Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Maxsus ma’lumoti bo‘lmasa-da, chiroyi va iqtidori bilan butun dunyoni zabt etgan amerikalik aktrisa mashhurligining eng yuqori cho‘qqisiga erishgan davrida hayotdan ko‘z yumadi. U ko‘plab muvaffaqiyatli kinolentalardan boshqa o‘zidan hech narsa qoldirmadi. Merilin Monroning surati nafaqat oxirgi o‘n yillar davomida chiqarilgan ko‘p sonli biografiyalarni bezaydi, balki go‘zallik, ayollik va jozibadorlikning o‘ziga xos ramzi ham hisoblanadi.

O‘z ijodiy biografiyasi asirasiga aylanib qolmaganida Merilin Monroning hayoti umuman boshqacha kechgan bo‘lardi, ammo aktrisa go‘l ayollar imijiga bog‘lanib qoldi. Aktrisani hayotligida kinoda o‘ynagan rollari sabab ko‘pincha ahmoq va tor fikrlaydigan ayol sifatida qabul qilishgan. Aslida esa u juda aqlli, kuchli xarakterga ega, maqsadidan qaytmaydigan ayol edi. Ko‘pchilikda yengiltabiat ayol sifatida taassurot qoldirgan Merilinning “100 buyuk inson” ro‘yxatiga qo‘shilishi qanchalik kutilmagan bo‘lmasin, u kino san’atida o‘ziga xos iz qoldirgan inson hisoblanadi. Hatto Time jurnalining versiyasi bo‘yicha ham u eng mashhur insonlar qatorida. Shu boisdan quyida kinosanoatidagi eng mashhur aktrisa haqida hikoya qilamiz.

Merilin Monro
Foto: Wikimedia Commons

Bolalik va o‘smirlik

Merilin Monro 1926-yil 1-iyun kuni dunyoga kelgan bo‘lib, uning haqiqiy ismi — Norma Jin Mortenson. Gollivudning bo‘lajak yulduzini oila borasida omadi chopmagan edi, onasi va buvisi bola bilan vaqt o‘tkazish hamda uning tarbiyasi bilan shug‘ullanishni istamagan. Ularni asosan o‘zlarining shaxsiy hayotlari, shuningdek, turli bazm-u jamshidlarda ko‘ngilxushlik qilish qiziqtirardi. Norma oilaning kenjasi edi, uning akasi va opasi bo‘lgan, ammo ularni onasining birinchi turmush o‘rtog‘i Kentukki shtatiga o‘zi bilan olib ketgandi.

Shu boisdan qiz bolalar uyiga boradi va 15 yoshigacha shu yerda yashaydi. Avvaliga ona qizini oilaviy bolalar uyiga egalik qiluvchi Bolenderlar oilasiga beradi. Ayolning bunday yo‘l tutishiga Merilin Monroning otasi uning tarbiyasida ishtirok etmagani, mamlakatda Buyuk depressiya davri kezib yurgani sabab bo‘lgan,  harqalay qizaloqning bolalar uyida ust-boshi butun va qorni to‘q bo‘lardi.

Glediz ba’zida qizining yoniga kelib, uning ta’minoti uchun pul berib ketardi. Keyinchalik u Normani o‘z uyiga qaytarib olib ketadi, biroq shifokorlar unga shizofreniya tashxisini qo‘ygach, qiz yana bolalar uyiga yo‘l oladi. Keyingi yillar davomida Merilin ko‘plab oilalar bilan yashab ko‘radi, ammo ularning hech biri qizni uzoq muddat o‘zlarida olib qolishni istamaydi. Bundan tashqari, qizni bir necha bor zo‘rlamoqchi bo‘lishadi, bu esa tezroq bolalar uyidan ketish istagini yuzaga keltirgandi. Yoshligida ko‘rgan-kechirganlari oqibatida Merilin Monro qattiq duduqlanib qoladi va nutqidagi bu nuqsondan qutulish uchun uzoq yillar mashq qilishga majbur bo‘ladi.

Foto: Wikipedia

Bo‘lajak kino yulduzi ilk bor juda erta, 16 yoshida turmushga chiqadi. Merilin Monro biografiyasidagi birinchi turmush o‘rtog‘i Jeyms Dogerti hisoblanadi. Natijada qiz alohida yashash, pul topish, o‘qish va boshqa hech qachon bolalar uyiga qaytmaslik imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Merilinning mehnat faoliyati kinoekranlardan ancha uzoqda boshlandi. Norma Jin Beyker 17 yoshida birinchi marta Padioplane aviatsiya zavodiga ishga chiqadi. Mazkur qaror qizning yangi hayoti uchun chiptaga aylanadi, chunki u aynan shu yerda modellik karyerasini boshlaydi. Zavoddagi bir yillik faoliyatidan keyin Normaga targ‘ibot plakatlar seriyasida suratga tushish taklif etiladi — ular vatanidan uzoqda bo‘lgan amerikalik askarlarning jangovar ruhini ko‘tarishi kerak edi. Shunday qilib Devid Konover Normaning birinchi suratkashiga aylanadi.

1945-yilning yanvarida qiz zavoddagi faoliyatini yakunlab, to‘laqonli fotomodel sifatida ish boshlaydi. Fotosessiyada qo‘lga kiritgan pullari unga normal hayot tarzini ta’minlash uchun bemalol yetardi.

Kinoaktrisalikka qadam

Qizga model sifatida birinchi ishni taklif qilgan inson — Devid Konover uning karyera pillapoyasidan ko‘tarilishiga xizmat qiladi. U qizga rejissor va kinoprodyuserlar e’tiborini tortish uchun tashqi ko‘rinishini qanday o‘zgartirish kerakligi haqida tavsiyalar berardi. Avvaliga Normaning yumaloq yuzi va qora kashtansimon sochlari oddiy ko‘rinishda bo‘lib, uni ko‘pchilik ichida ajratib turmasdi. Biz bilgan va o‘limidan yarim asr o‘tgan bo‘lsa-da, u haqida ma’lumotlar qidirishga majbur etadigan Merilin Monroga aylanish uchun qiz o‘zini butkul o‘zgartirishga jazm etadi.

Qiz sochlarini teri va ko‘zlari rangiga mos keladigan jiloga bo‘yash uchun 12 martadan ortiq urinadi. U tillarang, alvon va malla ranglardan ham foydalanib ko‘radi, ammo oxir-oqibat u aktrisani butun dunyoga tanitgan och sarg‘ish (blonda) rangini tanlaydi. O‘zgarishlar nafaqat soch rangiga, balki burun, lab va yuz shakliga ham taalluqli edi. Merilin Monroning hatto to‘laqonli biografiyasida ham mashhurlik uchun u qancha jarrohlik amaliyotlarini boshidan o‘tkazgani haqida batafsil ma’lumotlar topib bo‘lmaydi.

Gollivudning plastik jarrohlari quyidagi aralashuvlarni amalga oshirgan:

  • burunning pastki qismini o‘zgartirgan;
  • lab chetlari ko‘zga tashlanadigan holatga keltirilgan;
  • sochning o‘sish chizig‘i tekislangan.

Aktrisaning o‘zi hech qachon mutaxassislar yordamidan foydalanganini tan olmagan. Tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarish o‘z navbatida boshqa yangiliklarni ham boshlab kiradi. Norma Jin Mortenson yarim yil ichida Norma Jin Beykerga — agentlikdagi eng muvaffaqiyatli modelga aylanadi. Nozik qomat, chiroyli yuz va kichik bo‘y Merilin Monroga mashhurlik olib keldi.

Merilin ssenariy o‘qish jarayonida
Foto: Global Look Press

Mediamagnat Govard Xyuz uni aynan shu holatda yoqtirib qoladi. U Normaga o‘z iqtidorini kinematografiyada sinab ko‘rish taklifini beradi. Va, albatta, qiz taklifni qabul qiladi, chunki kino uning bolalikdan orzusi bo‘lgan — Norma hayotida sodir bo‘layotgan voqealardan biroz chalg‘ish maqsadida cho‘ntak pullarining barini kinoga sarflaydigan o‘smir edi.

Butun dunyoga tanilgan 20th Century Fox kinokompaniyasi Normaning tashqi ko‘rinishiga e’tiroz bildirmagan, ammo unga ismini ijodiy taxallusga almashtirishni maslahat beradi. Shu orqali Kaliforniyadagi bolalar uyida katta bo‘lgan oddiy qiz aktrisa Merilin Monroga aylanadi.

Karyerasining boshida qizga katta kinoda rollar taklif etilmagan bo‘lsa-da, u o‘z optimizmini yo‘qotmay, mashaqqat bilan mehnat qilishda davom etadi. Merilin asosiy e’tiborini kino sanoatidagi talabgir yo‘nalishlarga, vokal darslari, raqs va aktyorlik mahoratiga qaratadi. 1947-yilda prodyuserlar u bilan shartnomani uzaytiradi va aktrisaga filmlarda kichik rollarni berish boshlanadi. Albatta, Monro bir kechada butun mamlakat taniydigan aktrisaga aylanmagan, shunday bo‘lsa-da, kinoda suratga tushish unga tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilardi.

1948-yildan 1950-yilga qadar aktrisa boshqa kinokompaniya — Columbia Pictures bilan hamkorlik qiladi. U bilan shartnoma Merilin Monroga yangi rollar olishga yordam bermaydi, biroq unga Amerika kinematografiyasi yulduzlari bilan tanishish va muloqot qilish imkonini taqdim etgandi.

Merilin Monroning katta ekrandagi kichik roli “Asfaltlangan jungli” kinokartinasiga tegishli. Kinotanqidchilar uning aktyorlik mahoratini ijobiy baholaydi va Monro darhol boshqa film — “Yeva haqida barchasi”da suratga tushishni davom ettiradi. Mazkur lenta keyinchalik Gollivud klassikasiga aylandi, film Merilinning ijodiy biografiyasidan muhim o‘rin egalladi.

Keyingi bir necha yil ichida aktrisa amerikalik taniqli aktyorlar bilan “Yettinchi yil xohishi”, “Jazzda faqat qizlar” kabi qator muvaffaqiyatli filmlarda rol ijro etdi. Monroning o‘zi ham eng talabgir aktrisalardan biriga aylandi, ammo uning go‘zalligi ishi va munosabatlarida muammolarni keltirib chiqara boshlaydi.

Artur Miller va Merilin Monro
Foto: AP Photo

Tomoshabin va kinoprodyuserlar aktrisaning sal dovdirroq ayol obraziga o‘rganib qolgandi, shu bilan birga, iqtidorli Merilin o‘zini dramatik aktrisa sifatida to‘liq ochib berolmayotgandi. U bunday rol ijrosi muvaffaqiyatsizlikka erishishidan juda qo‘rqar, kinorejissorlar ham unda jiddiy dramatik filmlarda suratga tushish uchun aktyorlik mahoratini ko‘rmasdi. Merilin Monroning biografiyasiga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblarda uning jiddiy rollarga bo‘lgan orzusi haqida so‘z boradi. Merilinning yagona dramatik roli — bu 1964-yilda, aktrisaning o‘limidan bir yil oldin ekranlarga chiqqan “Sargardon” filmidagi Rozlin Teyber roli edi.

Chigal shaxsiy hayot

Aktrisa nafaqat ishda, balki shaxsiy hayotda ham ko‘p qiyinchiliklarga duch keldi. Uning birinchi turmushi bir necha yil davom etdi va ajrim bilan yakunlandi. Merilin ikkinchi marta beysbolchi Jo di Majoga turmushga chiqadi. Ammo juftlik to‘ydan to‘qqiz oy o‘tib ajrashib ketadi. Barchasiga erning Monroni haddan ortiq rashk qilishi sabab bo‘lgandi. Unga rafiqasining uzoq muddatli safarlari, muxlislari va jurnalistlarning e’tibori yoqmasdi. Erkak o‘z g‘azabini haqoratlar bilangina ifodalab qolmay, ayoliga bir necha bor qo‘l ham ko‘taradi. Oqibatda beysbolchi Monro bilan ajrashganini hayotidagi eng katta xato sifatida eslaydi.

1955-yilda Merilin uchinchi marta turmush quradi — bu safar amerikalik yozuvchi Artur Miller bilan. Eri uchun u iudaizmni qabul qilib, farzand dunyoga keltirishga qaror qiladi, biroq uning ona bo‘lish borasidagi barcha urinishlari homilaning tushishi yoki matkadan tashqaridagi homiladorlik bilan yakunlanadi. Aktrisaning salomatligidagi bunday muammolar yoshligida ko‘plab abortlarni amalga oshirgani sabab kelib chiqqan. Keyinchalik farzand ko‘ra olmaslik, shaxsiy hayotdagi omadsizliklar va boshqa muammolar Merilin Monro o‘limiga sabab bo‘lgani aytiladi.

