Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlovchi muzliklar asr oxiriga kelib yo‘q bo‘lib ketishi mumkin
Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi baland tog‘li hududlardagi muzliklarning katta qismi asr oxiriga kelib erishi mumkin. Olimlar muzliklar maydoni har yili bir foizga qisqarayotganiga tayanib, shunday xulosaga keldi, deya xabar berdi Sputnik.
“Muzliklar iqlim o‘zgarishining eng yorqin ko‘rsatkichidir. Boshqa tomondan, ular Markaziy Osiyo davlatlarida toza suvning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Erigan va qor suvlari bilan birgalikda muzliklar qayta tiklanadigan suv resurslarining kamida 80 foizini tashkil qiladi. Shu sababli muzliklarning qisqarishi Markaziy Osiyo uchun jiddiy muammodir”, — deydi rossiyalik ekspert Takir Baliqboyev.
Agar muzliklar erishi bir xil shiddat bilan davom etsa, asr oxiriga kelib ularning salmoqli qismi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bu Markaziy Osiyoda suv, atrof-muhit va oziq-ovqat tangligiga olib kelishi kutilmoqda.
Mutaxassislar muzliklarning erishi global muammo bo‘lib, buning sabablari ko‘pligini aytmoqda. Jumladan, global isish ulardan biri sanaladi.
“Muammoni chuqur o‘rganish va hal etish uchun barcha davlatlar birlashishi zarur”, — deb hisoblaydi olimlar.
Oxirgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, 15 milliongacha odam kuchli suv toshqini xavfi ostida. Osiyo va Janubiy Amerika xalqlari bunday toshqinlarga ko‘proq moyil. Birgina Osiyoda bir millionga yaqin odam muzlik ko‘lidan atigi 10 kilometr uzoqlikda yashaydi. Xavf ostida bo‘lganlarning yarmidan ko‘pi Hindiston, Pokiston, Peru va Xitoyda istiqomat qiladi.
Avvalroq Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon XXI asrning oxiriga kelib, dunyodagi muzliklar soni uchdan birga qisqarishi mumkinligini aytgandi.
“Birgina so‘nggi 50 yil ichida Tojikistonda mingdan ortiq muzliklar to‘liq erib ketgan, mamlakat muzliklarining umumiy hajmi qariyb uchdan bir qismga qisqargan”, — degan u.
Siyosatchi shu davrda dunyoda aholi jon boshiga toza suv ko‘rsatkichi 2,5 barobarga, Markaziy Osiyo mintaqasida esa 4 barobarga kamayganini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan siyosatchi o‘rtacha havo haroratini pasaytirishga qaratilgan izchil va kelishilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirgan.