylashtirilmagan.

    G‘ishmat – guvoh. U jurnalistlarga intervyu berishi mumkin. Chunki tergovchi uning ko‘rsatuvlarini oshkor qilinmaydigan deb e’tirof etmadi, uni tergov ma’lumotlarini tarqatmaslik to‘g‘risida ogohlantirmadi.

    Jurnalistlar ma’lumotlar manbasini aytmasa-chi? Tergovchi bilib o‘tiribdimi?

    Balki sizning ham xayolingizga kelgandir: jurnalistlar prosess ishtirokchilaridan ma’lumot olib, ularning manbasini aytmasa-chi?
    “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan ixtiyoriy ravishda ma’lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblanadi.

    Jurnalistlar bunday ma’lumotlarni manbaning roziligisiz oshkor etishi taqiqlanadi.

    Demak, jurnalistlar ma’lumotlar manbasini sir saqlashi mumkin. Ammo qonunchilik bu borada yana bir boshqa tartibni o‘rnatadi. Jinoyat-prosessual kodeksida surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan aniqlanayotgan holatlar o‘zida kasb sirini aks ettirganligini bahona qilib, ko‘rsatuv berishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

    Masalan, o‘zi e’lon qilgan materiallar bo‘yicha guvoh sifatida tergovga jalb qilinadigan bo‘lsa, jurnalist bu ma’lumotlarni ular manbaining roziligisiz oshkor etolmasligini asos qilib, guvohlik berishdan bosh tortolmaydi. Bundan vaziyatlarda Jinoyat-prosessual qonunchilikning ushbu qoidasi jurnalistika sohasining sirini amalda inkor qiladi.

    Masalan, Toshmat (jabrlanuvchi) o‘zidan eshitganligini hech kimga aytmaslik sharti bilan jurnalistga intervyu berdi. Jurnalist o‘zining materialidagi jinoyat tafsilotlari bo‘yicha guvoh sifatida tergovga jalb qilindi. Shu vaziyatda jurnalist Toshmatga bergan va’dasi va ma’lumotlar jurnalist siri ekaniga qaramay manbani aytishga majbur.

    Boshqalarda qanday?

    Xo‘sh, bu boradagi vaziyat boshqa davlatlarda qanday? Avvalambor, shuni aytish kerakki, ma’lumotlar manbasini ochiqlash yoki ochiqlamaslik masalasi barcha davrda va davlatda nozik va bahsli masalalardan biri sanaladi. Chunki ma’lumotlar manbasi tergovga ma’lum bo‘lmagan tafsilotlarni o‘zi ichiga olishi, jinoyatlar fosh etilishiga yordam berishi mumkin.

    Matbuot erkinligi bo‘yicha muxbirlar qo‘mitasi (The Reporters Committee for Freedom of the Press)ning ma’lumotlariga ko‘ra, birgina AQSHda 1950-2019 yillarda 48 ta jurnalist ma’lumot manbasini oshkor qilmaganligi uchun jarimaga tortilgan yoki ozodlikdan mahrum qilingan. Masalan, Daily Emerald tahririyatining bosh muharriri Annet Byukenen Oregon universiteti kampusida marixuana iste’moli haqidagi maqolasidan so‘ng u taqiqlangan moddalarni iste’mol qilayotgan talabalarning shaxsini ochiqlamaganligi uchun jarimaga tortilgan.

    Yana bir misol, Avstraliya o‘zining polisiyadagi manbasidan tezkor tadbir haqida xabar topgan jurnalist muxbir va operatorlarni jo‘natadi. Ular tezkor tadbirni tasvirga olishga muvaffaq bo‘lishadi. Polisiya jurnalistdan ma’lumot manbasini talab qiladi va rad javobini oladi. Oxir-oqibat, jurnalistga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutuvchi modda bilan ish qo‘zg‘atilib, ishi sudga oshiriladi.

    Angliya va Uyels qonunchiligiga ko‘ra, jurnalistika sohasining siri Polisiya va jinoiy dalillar to‘g‘risidagi qonun bilan himoyalangan. Ammo zarurat tug‘ilgan taqdirda polisiya ma’lumotlar manbasini ochiqlash lozimligi yoki bunga ehtiyoj yo‘qligini aniqlash uchun sudga ariza kiritadi.

    Xullas, bu masala aksariyat davlatlarda bahsli bo‘lib, bir qancha filmlar mavzusiga ham aylangan.

    Qanday holatlarda sud ishlarida jurnalistlarning ishtiroki cheklanishi mumkin?

    Jinoyat ishlari bo‘yicha sud jarayonlari ishning toifasiga qarab ochiq yoki yopiq tartibda ko‘riladi. Har bir sud jarayoni boshlanishidan oldin uning qanday tartibda ko‘rilishi e’lon qilinadi. Ochiq tartibdagi sud majlisi zallariga jurnalistlar hech qanday moneliksiz kirish huquqiga ega.