AQSH prezidenti Jon Kennedi va Merilin Monro
Foto: Wikipedia

Monro va Artur Miller turmushi 6 yil davom etdi va baribir ajrim bilan yakunlandi. Ko‘p o‘tmay Artur o‘z joniga qasd qiladi. Shundan so‘ng, Merilinning hayoti oson kechmaydi, u boshqa turmushga chiqmadi. Aktrisa o‘z davrining eng mashhur shaxslari, xususan, Jon va Robert Kennedilar, Iv Montan bilan ham ishqiy munosabatlarda bo‘lgani haqida gap-so‘zlar yuradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Monro hatto Iv Montandan homilador bo‘lib ham qolgan, biroq baribir unga onalik baxti nasib etmagan. Merilinning homilador holatdagi surati matbuotda yaqindagina tarqalgan bo‘lib, uni dugonasi Frida o‘zida saqlab kelgan.

Mish-mishlarga ko‘ra, Merilin Monro Charli Chaplinning o‘g‘li bilan ham uchrashgan. Ammo erkaklarning unga nisbatan e’tibori munosabatlarning faqat boshida alangalanar, vaziyat jiddiyroq tus oladigan pallada esa ular kino yulduzni oddiy amerikalik uy bekasiga aylantirishga urinardi.

Merilin Monroning o‘limi

Shaxsiy hayotdagi omadsizlik, yaqinlari tomonidan qo‘llab-quvvatlovning yo‘qligi ayanchli oqibatlarga olib keldi. 1962-yil avgustda Merilin yotoqxonasidan o‘lik holda topiladi. Uning o‘limiga dori vositalarini ortiqcha ichib yuborgani sabab bo‘lgan, ammo o‘z joniga qasd qilishiga aynan nima sabab bo‘lgani noma’lum. Ko‘pchilik Merilin o‘z joniga qasd qilganiga ishonmaydi, chunki uning dushmanlari haddan ziyod edi.

Aktrisaning o‘limini qayd etish jarayoni
Foto: Wikipedia

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aktrisa o‘limi yuz bergan kunda umuman tushkun yoki g‘amgin holatda bo‘lmagan. Shuningdek, ayol biror maktub ham qoldirmagani ko‘pchilikka g‘alati ko‘rinadi. Jasad yotgan holat ham Monro o‘zini o‘ldirgan degan taxminga tushmaydi. Bu bo‘yicha bir nechta versiya mavjud:

  • O‘z joniga qasd qilish (rasmiy bayonot);
  • Baxtsiz hodisa (yulduz bilmasdan barbituranlarni ko‘proq ichib qo‘ygan bo‘lishi mumkin);
  • Siyosiy sabablar tufayli o‘lim. Aktrisaning aka-uka Kennedilar bilan aloqasi ularning faoliyatiga yomon ta’sir ko‘rsatgan va ular Monroni yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, aktrisani FQB yoki MRB Kennedi klaini yo‘q qilish kampaniyasi doirasida o‘ldirgani ham aytiladi;
  • Boshqa sabablar tufayli qotillik. Bu yerda taxminlar va sabablarni ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, ulardan biriga ko‘ra, Merilin NUJ yoki mafiya haqida juda ko‘p narsa bilgan.

Nima bo‘lganda ham Merilin Monroning o‘limi sababi hozirga qadar aniqlanmagan.

Foto: AP Photo

Merilin hayoti davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, haqiqiy baxtini topa olmadi. Uning o‘limiga 60 yil to‘lganiga qaramay, millionlab erkaklar hamon Monroni ayollik va go‘zallikning ideal uyg‘unligi deb hisoblaydi.

Merilin Monro biografiyasiga bag‘ishlangan birinchi hujjatli film 1966-yilda chiqqan. “Merilin Monro afsonasi”ga hozirga qadar aktrisa hayoti haqida haqiqatlarni eng ko‘p yoritgan kartina sifatida qaraladi. Merilin tarixi hatto badiiy kartina mualliflarini ham ilhomlantirgan. 1980-yilda — “Merilin: aytilmagan tarix”, 1996-yilda — “Norma Jin va Merilin”, 2011-yilda bo‘lsa, “Merilin bilan 7 kun va kecha”, 2015-yilda — “Merilin Monroning maxfiy hayoti” kartinalari chiqqan. 2022-yilda tomoshabinlar “Blondinka” filmini ko‘rishga muyassar bo‘ldi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »