Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Tuzukroq sarlavha topilmagan matn

Bir tasavvur qiling-a: Xonadoningizda bitta ham kitob yo‘q. Kutubxonada ham, idora-yu ofislarda ham, internet saytlari-yu do‘kon, bozordan ham bu zormandani izlab topolmaysiz. Kitob o‘qigan u yoqda tursin, saqlagan odamni beshafqat ta’qib, nihoyasiz qo‘rquv kutib turibdi… Shunda nima yuz beradi?

Odamlar bir-birini eshitmaydigan, fikrlashdan to‘xtagan, erkinlik mahv etilgan jamiyatda kitoblar teskari ishlaydi, ular aql kushandasi sanaladi, yozilmagan taqiqlar tufayli odamlar asta-sekin ulardan voz kechadi, adabiyotdan qo‘rqadi. Ular faqat quloqlaridagi “chig‘anoq”lardan taraladigan ma’nisiz musiqadan mast-alast va chalg‘ituvchi ranglarga to‘la reklamalardan sarxush yashaydi.

Kitoblar taqiqlangan yaqin kelajakdagi Amerika jamiyati haqida hikoya qiluvchi ushbu asar bosh qahramoni Gay Monteg — o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlaydi. Biroq u siz-u biz bilgan odamlarning hayotini qutqarishni maqsad qilgan kasb egasi emas. Nomi o‘t o‘chiruvchi, ammo kitoblarni ular topilgan uylar bilan qo‘shib yoqish uning a’molidir. Ammo kuni kelib, u o‘z kasbining to‘g‘riligiga shubhalanib qoladi va asta-sekin fikrlashni istayotganini sezadi, ana shundan boshlangan isyon ortidan u o‘zi yashab turgan jamiyatdagi tutumni, tartibotni savol ostiga ola boshlaydi…

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

Muallif va asar haqida Ikki og‘iz  

Rey Bredberining butun ijodi o‘quvchilarga fantastika bo‘lib tuyuladi. Uni XX asrning yirik fantasti sifatida e‘tirof etishadi. To‘g‘ri, o‘tgan asrning 40-yillari oxiri 50-yillar boshida asarlarida birinchi marta tasvirlangan hali xayol mevasi bo‘lib tuyulgan videokuzatuv, mobil telefon, plazma televizor, bankomat kabi bashoratlari bugungi kunda oddiy jihozlarga aylandi. Adib videokuzatuvning inson erkinligini bo‘g‘uvchi, uni kuchlilar va yovuzlar qo‘lidagi qurolga aylantiruvchi bir vosita o‘laroq xizmat qilishidan tashvishga tushardi. Umuman, Rey Bredberi asarlarida ilm-fan va taraqqiyot vositalarining yovuzlar qo‘lidagi vositaga aylanib qolishi hamisha xavotir uyg‘otadi. Aynan kelajakda yuz beradigan bu holat yer yuzini butunlay vayron qiladi, insonni mutantlashtiradi, uni oddiy texnologik maxluqqa aylantiradi, texnologiya inson ongigacha kirib boradi, uni oldindan belgilangan dasturlar asosida boshqara boshlaydi. Rey Bredberi boshqa fantastlardan ana shu jihati — insonni texnologik xatardan izchil va muntazam ogohlantirishi bilan ajralib turadi.

Bredberi ko‘targan g‘oyalar, muammolar nafaqat bugungi, balki kelajak uchun o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Ijodkorning adabiy-badiiy mahsulotlari, janr va turidan qat’i nazar, odamzodni hamisha hushyorlikka chaqiradi: jodular, texnologik fokuslar, magiya, monstrlar, dahshatli oxirzamon nishonalari, qabristonlardan bosh ko‘targan murdalar, robotlashgan odamlar, mutantlar, ekologik fojialar asorati, tiriklikka xavf solayotgan qirg‘in qurollari, taraqqiyot tufayli vayronaga aylangan sayyoralar, shaharlar, bepoyon kosmos bo‘ylab qilingan sayohatlar bilan to‘lib-toshgan asarlarida odamzodning ertangi kuniga bo‘lgan ishonch bilan birga xavotir, quvonch bilan og‘riq, tabassum bilan iztirob, zavq bilan shubha ham yonma-yon turadi. U fantastika orqali bugunning dolzarb, hal qilinishi zarur bo‘lgan g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Shu sababli ham u o‘zini fantast adibdan ko‘ra realist sifatida talqin qilishlarini istaydi.

Texnikalashayotgan asr adibni xavotirga soladi: uning qahramonlari qaysidir ma’noda mana shu texnikaning qurbonlari yoki uning malaylariga aylanib ulgurganlar edi. Inson texnikalashgan, elektronlashgan sayin o‘zining o‘zligidan ayrilib boradi, u bora-bora shunchaki bir texnika vositasiga aylanib qoladi.

“Kul bo‘lguncha yondir, keyin kulini ham yoqib yubor!”

Romandagi voqea olis kelajakda Amerikada yuz beradi. Taraqqiyot shu darajaga yetganki, insonga xos, insoniylikni eslatib turuvchi fazilatlar, eng muhimi, insonning ko‘ngli, dili, qalbi, oddiy insoniy munosabatlari, sevgi va muhabbat, mehr va tabiiylik bilan bog‘lab turuvchi xotira kerak bo‘lmay qolgan. Bunday xotira yangi davr uchun zararga, buzg‘unchi g‘oyaga aylangan.

Amerika bu paytga kelib ana shunday xotiralar aks etgan, targ‘ib qilgan barcha kitoblarni yoqib bitirgan. Roman qahramoni — o‘t o‘chirish guruhi a’zosi Gay Monteg. Umuman, butun boshli o‘t o‘chirish guruhining vazifasi bugungi kundagi kabi o‘t o‘chirish bilan emas, balki qayerda kitob ko‘rsa, eshitsa, kitobni ham, kitob turgan uyni ham yoqib tashlash bilan shug‘ullanadi. Gayning vazifasi xavf-xatar signali olinganidan so‘ng darhol mashinasida tegishli manzildagi uyga yetib borish, uyning eshik romlarini sindirib bo‘lsa-da ichkariga kirib, o‘z vazifasini bajarish. Faqat rezina shlanglardan suv o‘rniga kerosin otiladi. O‘tsocharlar u va u yashayotgan jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan bir buyumga yo‘naltiriladi. “Bu yomon ish emas, — deydi uning o‘zi asar boshida bu xususda bamaylixotir. — Dushanba kuni Edna Milley kitoblarini yoqamiz, chorshanba kuni Uitmanni, juma kuni Folknerni kuydiramiz. ‘Yonib kul bo‘lguncha yondir, keyin kulini ham yoqib yubor’. Professional shiorlarimiz ana shunday”.

Ha, uning kundalik ishi — kitoblarni yoqish. Barcha hamkasblari singari u mana shunday hayot tarziga ko‘nikib ketgan. Xabar kelsa, boradi, yoqadi, qaytadi…

Monteg tunda navbatchilikni tugatib, atrofga tanasining ich-ichigacha singib ketgan kerosin hidini anqitib uyiga qaytadi. Uyida esa uning kelayotganini ham, ketayotganini ham sezmaydigan, mehmonxonasining uch devoriga ham ulkan plazmali televizor o‘rnatib olib, kun-u tun ekrandagi dasturlar, allaqanday shoular-u seriallarga sho‘ng‘ib ketgan, boqibeg‘am xotini Milli bor. Bu xotin ekrandagi “qarindosh”lari hayotiga shu qadar kirib ketganki, hatto qancha uyqu dori ichganini, so‘ng o‘lar darajada hushidan ketganini, kechasi “Tez yordam”da kelgan sanitarlar qonini butunlay so‘rib olib, yangidan qon quyishganini… o‘n yil birga yashagan turmush o‘rtog‘i bilan birinchi marta qayerda uchrashganini ham eslay olmaydi. Butun fikri-xayoli eriga g‘ingshib, mehmonxonaning to‘rtinchi devoriga ham ulkan ekran o‘rnattirish tashvishi bilan band. Atrofidagi ham o‘zi singari dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan, birovi farzandlarni ortiqcha tashvish deb hisoblaydigan boshqasi esa oyida uch kungina uyida bo‘ladigan bolalarini mehmonxonaga “devor”larni tomosha qilishga haydaydigan vaysaqi dugonalari bilan to‘rt devor orasida umrini o‘tkazib yuraveradi.

Ko‘chada reaktiv tezlikdagi mashinalar kezib yuribdi. Bir-biriga befarq, his-tuyg‘ulardan mosuvo olomon esa shunchalik loqaydki, boshlarida uchayotgan bombardimonchi samolyotlar, erta-indin boshlanishi muqarrar bo‘lgan urush xavfiga ham parvoyifalak, o‘zlarining bema’ni kundalik tashvishlari, kayf-safolari va ermaklariga boshlari bilan sho‘ng‘ib ketishgan.

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

Klarissa — sovuq xarsanglar qo‘ynidagi yagona uyg‘oq gul

Shunday kunlardan birida Monteg tunda ishdan qaytayotib, Klarissa ismli qizga duch keladi. Dastlab Montegga telbadek tuyulgan ma’suma qiz unga o‘rmonda kezish, qushlarni tomosha qilish, kapalaklar tutish, yomg‘irda sayr qilish, yaproqlarning dolchinmonand hidini tuyish, momaqaymoq qidirish haqida gapirib beradi. Va hissiz temirtanga aylanayozgan o‘t o‘chiruvchining ong-u shuurida g‘alati o‘zgarishlar boshlanadi. Alaloqibat Monteg o‘zining baxtsiz ekanligini anglab qoladi. Uni hayrat dunyosiga yetaklagan Klarissaning sirli o‘limidan so‘ng bu tuyg‘usi yanada alangalanib ketadi. “Istaysanmi, yo‘qmi, boshi berk ko‘chaga kirib qolganimiz aniq, — deydi u xotiniga. —  … Sen-ku mana bu hapdorilaring, tunlari avtomobilda bema’ni sayr qilishlaring, men va mening ishim qayerdan paydo bo‘ldi, nihoyat bularning tagiga yetib tushunib olishimiz kerak. Biz tubsiz jarlikka qarab ketyapmiz, Milli…”.

Ha, u najotni o‘zi har kuni yoqayotgan kitoblardan izlaydi. Shundan so‘ng u kitoblardan ayrimlarini avval o‘qib ko‘rishga harakat qiladi. Uyiga yashirib kitob olib keladi. Bu esa xotinini hushyor torttiradi: u erini kechirmaydi, zero, jamiyat undan va har bir fuqarodan sadoqat talab qiladi. U erini chaqib beradi: Gayning uyi, kitoblari o‘zining kasbdosh do‘stlari tomonidan yoqib tashlanadi. Gay kitob o‘qigani uchun jamiyatning birinchi raqamli dushmaniga aylanadi. Roman so‘ngida ta’qibdan qochib yurgan Monteg mamlakat chegaralaridan olisda o‘zi kabi kitob o‘qiydigan kishilarga duch keladi. Ular ovloq maskanlarni qo‘noq tutib, kitob o‘qishar, kitoblarni qayta tiklashardi. Ularning kitobni, insoniyatning fazilatlarini asrab qolishga bo‘lgan intilishlari kishida umid uyg‘otadi. Ammo asar so‘ngida adib yanada shafqatsizroq xulosa chiqaradi: kitobni asrashga bo‘lgan harakatlar shunchalik zaifki, u insoniyatni muqarrar taraqqiyot tanazzulidan qutqara olmaydi.