    Ammo shunday toifadagi ishlar ham bo‘lib, ular yopiq tartibda ko‘riladi. Xususan, davlat sirlari, jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar.

    Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning jinoyatlari, kishilarning shaxsiy hayoti yoki sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila a’zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.

    Shu bilan birga, jinoyat-prosessual qonunchiligida ayrim turdagi tergov harakatlari bo‘yicha ishlar, masalan, murdani eksgumasiya qilish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida iltimosnomalar faqat yopiq sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

    Sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish taqiqlanadi.

    Oliy sudning tushuntirishicha, prosess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi. Bunday holat prosessual qonun buzilishi deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

    Ammo ushbu harakatlarni qonunbuzilishi deb topilganligiga qaramay, sud binosiga kirishni noqonuniy rad etganlik uchun hech qanday javobgarlik nazarda tutilmagan.

    Tergov ma’lumotlari sir saqlanishi kerakmi?

    Tergov ma’lumotlari qancha sir tutilsa, jamoatchilikda prosessning noxolis va shaffof emasligi haqida shuncha ko‘p fikr uyg‘onadi. Chunki, bilamizki, noqonuniy ish qilayotgan kishi har doim harakatlarini boshqalardan yashirishga urinadi. Ammo tergov jarayonida qator omillar bo‘lib, ishdagi materiallar sir saqlanishini talab qiladi. Bunday omillarga misol sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
    Tergov yaxlitligini ta’minlash. Tergov ma’lumotlarining oshkor qilinmasligi uning yaxlitligini saqlashga yordam beradi.

    Davom etayotgan tergov tafsilotlari ommaga oshkor bo‘lishi tergov natijasini xavf ostiga qo‘yadi. Masalan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki boshqa prosess ishtirokchilari xatti-harakatlarini o‘zgartirishi, dalillarni yo‘q qilishi yoki tergovga to‘sqinlik qilish uchun boshqalar bilan til biriktirishi mumkin.

    Prosess ishtirokchilarini himoya qilish. Tergov ma’lumotlarining maxfiyligi prosess ishtirokchilari, masalan, jabrlanuvchi va guvohning huquqlari va shaxsiy hayotini himoya qiladi. Bu ularga jamoatchilik bosimi, taqib va zo‘ravonlikdan qo‘rqmasdan ko‘rsatuv berish imkonini beradi.

    Xolislikni ta’minlash. Ma’lumotlarni maxfiy saqlash orqali tergovchilar tergov yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tarafkashlik yoki tashqi ta’sirlarning oldini olishlari mumkin. Bu ularga ob’yektiv dalillar to‘plash va jamoatchilik fikri yoki bosimdan ko‘ra faktlar asosida xolis qaror qabul qilish imkonini beradi.

    Davom etayotgan yoki navbatdagi tergov harakatlarini himoya qilish. Bitta tergov harakati davomida to‘plangan ma’lumotlar navbatdagi tergov harakatlarida haqiqatni aniqlash uchun foydalanishi mumkin. Masalan, ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda bu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun yuzlashtirish tergov harakatida o‘tkaziladi. Tergov ma’lumotlarining oshkor etilishi ushbu ikki shaxs ko‘rsatuvlaridagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishi uchun yangi tafsilotlarni o‘ylab topishiga imkon yaratadi. Bu esa keyingi tergov harakatlarining samarasini keskin kamaytiradi.

    Xulosa

    OAV ham, tergov-surishtiruv organlari ham o‘zining ishini qilmoqda va bu jarayonda har bir tomon o‘z vazifasini professional darajada bajarishga intilishi tabiiy. Biroq bu qonun doirasida va tomonlarning huquqlarini hurmat qilgan holda amalga oshirilishi kerak.

    Tergov jarayonida turli chalkashliklarni oldini olish uchun “tergov siri”ni tarqatmaslik haqida ogohlantiriladigan va ogohlantirilmaydigan prosess ishtirokchilari doirasi aniq belgilanishi lozim. Shuningdek, ma’lumotlar maxfiyligini saqlash tergov taqdiri uchun muhim bo‘lsa-da, bunday maxfiylik mutlaq bo‘lmasligi kerak. Tergov jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, adolatga bo‘lgan ishonchni oshirish uchun tergov natijasiga putur yetkazmaydigan ma’lumotlar ochiqlanishi, jamoatchilik muntazam xabardor qilib turilishi lozim.

    O‘z navbatida, jurnalistlar va jamoatchilik faollari turli jinoyatlarga doir mustaqil surishtiruv ishlarini olib borishda tergov siri nima uchun muhimligini tushunishlari, unga nisbatan mas’uliyat bilan yondashishlari kerak.

