Tojikistonda IIV xodimi odam o‘g‘irlashda gumonlanib qo‘lga olindi
Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i yordamchisi Akmal Yusufzoda odam o‘g‘irlashda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda “Ozodi” manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, Tojikiston davlat tijorat universitetining 38 yoshli o‘qituvchisi Ismoil Rahmonov 12-iyun kuni bedarak yo‘qolgan. O‘sha universitetda Rahmonovning rafiqasi va Yusufzodanig rafiqasi ham ishlaydi. Rahmonov yo‘qolishidan avvalgi kuni ayollar o‘rtasida nizo kelib chiqqan va IIV xodimi Rahmonovni suhbatga chaqirgan.
“12-iyun kuni kechki payt u (Yusufzoda) Ismoil Rahmonovni majburan mashinaga o‘tqazib, noma’lum tomonga olib ketdi. Universitet o‘qituvchisining qayerdaligi, tirikmi yoki yo‘qligi noma’lum”, — dedi “Ozodi”ga manbalardan biri.
Nashr muharrirlariga Rahmonovni ikki kishi yerda sudrab ketayotgani aks etgan videoyozuv kelib tushdi. Kadrlarga ko‘ra, voqea kechasi poytaxtning “1-Sovetskiy” mikrorayonida sodir bo‘lgan, u yerda Rahmonovning singlisi istiqomat qiladi.
“Ozodi”ning tergov organlaridagi manbasi shunday deydi:
“Surishtiruv chog‘ida Akmal Yusufzoda Ismoil Rahmonovni Varzob darasiga olib borib, qo‘yib yuborganini aytdi, ammo bunga ishonish qiyin”.
Ayni paytda Rahmonovning yaqinlari uning jasadini Zarafshon daryosi bo‘yidan qidirmoqda.
Yusufzoda Tojikiston Bosh prokuraturasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Nazorat organi va Ichki ishlar vazirligi amaldorning hibsga olinishiga izoh bermayapti.