Foto: Getty Images

So‘nggi yigirma yillikda Qatar eng liberal arab davlatlaridan biriga aylandi. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, qatarlik ayollarning mavqeyiga ta’sir ko‘rsatdi – endi ular ovoz berish, mashina haydash va qo‘shni musulmon davlatlariga qaraganda erkinroq kiyinish huquqiga ega bo‘ldi. Ta’lim olishga ruxsat berilgani tufayli hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan erkaklar bilan raqobatlasha oladilar. Bugungi kunda hatto Qatar Vazirlar Mahkamasida ham ayollar bor. Mamlakatning bu ajoyib o‘zgarishi ortida esa nafaqat erkak hukmdor, balki uning ajoyib rafiqasi shayxa Moza ham turibdi.

“U (ayollar uchun) dunyo eshiklarini ochdi, — deydi yaqinda Qatar universitetini xalqaro siyosat yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan 22 yoshli Maryam al-Dafa. — Qatar 20 yil oldin butunlay boshqacha edi. Ilgari erkaklar o‘qiydigan universitetga hujjat topshirgan ayol haqida yomon fikrda bo‘lishgan. Bu norma emas edi. Endi odamlar qatarlik ayollarni ayanchli ojiza emas, balki yetakchi sifatida ko‘rishadi. Qatarlik ayollar o‘zlarini ko‘rsata olmoqda va jamiyat o‘zgara boshladi”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shayxa Moza butun arab dunyosida modernizatsiya va tenglik uchun kurashuvchi kuch sanaladi. Shuning uchun 2007-yilda Forbes jurnali uni dunyodagi eng nufuzli 100 nafar ayol ro‘yxatiga kiritdi. U buni qanday amalga oshira oldi?

Foto: Getty Images

Surgundagi bolalik

Moza bintu Nosir 1959-yil 8-avgustda Qatar shimolidagi qirg‘oq bo‘yida joylashgan Al-Xor shahrida tug‘ilgan. Uning otasi muvaffaqiyatli biznesmen va siyosatchi bo‘lib, mavjud tuzumga ochiqchasiga qarshilik ko‘rsatib, mamlakatning barcha aholisi o‘rtasida boylikni adolatli taqsimlashga chaqiradi. Tez orada bunday muxolif gaplari uchun qamashadi. Ammo qamoq ham uni bu yo‘ldan qaytarolmaydi. Aksincha, qamoqda o‘tirganida oliy ma’lumotga ega bo‘ladi. 1964-yilda ozodlikka chiqqandan keyin u oilasini Kuvaytga ko‘chirishga qaror qiladi.

Qizining shaxsini shakllantirishda aynan ota muhim rol o‘ynadi: u Mozaga nafaqat musulmon urf-odatlarini hurmat qilishni, balki har doim o‘zining eng yaxshi bo‘lishga intilishni o‘rgatdi; doimo rivojlanib, dunyoga keng nigoh bilan boqdi. “Men ta’limning kuchiga ishonadigan oilada tug‘ilganman, — deydi Moza. – Otam farzandlari ilmli inson bo‘lib ulg‘ayishini xohlardi. U hatto ingliz tilini o‘rganishimiz uchun bizni Buyuk Britaniyaga ham yuborgan”. Bolaligida Moza shifokor bo‘lishni orzu qilgan, ammo keyin ijtimoiy va siyosiy fanlarga qiziqib qoladi.

Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan uchrashuv

Foto: Getty Images

Chet eldagi maktabni tugatgach, Moza oliy ma’lumot olish uchun vataniga qaytishga qaror qiladi. Qatardagi talaba qizlarga bo‘lgan munosabatni hisobga olganda, bu xavfli qaror edi. Ammo otasiga munosib qiz bo‘lgan Moza qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi. 1977-yilda u Qatar institutining siyosatshunoslik yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Va ko‘p o‘tmay, uning kelajakdagi hayotini belgilab beradigan uchrashuv yuz berdi.

Aqlli va chiroyli talaba Qatar valiahd shahzodasi Hamad ibn Xalifa at-Tani e’tiborini tortdi. Biroq otalari ashaddiy dushman bo‘lganini hisobga olsak, uning muhabbatini qozonish oson emas edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan Moza Hamadning hukmron shayxdan tubdan farq qilishini, yanada ilg‘or qarashlarga ega ekanligini va eskirgan rejimni modernizatsiya qilishni xohlashini tushundi. Umumiy manfaatlar ularni birlashtirdi. Valiahd shahzoda muxolifatchining qiziga turmush qurishni taklif qilganida, u rad eta olmadi.

Shahzodaning hammaga o‘xshamagan rafiqasi

Shayx Hamad ibn Xalifa at-Tani va shayxa Moza, 2010-yil
Foto: Getty Images

Qatar qirollik oilasining a’zosi bo‘lganida, Moza atigi 16 yoshda edi. Keyingi yillarda u saroy odobining barcha nozik jihatlarini o‘rgandi, yettita merosxo‘rni dunyoga keltirdi, hatto Hamadning yana ikkita xotini — kundoshlari bilan do‘stlashdi. Aftidan, Moza butun umrini turmush o‘rtog‘i soyasida o‘tkazishga o‘rgangan musulmon ayollardan biriga aylangan edi. Lekin bunday emasligi tez orada ayon bo‘ldi. Mozaning yetakchilik fazilatlari va aqli unga doim chetda qolishiga imkon bermasdi. Shuning uchun u saroydagi mavqeyini mustahkamlab, soyadan tashqariga chiqa boshladi.

Dastlab Moza o‘qishni davom ettirdi. U Qatar institutida bakalavr darajasini oldi, shundan so‘ng Hamad ibn Xalifa universitetida davlat siyosati bo‘yicha magistrlik mutaxassisligini muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi (keyinchalik u Texas universiteti, Karnegi Mellon universiteti, London Imperial kolleji va Jorjtaun universitetining faxriy doktori unvoniga sazovor bo‘ldi). O‘shanda valiahd shahzoda Mozani boshqa xotinlaridan ajralib turishini payqadi: uning donoligi, jasorati va mehnatsevarligiga qoyil qoldi. Bundan tashqari, Hamad arab oilalari uchun juda g‘ayrioddiy bo‘lsa-da, uning fikrini tinglashni boshladi. Ko‘plab tarixchilar va jurnalistlar Moza 1995-yilda Qatarda sodir bo‘lgan voqealarda muhim rol o‘ynagan deb hisoblashadi.

Yangi birinchi xonimning debyuti

Foto: Getty Images

1990-yillarning o‘rtalariga kelib, Shayx Xalifa ibn Hamad as-Soniyning jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi susaydi. Uning o‘g‘li asosiy davlat institutlarini modernizatsiya qilish orqali mamlakatni gullab-yashnatish uchun vaziyatdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. 1995-yilning yozida shayx Shveysariyaga ta’tilga ketganida, Hamad ibn Xalifa at-Tani o‘zini Qatar hukmdori deb e’lon qildi. Bu davlat tarixida yangi sahifa ochgan “qonsiz to‘ntarish” edi. Keyingi yillarda Hamad ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirdi, yangi konstitutsiyani tasdiqladi va tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalasini hal qildi (Qatarni dunyoda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 90 000 dollardan yuqori bo‘lgan davlatga aylantirdi).

Hamadning davlat rahbari sifatida qabul qilgan ilk qarorlaridan biri Qatar Ta’lim, fan va ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasi (Qatar Foundation)ni tashkil etish edi. Shayxa Moza uning raisi va mafkuraviy ilhomlantiruvchisi bo‘ldi. “Bizda boylik bor, shuning uchun pulimizni bilimga asoslangan jamiyat yaratish uchun ishlatmaslik katta ahmoqlik bo‘ladi”, — dedi u donolik bilan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eri uni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Shayxa Moza tabassum bilan: “U uzoqni ko‘ra biladigan odam, — deydi.  — U har doim ta'lim bilan bog‘liq tashabbuslarni ma’qullaydi”. 25 yildan ortiq vaqt davomida shayxning rafiqasi ushbu jamg‘armaga rahbarlik qilib, jamoat tadbirlarida uning manfaatlarini himoya qilib keladi. Uning Qatardagi faoliyati tufayli dunyoga mashhur universitetlarning filiallarini ochish va mamlakatning barcha aholisi uchun ta’lim olish imkoniyatini ta'minlash mumkin bo‘ldi.

“Qalblar qirolichasi”

Shayxa Moza Sharqdagi harbiy mojarolardan jabrlangan qizlar bilan suhbatlashmoqda, 2012-yil
Foto: Getty Images

2003-yilda Shayxa Mozaning xizmatlari xalqaro maydonda yuqori baholandi va u UNESCO’ning asosiy va oliy ta’lim bo‘yicha maxsus elchisi lavozimiga taklif qilindi. Moza mamnuniyat bilan rozi bo‘ldi, chunki u nafaqat o‘z mamlakatiga, balki boshqa xalqlarga ham foyda keltirmoqchi edi. Shayxa Moza, shuningdek, EAA (Education Above All) jamg‘armasiga asos solgan bo‘lib, hozirgacha 10 million nafar nochor yoshlarning oyoqqa turishiga yordam bergan.

Jamg‘arma ishi doirasida Qatar shayxining turmush o‘rtog‘i Uchinchi dunyoning ko‘plab mamlakatlariga tashrif buyurdi. “Yaqinda men Bangladesh, G‘azo sektori va Keniyadagi ta’lim loyihalari bilan tanishdim, — deydi u. — Doimiy ravishda toshqinlar sodir bo‘ladigan va aholisi juda yomon sharoitda yashaydigan Bangladeshda “suzuvchi maktablar” joriy etildi. Ular bolalarni to‘playdigan avtobus va ta’lim beradigan sinfning ikkilamchi maqsadiga xizmat qiladi. Bu innovatsion va ilhomlantiruvchi yechim. Men tanishgan bolalar o‘rganishdan juda xursand bo‘lishdi. Axir ularning ota-onalari bunday imkoniyatga ega emas edilar.

Shayxa Moza suriyalik qochqinlar lageridagi bolalar bilan, 2014-yil
Foto: Getty Images

G‘azo sektorida o‘quv materiallari yetishmasligi, doimiy o‘qqa tutilish, ota-onalar har gal maktabga borganlarida farzandlari haqida qayg‘urayotgan blokadadagi hayotning murakkabligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Bu bolalar juda qiyin davrni boshdan kechirishmoqda, lekin ular o‘qish uchun mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanadilar. Keniyada esa qochqinlar lageriga tashrif buyurdim, u yerda 6 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan 168 nafar bola deyarli pol va devorsiz sinfda ta’lim olmoqda”.

Bu kabi bolalar va ularning ota-onalari uchun shayxa Moza zulmat olamida yorug‘lik nuriga aylandi. Axir bu ajoyib ayol ularga hatto orzu qilishga jur’at etolmagan imkoniyatlarni berdi. Sharqning “Qalblar malikasi” bolakay bilan bo‘lgan suhbatni eslab, shunday deydi. “U menga o‘zining “sehrli” kartochkalarini ko‘rsatdi va agar dunyoda biror narsani o‘zgartira olganida, barcha odamlarni mehribonroq qilishini aytdi”, deb eslaydi u. “U kabi bolalar juda shikastlangan. Ular odamlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan. Bu bola hech qachon mehribonlik ko‘rmagan, shuning uchun mehr unga “sehrli” narsadek tuyuladi”.

Bejirim uslub

Shayxa Moza va qirolicha Yelizaveta, 2010-yil                                                                       
Foto: Getty Images

Asta-sekin shayxa Moza Sharqning eng nufuzli jamoat arboblaridan biriga aylandi va ko‘plab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi (jumladan, Britaniya imperiyasi qo‘mondon xonimi ordeni). U eriga xalqaro ziyofatlarda hamrohlik qilgan, hatto bir o‘zi chet el safarlariga ham borgan (Qatar qirollik oilasidagi ayollar hech qachon bunday qilmagan). Biroq shayxa Mozaning aytishicha, u hech qachon urf-odatlarni buzish maqsad qilmagan. “Bularning barchasi tabiiy ravishda sodir bo‘ldi — bu (qabul qilingan me’yorlarni) buzish uchun emas edi, — deb tushuntiradi u. — Shunchaki erim menga, mening ishimga va ijobiy o‘zgarishlar olib borishimga ishonadi. U menda munosib sherikni ko‘radi”.

Shayx Moza va shaxzoda Charlz, 2010-yil                                                                          
Foto: Getty Images

Moza hech qachon hijob kiymaydi, buning o‘rniga zamonaviy va nafis ro‘mollarni afzal ko‘radi. Uning garderobida Chanel, Hermès, Ralph Russo, Stephane Rolland, Jan Pol Gaultier va Valentino kabi jahon brendlarining liboslari bor. Shayxa Mozaning tan olishicha, u chiroyli oyoq kiyimlarni juda yaxshi ko‘radi, ular orasida Christian Louboutin poyabzallari uning sevimlisiga aylangan. Bundan tashqari, u stilistlar xizmatidan foydalanmasdan mustaqil ravishda o‘zining obrazlarini yarata oladi. “Shunchaki, mening nima istashimni tushunadigan odam yo‘q”, — deb tushuntiradi u jilmayib.

Erkaklarni bo‘ysundirgan ayol

Shayx Hamad ibn Xalifa at-Tani va shayxa Moza, 2010-yil
Foto: Getty Images

Shayxa Moza donishmand ayol sifatida o‘z kelajagi haqida oldindan qayg‘urgan. U erining boshqaruvida ekan, o‘zini xavfsiz deb bilardi. Ammo keyingi shayx (Hamadning birinchi xotinidan to‘ng‘ich o‘g‘li) taxtga o‘tirgandan keyin uning taqdiri qanday bo‘ladi? Moza ko‘p yillik mehnatining samarasini xavf ostiga qo‘yishiga yo‘l qo‘ya olmadi. Shuning uchun u eridan kelajakdagi voris nomzodini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Moza o‘g‘li Tamim ibn Hamad ibn Xalifa at-Tani valiahd shahzoda qilishga shayxni ko‘ndirdi. Shayx esa haqiqatan ham suyukli xotinini rozi qilish uchun shunday aqlbovar qilmaydigan qadam tashladi.

Foto: Getty Images

2013-yilda hukmdor Hamad valiahd shahzoda Tamim foydasiga taxtdan voz kechdi va siyosiy maydonni tark etdi. Shunga qaramay, shayxa Moza hamon o‘z mamlakati va xalqaro hamjamiyatga xizmat qilishda davom etmoqda. Hech shubha yo‘qki, o‘g‘li onasining fikrini bir paytlar otasi quloq solgani kabi qo‘llab-quvvatlaydi.