    Murodjon Najmiddinov,
    huquqshunos

    06.06.2023, 16:09   Izoh (0)   2561
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarlik President Tech Award tanloviga arizalar qabuli davom etmoqda


    Toshkentda Lenovo Store brend do‘konining ochilishi bo‘lib o‘tdi


    Toshkentdagi Central Park’da Huggies bolalar brendining ona va bola xonasi ochildi


    “Agrobank” tomonidan “Suvchilar maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yildi


     Endilikda Payme orqali davlat namunasidagi ma’lumotnomalarni olish mumkin


    Shivaki Frigo Cool — mahsulotlaringizning kafolatli saqlanishi!


    Jizzax shahrida Jizzakh ADM hududida Koreyaning DMC kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan vaqt kapsulasini joylash marosimi bo‘lib o‘tdi


    Toshkentda yana bir yirik loyiha – Shoshkent turar joy majmuasining sotuv ofisi o‘z faoliyatini boshladi


    Kia’ning rasmiy distribyutori bo‘lgan Roodell kompaniyasi — Kia Seltos Kia sohiblarini Kia Go shiori ostida o‘tkaziladigan sport-ko‘ngilochar tadbirda ishtirok etishlari uchun chorladi!


     Mobiuz kompaniyasi “Xotirjam” tarif rejalarini taqdim etdi


    Bolalarning nevrologik kasalliklarini to‘g‘ri davolash yo‘llarini izlash


    “Payme foydalanuvchilarining hayotiy hikoyalari asosida”: Daler singlisiga kartadagi pulni o‘g‘irlikdan saqlashga qanday yordam berdi


     Asakabank “Mastercard bilan Venetsiyaga” aksiyasini boshladi


    Korzinka’dan BYD Song Plus: keng ko‘lamli aksiyada qatnashing, elektromobil minib keting


    Uzbekinvest kompaniyasi 2023-yilda elektron polislarni joriy etish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi

     

    Tavsiya etamiz

    Muzlatkich ichida jon saqlagan bola, Apple’ning yangi mahsulotlari, sudga chaqirilgan shahzoda — 6-iyun suratlari

    06.06.2023, 22:25

    O‘quvchilarga berilayotgan pasport, Toshkentda paydo bo‘lgan ovozkuchaytirgichli avtoulovlar, o‘ta xavfli jinoyatchini qo‘lga olish jarayoni — Toshkent shahar IIBB...

    06.06.2023, 16:27

    “Morg”ga aylantirilgan maktab, chopon kiyib olgan Rafet El Roman, metro zinasida uxlayotganlar — 5-iyun suratlari

    05.06.2023, 22:45

    “Barchamiz uchun jiddiy signal bo‘ldi” — qashqadaryolik yetti bloger o‘z faoliyatini tugatdi

    05.06.2023, 17:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    “Oltin yigitcha” Oskar de la Hoya ishtirokidagi eng yaxshi 5 ta jang

    Sport | 14.09.2023, 17:42

    To‘qimachilik fabrikalari, qullar savdosi va yelkanli kemalar. “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” klublari logotipidagi kema ramzining tarixi

    Sport | 02.07.2023, 22:51

    “Mutlaqo o‘xshamaydi”: pop qiroli Maykl Jeksonning 26 yoshli o‘g‘li qanday ko‘rinishga ega va hozir nimalar bilan band? (foto)

    Shou-biznes | 19.06.2023, 19:30

    Qondosh dublyorlar:Filmlarda o‘z egizagi bilan ishtirok etuvchi turk aktyorlari (foto)

    Shou-biznes | 18.06.2023, 12:40

    Shaffof poshnali poyabzal, sho‘ng‘ishga mo‘ljallangan kostyum: Maykl Jekson, Brando va boshqa mashhurlar ixtiro qilgan buyumlar (foto)

    Shou-biznes | 14.06.2023, 19:40

    Filmning 1 qismi uchun yuqori gonorar, shaxsiy avtouy: Turk aktyorlarining aqlbovar qilmaydigan talablari

    Shou-biznes | 12.06.2023, 13:37

    “Manchester Siti” yoki “Inter” hujumchisi tarixda qoladi. Bir mavsumda ham YCHL, ham JCH kubogini qo‘lga kiritgan to‘qqiz futbolchi haqida

    Sport | 10.06.2023, 17:40

    Shirinliklarga qaramlikdan kelib chiquvchi 4 ta xavotirli alomatlar

    Salomatlik | 09.06.2023, 19:30

    Tom Xenks o‘zi ishtirokidagi ba’zi filmlarni yomon ko‘rishi haqida so‘zlab berdi

    Shou-biznes | 09.06.2023, 10:29

    Ko‘z oldida onasi otasini otib tashlagan: fojiali voqealarni boshdan kechirgan mashhur ayollar (foto)

    Shou-biznes | 08.06.2023, 18:48
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • test
    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.