Butun jamiyat va barcha dasturlar ustidan hukmronlik qiluvchi Temirtan oxiri yer shari timsoli bo‘lgan mamlakatni ommaviy qirg‘in quroli bilan yo‘q qilib tashlaydi. Shu bilan zaminda insoniyat davri tugaydi.

Tahlildan keyingi tahlilcha

Bundan chiqadigan xulosa shuki, inson kitob o‘qishdan to‘xtaydi, keyin o‘zini o‘zi yo‘q qiladi. Romandagi kitob tushunchasi hur fikr, erkinlik, insoniylik, shaxs, qadriyat, mehr, qalb, ko‘ngil tushunchalari bilan bir qatorda turadi. Inson esa ongli ravishda bu fazilatlardan voz kechadi va o‘zini o‘zi muqarrar o‘limga mahkum qiladi.

Bu achchiq bashorat kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Rey Bredberi fantastika shartliligidan, o‘zi aytganidek, adabiy “fokuslar”dan foydalanib, aslida, ertaga insoniyatni kutayotgan fojiadan bizni ogohlantiradi. Yuzaki qaraganda bu voqeaning bugunga daxli yo‘qday, shunchaki xayol mahsuliday tuyuladi. Lekin chuqurroq qaralsa, bu roman insonning ertangi kuni haqida, ertaga bizni kutayotgan xatarlar haqida.

Asarlardagi voqeaning mohiyatiga qaralsa, fantastika ko‘zgusidagi olis kelajak qilib tasvirlangan akslar bugunning o‘zi bo‘lib chiqadi. Adib bu ko‘zgu orqali bugungi odamning kimligini, ertaga uni kutayotgan fojialarni, oqibatni, texnik taraqqiyotning asoratlarini ko‘rsatadi. Adib o‘quvchini o‘ziga chetdan, to‘g‘rirog‘i, kosmosdan yoki kelajakdan turib qarashga, baho berishga undaydi: bu chet ham, bu kosmos ham, bu kelajak ham, aslida, inson ayni paytda yashayotgan makon, inson ayni paytda yashayotgan vaqt, bizning zamon, undagi harakatlanuvchi qahramonlar, aslida, bugungi qahramonlar. Masala shundaki, inson hali o‘zini nima kutayotganini, bugungi mas’uliyatsiz faoliyati, tabiatni, okeanlarni, hayvonot olamini talon-toroj va qirg‘in qilayotgani, ilm-fanning zo‘ravonlik qurollari, ertaga bo‘y ko‘rsatadigan muqarrar ekologik fojialarni bugun ko‘rmayapti.

Kitob o‘qimaslik, kitobni dushman deb bilish, kitobdan qo‘rqish roman yozilgan paytda, ehtimol, fantastika bo‘lib tuyulgandir, ammo bugun unday emas. Bugun taraqqiy etgan mamlakatlarda vaziyat boshqacha, bugun Rey Bredberi bashorati haqiqatga aylanish arafasida. Odamlar kunlarini televizor ko‘rib, internet titib, seriallar, shoular va boshqa ermaklar bilan o‘tkazishyapti. To‘g‘ri, kitoblar bugun yoqilayotgani yo‘q, lekin u o‘qilmayapti ham. Ular barcha kutubxonalarda chang bosib, tog‘day uyilib yotibdi. Yilma-yil joy egallayvergach, ertaga yoqib tashlanishi aniq. O‘qilmagach, kitobning kimga keragi bor? U o‘qilmadi nima-yu, yoqib tashlandi nima?!

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

Didaktik xulosa

Bu asar Oruell va Xaksli kitoblari kabi klassik antiutopiya hisoblanadi.  Romanni o‘qir ekansiz, sizni muallifning bashoratlari hozirgi kunimizga qanchalik yaqin ekanini anglash hayajonga soladi. Texnologiyalar rivojlanishi bilan odamlar o‘zaro juda kam jonli muloqot qiladigan bo‘lib qoldi. Ko‘p vaqtni televizor qarshisida o‘tkazishadi. Aslida ortib qoladigan vaqt hech narsaga yetmaydi. Telegram’da yuzlab bachkana kanallarga a’zomiz, har kuni tonnalab axborotni yutamiz, xuddi kerakday, birov majburlaganday. Qaysi mashhur odam kimga uylandi, pismadonchi vanihoyat falon yerini ko‘rsatdi, kim o‘ldi, kim tug‘ildi, kim ajrashdi, dollar kursi, benzin narxi, Tokio hayvonot bog‘idagi noyob qizil panda bolasi shamolladi... Shu axborot axlatlarisiz ham tinch yashay olamiz, lekin shuni o‘ylab ko‘rishga-da vaqtimiz yo‘q. Pul topish kerak, iste’mol qilish kerak, yana ko‘proq topish kerak, ko‘proq yeyish kerak, yana ko‘proq va oxiri… tiqilib o‘lamiz...

Rey Bredberi romaniga “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” nomini bejizga qo‘ymagan. Asar mazmun-mundarijasidan kelib chiqib shunday nom tanlangan, chunki shu haroratda qog‘oz o‘z-o‘zidan yonib ketadi. Biroq qog‘oz farengeyt emas, selsiy bo‘yicha 450 darajadan sal oshiqroq haroratda olovlanadi. Adib nom qo‘yishda o‘t o‘chirish xizmati xodimi bilan maslahatlashgan va u harorat ko‘rsatkichlarini chalkashtirgani uchun yozuvchi ham xatoga yo‘l qo‘ygan.

Asardan iqtiboslar

— Kitoblar haqida ularning muqovasiga qarab xulosa chiqarmang.

— Har bir yangi avlod bizga insoniyat xatolarini eslatib turadigan odamlarni qoldirib ketadi.

— Ha. Bo‘sh vaqtimiz yetarli. Ammo o‘ylash uchun vaqtimiz bormi?

— Sen nima ish qilayotganing muhim emas, muhimi shundaki, har bir qilgan ishingga shunday yondashginki, unda sening bir qisming qolib ketsin. Shunchaki dalada o‘t o‘rayotgan odam va haqiqiy bog‘bonning ham farqi aynan shunda!

Qiziqarli faktlar

— Kitoblarni yoqish tajribasi insoniyat tarixida avvaldan bor edi. Bir paytlar kitoblar fashistlar Germaniyasida ommaviy ravishda yoqib yuborilgan va ularning mualliflari qatag‘on qilingan. AQShda senator Jozef Makkarti davrida makkartizm siyosati vujudga keldi, unda kommunistik adabiyot tarafdorlarining kitoblarini yoqish amaliyoti amalga oshirildi, garchi Prezident Duayt Devid Eyzenxauer kitoblarni yoqib yubormaslikni, balki ularni o‘qish uchun kutubxonalarga joylashtirilishini talab qilgan bo‘lsa ham.

— Rey Bredberi ushbu romanini Los-Anjeles jamoat kutubxonasining yerto‘lasida, yarim soati 10 sent bo‘lgan yozuv mashinasida bitkazgan. Roman to‘qqiz kun ichida yozib tugatilgan. Yozuv mashinasi ijarasi esa 9 dollar, 80 sent turgan.

— Asar muallifning biror joyda chop etilmagan “o‘t o‘chiruvchi” va “piyoda” hikoyalariga asoslangan.

— Roman dastlab “Galaxy” jurnalida qisqartirilgan holda, so‘ngra “Playboy” jurnalining ilk sonlarida qismlarga bo‘lib chop etilgan.

Azizbek Yusupov

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »