Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Chempionlar Ligasi 2018/19-yilgi mavsumi finali o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 1-iyun kunida futbol olami Xose Antonio Reyesning o‘limi haqidagi xabardan shokka tushdi. Quyida yengilmas “Arsenal”ning a’zosi bo‘lgan, “Real Madrid”ga Ispaniya La Ligasidagi 30-chempionlikni qo‘lga kiritishda yordam bergan va o‘zi tarbiya topgan “Sevilya” jamoasi bilan uch marta Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan futbolchining faoliyati haqida so‘z boradi.

Bergkampning o‘rinbosari

“Arsenal” murabbiyi bo‘lib ishlagan Arsen Venger ko‘p bora yosh iste’dod egalarini kuzatgan, biroq ularning barchasini ham jamoasiga olib kelmagan. 20 yoshli ispaniyalik futbolchining transferi esa imkon qadar tez hal qilingandi. O‘sha vaqtda Reyes “Sevilya” bilan Segundada, Ispaniya U-19 jamoasi bilan Yevropa chempionatida g‘olib chiqqandi. Doim iste’dodli futbolchilari uchun katta pul talab qilib kelgan Andalusiya klubi sport direktori Ramon Monchi 2004-yilda Xose Antonio Reyesni 20 million yevroga sotadi.

Arsen Venger Xoseni Tyerri Anri bilan duetda o‘ynatmoqchi edi va Dennis Bergkampning o‘rinbosari sifatida ko‘rayotgandi. Niderlandiyalik futbolchida aerofobiya (samolyotda uchishdan qo‘rqish) bor ekanini hamma bilardi va murabbiy muhim o‘yinlar uchun “B rejasi”ni tayyorlamoqchi edi. Kamtar va doim kulib yuradigan — fransiyalik mutaxassis ko‘plab istiqbolli ispan futbolchilari ichidan ajratib olgan o‘yinchisini aynan shunday eslab qolgandi.

Angliya Liga Kubogining beshinchi bosqichida Bergkampni almashtirishga hojat bo‘lmadi, biroq “Chelsi”ga qarshi bahsda aynan Reyes o‘yinni o‘zgartirib, Karlo Kudichini darvozasiga ikkita to‘p kiritdi. O‘shanda angliyalik muxlislar birinchi marta ispaniyalik futbolchining ismini qo‘shiq qilib kuylagandi. Xose Premyer Liga mavsumida birorta ham mag‘lubiyatga uchramay chempion bo‘lgan jamoaning bir qismi edi.

Foto: “Arsenal”

Fabregas Ispaniyadan Angliyaga Reyesdan bir yil oldinroq ko‘chib o‘tgan bo‘lsa-da, Franseskaning so‘zlariga ko‘ra, uning Tumanli Albiondagi birinchi yaqin do‘sti Xose bo‘lgan va notanish sharoitlarga moslashishiga yordam bergan. Ular uzoq muddat xonadosh bo‘lgan.

Texnikasi kuchli, yaxshi tezlik va kuchli zarbaga ega bo‘lgan Reyes ingliz futbolchilarining juda qo‘pol o‘ynashidan aziyat chekardi. Gari Nevill o‘z avtobiografiyasida ispaniyalik futbolchi to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazganini, keyin esa “Manchester Yunayted” sardori vaziyat tug‘ilishi bilan undan qasos olishga harakat qilganini tan olgandi.

Foto: Getty Images

Ingliz futbolchilari Reyesni qanday to‘xtatish mumkinligini topgan vaqtda, “Arsenal” Chempionlar Ligasida ajoyib mavsum o‘tkazdi. London klubi guruh bosqichi 3-turidan boshlab to finalgacha birorta ham gol o‘tkazib yubormadi.

Xose deyarli barcha o‘yinlarda maydonga tushdi, lekin final oldidan Arsen Venger Aleksandr Gleb variantini tanladi. “Barselona”ga qarshi finalning 18-daqiqasida Yens Lemann qizil kartochka oldi va “Arsenal” bir kishi kam bo‘lib qoldi. Londonliklar hisobni ochgan bo‘lsada, g‘alabani ushlab qololmadi. Reyes besh daqiqaga maydonga tushirilgandi.

Uy sog‘inchi

Finaldagi mag‘lubiyatdan keyin Reyesning vatanga qaytish xohishi ortdi. Futbolchi Xulio Baptista o‘rniga “Real”ga bir mavsumga ijaraga berildi. Xose tezda optimal formaga kirdi va Fabio Kapelloning 4-3-3 sxemasida barqarorroq o‘ynashni boshladi. Yangi kelgan futbolchi Raul va Rud van Nistelroy bilan trioda goh o‘ng qanot, goh chap qanot hujumchisi vazifasini bajardi. Agar Devid Bekhem bosh murabbiyning talablarini bajarishga qiynalsa, ispaniyalik futbol uning o‘rnini ham egallardi.

Reyes mavsum davomida jami 38 ta o‘yin o‘tkazdi va baribir qahramonga aylandi. So‘nggi tur oldidan La Liga yetakchilarida 73 tadan ochko bor edi. “Real” ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, oxirgi bahsda autsayder “Ximnastik”ka qarshi maydonga tushadigan “Barselona” chempionga aylanishi mumkin edi. Madrid klubi “Malyorka”ni qabul qildi. O‘yinning 65-daqiqasiga kelib “Real” 0:1 hisobida mag‘lub bo'layotgandi, Kataloniya poytaxtida “ko’k-anorranglilar” raqibini 4:0 hisobida tor-mor keltirayotgandi. 66-daqiqada Fabio Kapello Devid Bekhem o‘rniga Xose Antonio Reyesni maydonga tushirdi. Ikki daqiqadan so‘ng ispaniyalik futbolchi hisobni tenglashtirdi va 83-daqiqada deyarli 30 metrdan zarba yo‘llab gol urdi. “Real” o‘z tarixida o‘ttizinchi marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi va bunda Reyesning yordami katta bo‘ldi. O‘shanda “qaymoqranglilar” o‘zaro o‘yinlar natijalariga ko‘ra katalon klubini ortda qoldirgandi.

Foto: Getty Images

“Real”da chempionlik ham barqarorlikni ta’minlamadi. Prezident Roman Kalderon murabbiy Fabio Kapelloni iste’foga chiqardi. Keyin Reyes va yana bir qancha futbolchilar jamoani tark etdi. “Qirollik klubi” Xoseni “Arsenal”dan sotib olmadi, futbolchi esa London klubi bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va Madridda qoldi. Bu safar “Atletiko” safida.

Madridning ikkinchi tomoni

Xose Reyes “Arsenal” bilan Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishga yaqin kelgandi, biroq futbolchi mag‘lubiyatning o‘rnini Yevropa Ligasidagi g‘alabalar bilan to‘ldirdi. Ammo Reyes “Atletiko”da darhol tan olinmadi.

Muxlislar yaqinda “Real” logotipini o‘pgan futbolchini “matraschilar” safiga o‘tishiga qarshilik bildirdi. Jamoa bosh murabbiy Xavyer Agirre qanotlarda Maksi Rodrigez va Simaoni o‘ynatishni afzal ko‘rayotgandi. Parallel ravishda Diyego Forlan formasini tiklayotgandi, Serxio Aguero esa o‘sayotgandi. Ba’zida Reyesning asablari dosh bermasdi.

Men kabi futbolchilar borini berishga va uning o‘rniga faqatgina ko‘karishlar va shishlar orttirib olishga majbur. Ba’zi muxlislar “Real”dagi tariximdan boshqa hech narsani ko‘rishni xohlamaydi. Lekin futbol “tomosha ko‘rsatmoqchi bo‘lgan hamma futbolchilarga qo‘pollik qil” tamoyili bilan emas, balki “maydonga chiqish, o‘ynash va qoyil qoldirish” maqsadida o‘ynalishini unutmaslik kerak, — degandi Xose.

Reyes boshqa bir ispaniyalik murabbiy Kike Sanches Flores shug‘ullantirayotgan “Benfika” jamoasiga ijaraga berildi. Mutaxassis “Arsenal” va “Real”da yulduzga aylangan futbolchiga qanday qilib bunchalik past baho berish mumkinligini tushunmadi va Xosega cheksiz ishonch bildirdi. Mavsum yakunida murabbiy ham, futbolchi ham “Atletiko”ga jo‘nab ketdi.

Madrid klubi ajoyib mavsum o‘tkazdi. “Matraschilar” mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi, o‘z tarixida birinchi marta Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi va UEFA Superkubogini yutdi. Flores bir vaqtning o‘zida asosiy tarkibda Reyes, Aguero va Forlanga joy topa oldi, darvozani David De Xeaga ishonib topshirdi va Diyego Kostani asosiy tarkib futbolchisiga aylantirdi.

Foto: Getty Images

Sevilyaga qaytish

Kike jamoadan ketganidan keyin Reyes yana o‘zini Madridda keraksizdek his qilishni boshladi. Hatto Yevropa Ligasidagi navbatdagi g‘alaba ham vaziyatni yaxshilamadi. Vinger vatani “Sevilya”ga qaytdi. Futbolchi hali ham La Liga klublari futbolchilari bilan jismoniy jihatdan bellashishda qiynalardi. Jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri futbolchining klubda yetakchi va o‘rnak bo‘lishi muhimligini tushunib, o‘ziga ishonchini yo‘qotmasligi uchun Reyesga yuklamalarni oshirdi.

Shunday qilib Xose “Betis”ga qarshi birinchi Andalusiya derbisida 11-soniyada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Reyes Yevropa Ligasi finallaridagi ketma-ket uchta g‘alabaning ikkitasida o‘yinni asosiy tarkibda boshlagandi.

Foto: Getty Images

Reyes haqiqatan ham yosh jamoadoshlarini ilhomlantirardi. Ulardan biri himoyachi Alberto Moreno bo‘lgandi. U ham Xose kabi andalusiyaliklar tarbiyalanuvchisi edi va yoshlar miqyosida Yevropa chempioni bo‘lgandi. Moreno APLga yo‘l oldi va Reyes qilolmagan ishni bajardi. Futbolchi “Liverpul” bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi. Sobiq jamoadoshining o‘limini eshitgan Alberto shokka tushib qoldi, Madriddagi Chempionlar Ligasi finalidagi bir daqiqalik sukut vaqtida ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a ushlab turdi va o‘yindan so‘ng marhum kumirining portreti tushirilgan futbolka kiydi.

Foto: Goal

Tezlikni oshirish

Yevropa Ligasida beshinchi marta g‘olib chiqqanidan so‘ng ispaniyalik futbolchi oyog‘ini sindirishlaridan charchaganini angladi va futboldagi faoliyatini yakunlamoqchi bo‘ldi. Tempi pasayishda davom etarkan, avval “Espanyol”, so‘ng “Kordoba” safida o‘ynadi. Yakunda faxriy futbolchini Xitoyning “Sinszyan Tyanshan Leopard” klubi sotib oldi. Biroq sharqiy yarimshardagi hayot yevropalik vinger uchun oson kechmadi, Ispaniyadagi uyida esa ikki nafar kichkina qizalog‘i Noeliya va Triana ulg‘ayib borardi. Shu sababli Reyes qishda oilasi bag‘riga qaytishga qaror qildi.

35 yoshli vinger bahorgi mavsumni sobiq jamoadoshi Diyego Kapelning taklifiga binoan “Estremadure” jamoasida o‘tkazdi. Yarim professional klub avvalroq B Segundaga chiqqandi va Reyesning yordami bilan musobaqada jon saqlab qolgandi. Futbolchining shartnomasi yarim yilga mo‘ljallangandi va Xose faoliyatini yakunlashini e’lon qilishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin edi.

Yozning birinchi kunida Xose 23 yoshli ukasi bilan Mercedes S550 mashinasida Almendralexo shahridan o‘z uyiga, Utrerga ketayotgan edi. A-376 trassasida tezlikni oshirgan avtomobil yuk mashinasiga borib urilgan. Aka-ukaning ikkisi ham halok bo‘lgan, yana bir yo‘lovchi tanasining 60 foizi kuyishi bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Xose Antonio Reyes bilan yuz bergan fojiadan to‘rt yil o‘tib, “Sevilya” Yevropa Ligasida yana g‘alaba qozondi. Jamoa finalda Italiyaning “Roma” jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. Bu Andalusiya klubining musobaqadagi yettinchi chempionligi bo‘ldi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »