Afg‘oniston va Pokiston chegarasida qurolli to‘qnashuv boshlandi, o‘q ovozlari eshitilib turibdi (video)
Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi Torxam nazorat-o‘tkazish punktida ertalab “Tolibon” jangchilari va Pokiston harbiylarining qurolli to‘qnashuvi yuz berdi, deb xabar bermoqda OAV. Tomonlar bir-birini og‘ir va yengil qurollardan nishonga olgan.
Daily News Nangarhordagi mahalliy manbalarga tayanib otishma hali ham davom etayotganini yozdi. Torxamdagi do‘kon egasi Shabir Ahmadning aytishicha, bugun (20-fevral) ertalabdan beri og‘ir va yengil qurollarning o‘q ovozi eshitilmoqda. Keyinchalik buni tasdiqlovchi video tarqaldi.
Yana bir manbaga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv “Tolibon” jangchilari Pokiston harbiy postlaridan biriga yaqinlashganidan keyin boshlangan. Uning aytishicha, Torxam shahri janglar xavfi tufayli yopib qo‘yilgan, “Tolibon” odamlardan vaziyat yaxshilanmaguncha Torxamga bormaslikni so‘ragan.
Mintaqadagi yana bir mahalliy manbaning ismi sir qolish sharti bilan ma’lum qilishicha, Torxamda Pokiston askarlari va toliblar o‘rtasidagi jangda Abdul Samad ismli “Tolibon” jangchisi halok bo‘lgan.
Torxamdagi “Tolibon” rasmiylari hali mojaroni tasdiqlamagan bo‘lsa-da, harakatning Torxamdagi komissari Muhammad Siddiq kecha tunda Pokiston hukumati yo‘lovchilar harakatini to‘xtatgani uchun Torxam darvozalari yopilganini aytdi.
Torxam nazorat-o‘tkazish punkti Pokiston bilan muhim savdo yo‘llaridan biri hisoblanadi, u yerda har kuni savdo tovarlaridan tashqari minglab odamlar chegaradan o‘tib qaytadi.