Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Munosabatsizlik instinkti

Alber Kamyu absurdni lom-lim demaydigan ulkan koinotni tushunishga hamda ma’no topishga intiladigan odamning qarama-qarshiligi va jiddiy to‘qnashuvi deb hisoblagan. Shundan kelib chiqib, inson hayoti boshdan oyoq bema’nilikdan iborat deyish mumkin. Buni anglash odamni o‘z joniga qasd qilish yoki boricha qabul qilish o‘rtasida tanlov yaratishga undaydi. Tanlov mavjudligi esa erkinlik chindan ham borligiga ishora beradi.

“Begona” sujeti va g‘oyasi adibning falsafiy konsepsiyasiga bo‘ysundirilgan. Ikkinchi qismda Merso qamoqxonada yotib o‘zining kim bo‘lganini va qanday yashaganini ko‘z oldiga keltirar ekan, birinchi qismdagi voqealar yana boshqatdan, anglangan holatda ko‘z oldidan o‘tadi. Shunda birinchi qismdagi o‘zining nomi bilan harakat qilgan kimsa mutlaqo begona bo‘lib ko‘rinadi. Asarning xulosasi ana shu yot va begonalikni anglash bilan yakun topadi.

Birinchi qism absurd sharoit, absurd odam, ikkinchi qism esa absurdni anglashga, unga qarshi kurashishga intilayotgan inson haqida. U o‘zining kimligini, hayotning nimaligini anglaydi, boshidan kechirgan voqealarning bema’niligini his etadi. Bu o‘zining axloqiy qarashlariga ko‘ra dunyo adabiyotida yangi obraz, falsafiy ramz edi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

Sujetcha

Sujet nihoyatda qisqa. Merso hayotidan so‘zlovchi ushbu qissa ikki qismdan iborat: birinchi qismda Merso onasining o‘limi haqida xabar topadi va dafn marosimiga borish majburiymikan, deya o‘ylay boshlaydi. Ishidan uzoqqa, umuman, po‘rtana sodir bo‘lmaydigan tinch hayotidan ketgisi kelmaydi. Baribir boradi. Onasining muzlagan tanasi oldida tongga qadar butkul boshqa, turmushning mayda-chuyda tashvishlari to‘g‘risida bosh qotiradi. Tongda barcha rasmiy ishlar tugagach, kechani Mari ismli ayol bilan o‘tkazadi. Oraga Raymon degan kimsa qo‘shiladi. Raymon Mari va Mersoni dengiz bo‘yida hordiq chiqarishga taklif qiladi. Yo‘lda ular bir gala arablar tomonidan ta’qib qilinayotganini payqashadi, ularning orasida Raymon sobiq ma’shuqasining akasi ham bo‘ladi. Sohilda ular o‘rtasida kelishmovchilik chiqadi: mujmal boshlangan janjal yana shu holida yakunlanadi. Biroq Merso arablardan birini otib o‘ldirib qo‘yadi. Ikkinchi qism esa qotilligi uchun hibsga olingan Mersoning 11 oy davom etgan sud ishi, muqarrar o‘lim jazosi, kameradagi iqrorlaridan iborat.

Muqova eski, ammo g‘oya…

Asar ichida biz o‘rganib qolgan aqlbovar qilmas mistik hodisalar, g‘alati odamlar, favqulodda ro‘y beruvchi qarorlar yo‘q bo‘lsa-da, faylasuf Kamyuning g‘oyasi juda chuqur. Biz uchun sujetning qaynoq chiziqlari emas, balki bosh qahramonning atrofdagi narsalarga munosabati, aniqrog‘i, har qanday narsaga munosabatsizligi muhimdir. Kamyu jamiyatda qabul qilingan an’anaviy his-tuyg‘ularni boshdan kechirishga qiynaladigan, o‘zini aldolmaydigan odamning suratini chizadi. U onasining dafn marosimida yig‘lamaydi, Marining turmush qurish taklifiga mutlaqo befarq, arabni otib o‘ldirganda esa eti junjikmaydi, vahima bosmaydi, aqlini yo‘qotmaydi. O‘limga hukm qilinishi tayin bo‘lib turgan sud jarayoni bosh qahramonga zerikarli va uzoqqa cho‘zilgandek tuyuladi, u nima bo‘layotganini biladi, biroq umuman e’tibor bermaydi.

Asar shartli ravishda ikki darajaga ega:

  1. Ijtimoiy
  2. Metafizik

Birinchi daraja — bu boshqalarning o‘zlari ham tan olishni istamaydigan, yolg‘on ekanligini bilsa-da, bu muammoga bosh suqqandan, o‘zini chetga olishni afzal biluvchi haqiqati va istalgan holatga nisbatan umumqarorlar hamda umumfikrlardan kelib chiqib ko‘rsatayotgan reaksiyasi.

Ikkinchi daraja xuddi mana shu manqurtlardan iborat to‘dadan ajralib chiqadi, u Mersoning ichki dunyosini to‘laqonli, eng kichik sezimiga qadar ochib beradi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

“Odamlar o‘zini qonunni hurmat qilayotgandek ko‘rsatishadi, aslida ular faqat kuchga bo‘ysunadilar…”

Jamiyat tuzgan me’yorlar va umumaxloqning tosh qotgan qoidalari, aslida, siz-u bizga o‘xshagan oddiy odamlar tomonidan o‘ylab topilgan. Begona — Merso hayot absurdligini anglab yetgan va bu ulkan axloq mexanizmining navbatdagi mayda murvatiga aylana olmasdi. U nimanidir aytmoqchi bo‘lar, lekin baribir hammasi befoyda, deb indamay qo‘ya qolardi. Merso hamma qilgan ishni qilmaydi, hamma kuyunganidek aza tutmaydi, o‘zini onasini yaxshi ko‘rgandek ko‘rsatmaydi, o‘zini qonunni hurmat qiladigandek tutmaydi, o‘zini ruhoniy oldida tavba qildirmaydi, qonundan shafqat qilishini so‘rab tavba qilmaydi, boshqacha aytganda, u yolg‘onchi emas. Qanday o‘ylasa, qanday bo‘lsa, o‘zini shunday tutadi.

U onasining murdasi ustida qahva ichadi, sigaret chekadi, o‘ylaydi, yelkasi uvishadi, uyqusi keladi, zerikadi, lekin shunga qaramay u hammadan ko‘ra insoniyroq. U nimani his qilsa, shuni gapiradi, uning ikkinchi, uchinchi, yuzinchi va yana boshqa qiyofalari yo‘q. U allaqachon munosabatlari sovib, begonaga aylangan onasining azasida odamlarning fikri uchungina o‘zini chuqur qayg‘uda ekanini ko‘rsata olmaydi. U biror sabab bilan odam o‘ldira oladi, lekin o‘zini oqlash yoki shaxsiy manfaat yo‘lida nimagadir erishish maqsadida yolg‘on gapira olmaydi. U buni istamaydi emas, u buni tushunmaydi (Ba’zida bilmaslik ham baxt). Kamyu qog‘ozga o‘ragan g‘oyasini yalang‘ochlasak, shunday xulosa kelib chiqadi: Axloq bu — boshdan oyoq soxtalik, ikkiyuzlamachilik demakdir. Merso jamiyatdagi soxtaliklarni qabul qilmaydi, shuning uchun ham u hamma uchun begonaga aylanadi. 

Biz Mersoni tanqid qilamiz, qoralaymiz, bemehrlikda ayblaymiz, ahmoqona xarakterini tushunmaymiz, Kamyu ham faylasuf bo‘libdimi, qip-qizil jinni-ku degan taxminlarga boramiz, lekin tasavvur qilaylik, agar ichimizda nimani o'ylasak, shu holida, o‘zgarmasdan, rang berilmasdan, libos kiydirilmasdan tashqarida namoyon bo‘lsa qanday bo‘ladi? Uyda, o‘qishda, ishda, oilada, do‘stlar davrasida, ko‘chada, har bir fikrimiz, har bir xohishimiz fosh etilsa? Qo‘rqinchli-a?

Dahshatli ekanligini bilamiz, lekin tan olmaymiz. Mening qo‘rqadigan hech narsam yo‘q, deymiz-u, bir paytlar birov ko‘rmagan qabih ishlarimiz ustidan parda yulqib olinadigandek bir seskanib olamiz. Kamyu ana shu seskanishdan nafratlanardi. U bu qahramonini jamiyatdagi jamiki ijtimoiy munosabatlarga qarshi qo‘yadi. Aslida yot kim? Qiyofani ko‘tarib qaralsa, hamma Merso. Faqat o‘zlarining Merso ekanliklarini tan olishmaydi, doimo jamiyat, axloq kiydirgan niqobda yurishadi. Shuning uchun ham ular bir-birlariga begona emas. Merso esa ular qilgan ishni qilmagani, ular kabi niqob kiymagani uchun begona. Asardan aslida o‘zi kim begona, degan og‘ir savol o‘sib chiqadi. Bu savolga javob topish uchun esa odam, avvalo, o‘zining oldida ochilishi kerak bo‘lgan qartalari — iqrorlarini tan olishi kerak.

Merso esa buni bajarolmasdi, chunki u shunday tug‘ilgan. Bir uyum qog‘ozdagi qoidalarga umrini qo‘shqo‘llab topshirgan jamiyat esa uni begonalashtirdi, odam safidan chiqardi.

Haqiqatan ham inson — o‘zi qanday bo‘lsa, shunday bo‘lishini rad etadigan yagona mavjudotdir. Har birimiz qachondir yolg‘on gapirganmiz, (yolg‘on so‘zlamaganman demang, odam farishta bo‘lib tug‘ilishi mumkin, ammo o‘lguniga qadar shu holida yashamaydi. Ba’zida yo‘lini shunday shaytonlar kesib o‘tadiki, qanday qilib gunohga botib qolganini sezmay qoladi) qachondir niqob kiyganmiz, hech bo‘lmasa qachondir ichimizdagi kechinmalarni tashqariga chiqarishni istamaganmiz va shuning uchun ham bu borada Merso bizdan ancha balandda. Merso — biz bilgan, biroq tan olishni istamaydigan haqiqiy iqrorimiz.

Illyustratsiya: “Daryo” / Asila Umarova

Asardan iqtiboslar

Bir odam baxtini sinab ko‘rish uchun tug‘ilgan qishlog‘ini tashlab, olis o‘lkalarga uloqib ketibdi. U yigirma yildan keyin boy-badavlat bo‘lib, xotini va bolasini ergashtirib uyiga qaytibdi. Qishloqda uning onasi va singlisi kichkina mehmonxona ochishgan ekan. U uyidagilarni hayratga solaman deb, xotini bilan bolasini boshqa bir joyga qo‘yib, o‘zi onasining oldiga boribdi — onasi uni tanimabdi. U azbaroyi hazil qilib, go‘yo o‘ziga xona zarurligini aytibdi. Onasi bilan singlisi ko‘rsaki, unda pul juda ko‘p. Tunda uni bolg‘a bilan urib o‘ldirib, jasadini daryoga tashlab yuborishibdi. Ertalab uning xotini kelibdi, hali hech narsadan xabari yo‘q, kechagi mehmonning kimligini aytibdi. Ona o‘zini osib qo‘yibdi. Singlisi o‘zini quduqqa tashlabdi. Men bu voqeani ming marta o‘qidim, shekilli. Bir tomondan, hech haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ikkinchi tomondan — juda tabiiy. Menimcha, bu odam qay bir ma‘noda o‘ziga tegishlisini olgan. Hech qachon mug‘ombirlik qilish kerak emas.

Onam, odam hech qachon butkul bebaxt bo‘lmaydi, deb tez-tez takrorlardi. Qamoqda, osmon rang olib, bandixonaga nurlar sizib kira boshlagan paytda onam haq ekanini anglayman…

Qiziqarli faktlar

— Merso degani o‘zi kim? Yovuz yoki alamzada, ahmoq hayvon yoki donishmand, insondan past yoki insondan oliy? Ushbu savollar bilan bog‘liq munozaralar serob. Mazkur so‘roq Kamyuga berilganda, u Mersoni “Biz sig‘insak arziydigan yagona Iso” deb javob bergan.

— Fransuz tadqiqotchilarining ta‘kidlashlaricha, romanning asosiy qahramoni Mersoning badiiy obrazini yaratish uchun manba bo‘lgan shaxs Alber Kamyuning tanishi, onasini dafn etib, kinoga borganligi haqida unga so‘zlab bergan rassom Sover Galerodir.

— Shu bilan birga, asar qahramoni Merso ekzistensialistik variantni ifodalovchi Jan-Jak Russoning “tabiiy inson”ining umumlashtirgan obrazi hisoblanadi. Merso jamiyat bilan ichki aloqalarni uzib, instinktlarga itoat qilib yashaydi. U deyarli g‘ayrishuuriy holda odam o‘ldiradi.

Azizbek Yusupov

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »