Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

6-fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida magnitudasi 7,4 ga teng bo‘lgan talafotli zilzila sodir bo‘ldi. Mamlakatning qator shaharlarini vayron qilgan zilzilada, so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, 3 419 kishi halok bo‘ldi, sal kam 20 534 kishi jarohatlandi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Uning aytishicha, bu zilzila Turkiya tarixidagi 1939-yildagidan keyingi eng katta ofatdir.

Tarmoqlardagi munosabat

Qardosh davlatdagi tabiiy ofat va undan keyingi aftershok o‘zbek jamoatchiligini ham befarq qoldirmadi. Ushbu holat ayni damda internet mahalliy segmentining eng asosiy, kun tartibini belgilab beruvchi voqeasi sifatida kuzatilmoqda.

Illyustratsiya: Respublika ta’lim markazi / Sarvar Farmonov

Tarmoq foydalanuvchilari fojia yuzasidan Turkiya hamda Suriyaga hamdardlik bildirmoqda. Ko‘plar moddiy yordam berish, aytimlar hatto ko‘ngilli sifatida zilzila oqibatlarini bartaraf etish, jabrlanuvchilarni vayronalar ichidan qutqarish ishlariga borish niyatida.

Xususan, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 7 balli zilzila ortidan vafot etgan insonlarga ta’ziya bildirib, “Turkiyadek qurilish sohasida ildam davlatda shuncha bino buzilganligi juda qo‘rqinchli holat” ekanini yozdi.

“Bu zilzila Erdo‘g‘on ma’muriyati uchun jiddiy imtihon. Roppa-rosa ikki oy-u bir haftadan keyin prezidentlik saylovlari bo‘ladi. Zilzila sabab Turkiya ijtimoiy kayfiyatidagi prioritetlar o‘zgardi: iqtisodiy-ijtimoiy muammolar biroz ortga surildi, qurilish xavfsizligi, zilzila qurbonlariga yordam, uysiz qolganlarni uy-joy bilan ta’minlash oldinga chiqadi. Zilzila fonida turk muxolifatiga e’tibor biroz pasayadi, hukumatga e’tibor va bosim yanada oshadi. Lekin, o‘ylashimcha, bu vaziyatda Erdo‘g‘on o‘zini kuchli inqiroz menejeri sifatida ko‘rsata oladi. Natijada ushbu zilzila ham Erdo‘g‘onning qayta saylanishi uchun qo‘shimcha foizlarga sababchi bo‘lishi mumkin”, — deydi Rabbimov.

Tilshunos jurnalist Eldar Asanov tabiiy kelib chiqishga qaramay, bu kabi ofatlar jiddiy siyosiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishini aytdi.

“Turkiyada ro‘y bergan fojia hali ham tabiiy ofatlar oldida kuchsiz ekanimizni ko‘rsatib qo‘ydi. Yiqilgan binolarni tiklashga, jabr ko‘rgan shaharlarda hayotni izga tushirishga milliardlab dollar mablag‘ ketadi. Turkiya iqtisodiyotiga og‘ir zarba beriladi, kelajak rejalari, maqsadlari o‘zgaradi. Buzilgan taqdirlarni, yo‘qotilgan hayotlarni esa tiklab bo‘lmaydi”, — deb yozadi “Asanov formati” kanali muallifi.

Qardoshlarga madad

Blogerlar Turkiyadagi tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurashish uchun moddiy yordam yuborish bo‘yicha bir qator takliflar bermoqda. Jumladan, Nurbek Alimov davlat nazorati ostida, Moliya yoki Tashqi ishlar vazirliklari qoshida osonlik bilan xayriya qilish mumkin bo‘lgan platforma yaratish kerak, degan fikrda.

“Humo va Uzcard’dan oson donat qilsa bo‘ladigan platforma qilish kerak tez. Hozir firibgarlar ham ko‘payadi kartaga pul tashlanglar, deydigan.

Xalqimiz chin dildan yordam qilishi uchun xayriya ishini ishonchli davlat strukturasi o‘z qo‘liga olishi kerak. Pul o‘tkazish ham oson bo‘lsin. Qonuniy bo‘lsin. Xullas, qardosh xalqqa xalqimiz yordam berishga intilmoqda. Buni to‘g‘ri qilaylik”, — dedi u Telegram kanalida.

Bundan tashqari, sport sharhlovchisi Orif Tolipov ham konkret bir tashkilot atrofida Turkiyadagi zilzila oqibatlari bilan kurashish uchun pul yig‘ish kerakligini aytmoqda.

Skrin: Twitter

“Biror tayinli tashkilot, farqi yo‘q — davlat yoki nodavlat, balki biror faol, rasmiy shaxs tashabbus ko‘rsatsa, Turkiyadagi zilzila oqibatlari bilan kurashish, odamlarga yordam berish uchun pul yig‘ilsa, O‘zbekiston jamoatchiligi nomidan. Bilmadim. Yurak ezilib ketyapti”, — deb yozdi Tolipov Twitter’da.

Hozirda Telegram messenjeri va Facebook, Instagram kabi tarmoqlarda bir nechta hisob raqamlar paydo bo‘lgan, ilovalarda yig‘ilgan mablag‘ Turkiyaga jo‘natilishi aytilmoqda.

O‘zbekistonliklar nafaqat moddiy yordam ko‘rsatmoqchi, balki bir qator jamiyat faollari volontyorlar guruhi bilan Turkiyaga yordamga borish niyatida. Masalan, bloger Olimjon Haydarov shaxsiy tashabbus bilan vayronalar ostida qolgan muhtoj insonlarga yordam berish uchun ro‘yxat tuzish fikrini bildirdi.

Skrin: Facebook

“Shu vaziyatda qardosh turk xalqiga, shuningdek, zilzila boʻlgan hududda yordamga muhtoj boʻlgan boshqalar (xususan, o‘zbeklar)ga ham yordam berish maqsadida shaxsiy tashabbus bilan volontyor sifatida bormoqchimiz. Hozircha tafsilotlar toʻliq oydinlashmadi. Elchixona bilan aloqaga chiqdik, ular hozircha roʻyxat soʻrashmoqda”, — deb yozdi u Facebook’da.

“Zambarakning o‘qi” Telegram kanali muallifi Farhod Fayzullayev esa hech narsani o‘zgartira olmasligi sabab jahonda bo‘layotgan yangiliklarga e’tibor bermaslikka harakat qilayotganini aytdi.

“Turkiyada bo‘lgan zilzila hammaning diqqat markazida. Juda ayanchli hodisa. Lentada zilzila videolarini ko‘rsam, faqat siqilib, o‘z ojizligimni his qilyapman. Lekin men hech narsani o‘zgartira olmayman. To‘g‘ri, masalan, pul ehson qilishim mumkin, lekin buyam katta rol o‘ynamaydi.

Shunday ekan, kuchimni, e’tiborimni o‘zim o‘zgartira oladigan masalalarga qaratishga harakat qilyapman. Oila muammolari, farzandlarim, mahallam, yaqinlarim, pul topish, mahalliy siyosat bilan shug‘ullanishni rejalashtiryapman”, — deydi u.

O‘zbekiston uchun signal

Fikr yetakchilari, shuningdek, Turkiyada yuz bergan talafotdan to‘g‘ri xulosa chiqarish, O‘zbekistondagi bino va inshootlarni zilzilalar, umuman, tabiiy ofatlarga mustahkam qilib qurish kerakligini qayta-qayta takrorlamoqda. Ular bugun Turkiya tushgan holatga ertaga O‘zbekiston tushishidan xavotirda.

Jurnalist Nikita Makarenko mamlakatdagi uylar zilzilalarga qanchalik bardoshli ekani haqida savol qo‘ydi.

“Turkiyadagi zilzila qurbonlari va halok bo‘lganlarga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Men boshqa narsa haqida o‘ylayapman. Toshkentda qancha bino 7 ballga chiday oladi? Ayniqsa, 2010-yildan keyin qurilganlari. Katta savol...”, — deydi Makarenko.

Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston ham zilzilaga moyil hudud ekanini eslatsa, Nurbek Alimov Toshkentda yaqin yillarda qurilgan uylardan ko‘ra, 1966-yildan keyin SSSR qurgan uylardan olaverish kerakligini yozdi.

Troll.uz loyihasi asoschisi Umid G‘ofurov esa yangi qurilgan uylarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish lozimligini bildirdi.

“O‘zbekistonda yangi qurilgan uylarning sifatini, zilzilalarga bardoshliligini tekshiringlar. Keyin kech bo‘ladi”, — dedi G‘ofurov.

Gumanitar yordam

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qilib, Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etdi. Turkiya xalqiga, vafot etganlar va jabrlanganlarning oilalari va yaqinlariga sabr tiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Turkiyaga O‘zbekistondan 100 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv otryadi jo‘natilayotganini ma’lum qilgan. “O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga asosan, 7-fevral kuni zilziladan talafot ko‘rgan Turkiya respublikasiga insonparvarlik yordami va FVV qidiruv-qutqaruv bo‘linmalari jo‘natiladi. Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilzila oqibatlarini bartaraf etishga O‘zbekiston FVVning maxsus texnika va kinologiya xizmati jalb etiladi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10:00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ayni vaqtda Turkiyaning janubiy viloyatlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi.

Konsullik zilzila qayta sodir bo‘layotgani sababli fuqarolardan bir qator qoida va ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilishni so‘rab, zarur hollarda murojaat qilish uchun aloqa telefon raqamlari qoldirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik shu kabi kuchli zilzila O‘zbekistonga ham yetib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgani sabab FVV bu haqda rasmiy munosabat e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda yaqin orada kuchli zilzilalar sodir bo‘lmaydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »