Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Uning o‘limiga shuncha yil to‘lgan bo‘lsa-da, hamon jinoyatchilarni ilhomlantirib keladi. Bu qadar mashhurlikka iqtidor, ixtiro yoki xizmatlarning hech qanday aloqasi yo‘q, barchasiga jinoiy o‘tmish sababchi. Al Kapone AQSH mafiyasiga xuddi Koko Shanel moda olamini o‘zgartirib yuborgandek, ta’sir ko‘rsatgan. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida qora o‘tmishga ega amerikalik jinoyatchi haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikimedia Commons

Turli otishmalar va suiqasdlar bilan yodda qolgan 1920—1930-yillardagi Amerika mafiyasining klassik obrazi faqatgina bir inson sabab tarixga kirgan desa bo‘ladi. Uning buyrug‘i bilan qancha odam o‘ldirilganini aniq hech kim bilmaydi, ammo Al Kapone ismi “kriminal biznes”dagi eng shafqatsiz shaxslarni ham qo‘rquvga solardi.

Italiyalik immigrant oilasidagi to‘qqiz farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan Alfonso Kapone 1899-yil 17-yanvarda dunyoga kelgan. U maktabni yomon ko‘rardi. Shu qadar yomon ko‘rar ediki, bir safar hatto o‘qituvchiga hujum uyushtiradi. Ta’lim dargohidan quvilish esa bezori bolaning kelajagiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi: u qimor o‘yini biznesini nazorat qilgan Nyu-York to‘dasiga borib qo‘shiladi. Aynan shu yerda yosh Kaponening “qobiliyatlari” yetarlicha baholandi. Alfonso maktabdan ko‘ra ko‘chada ko‘proq narsa o‘rgandi va “mansab pillapoyasi” bo‘ylab tez ko‘tarildi.

Kapone o‘zining jiddiy faoliyatini to‘da a’zolari hordiq chiqaradigan bilyard klubida barzangi “lavozimida” boshlaydi. Pichoqdan mohirlik bilan foydalana olishi esa unga yanada ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochdi. 13 yoshida Kapone qassob qo‘lida ishlagandi, ammo bu ham keyinchalik tashrif qog‘oziga aylangan yuzidagi chandiqdan himoyalay olmadi. Bilyard klubiga kelgan fuqarolardan biri qiz sabab Kaponening yuziga jarohat yetkazadi. Shundan keyin u “Chandiq yuz” laqabini oladi — ammo hayotligida hech kim uni bu laqab bilan chaqirmagan, gangsterning o‘zi chandiqni Birinchi jahon urushida orttirganini ta’kidlab kelgan.

Al Pachino ijrosidagi “Chandiqli yuz” filmidan kadr

Maktabdan keyin — jinoiy to‘daga

Kapone 18 yoshga to‘lmasidan Nyu-York politsiyasining e’tiboriga tushib bo‘lgandi. Bo‘lajak mafiyachi ular bilan ziddiyatga borishni istamay ish joyini o‘zgartirib, Chikagoga ko‘chib o‘tadi. Kapone bu yerda amakisining jinoiy to‘dasiga qo‘shiladi. Alfonso yangi joyda ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmasidan butun jinoyat olamiga o‘z qobiliyatlarini namoyish etadi.

Oradan bir yil o‘tib, Kapone 18 yoshli Mey Jozefina Kaflinga uylanadi — qiz to‘ydan oldin gangsterga o‘g‘il tug‘ib bergandi. Albert Kapone ulg‘aygach familiyasini Braunga o‘zgartirib, itoatkor fuqaro sifatida umr kechirdi, to‘rt qizni voyaga yetkazib, 2004-yilda vafot etdi.

Al Kaponega mashhurlik fojiaviy voqealardan keyin kela boshladi. Albatta, mafiya olamida fojiali voqealarning sodir bo‘lishi yangilik emas, biroq mazkur holatda Kapone amaki 26 yoshli jiyaniga “ish boshqaruvi”ni topshirishga majbur bo‘ldi. Hokimiyatni qo‘lga kiritgan Al Kapone dushmanlariga haqiqiy kuch-qudratini ko‘rsatib qo‘ydi. U jinoyat olami yetakchilari o‘rtasida haqiqiy urushni boshlab, mutlaq g‘olib bo‘lib chiqdi, shundan keyin “hamkasblari” uni “Buyuk Al” deb chaqira boshladi.

Al Kapone
Foto: Wikipedia

Kapone to‘dasi asosan fohishaxonalar, noqonuniy alkogol savdosi, reket bilan shug‘ullanardi. Shu bilan birga, janob Kaponening tashrif qog‘oziga quyidagicha yozilgandi: “Alfonso Kapone, qadimiy mebellar savdogari”. Bu gangsterlik faoliyatini yashirish uchun amalga oshirilardi. Shunindek, Kapone “pul yuvish” iborasining yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan budjet kirxonalari tarmog‘ini tashkil etdi.

 Qonxo‘r Al Kapone

Butun Amerika Al Kaponening qonli jinoyatlari haqida gapira boshlaydi. Gazetalar Valentin kunidagi qirg‘in haqida bong uradi — o‘shanda Kapone to‘dasi politsiyachilar niqobi ostida raqiblarining viski omborini egallab, ularni otib tashlagandi. Kaponening oldiga tushish muqarrar o‘limni bildirar, ayniqsa, xiyonatning jazosi juda qattiq edi.

Bir safar Kapone to‘da a’zolari ko‘z o‘ngida o‘zining ishonchli tansoqchisi Frenk Rioni kaltaklaydi. Tansoqchi deyarli e’tiroz bildirmaydi, chunki ular ayyor reja tuzgandi. Rio kaltaklanganidan keyin to‘da a’zolari Frenkka qasos olish va raqib tarafga o‘tish taklifini bildiradi. Shu kuni kechasi Rio o‘z xo‘jayiniga barchaning ismini aytib beradi va u atrofidagi xoinlarga “qattiq hayfsan” beradi.

Xoinlar italyan delikateslari tayyorlanib, musiqa sadolari ostida qimmat vinolar quyiladigan restoranga hashamatli kechki ovqatga taklif etiladi. Bazm-u jamshid bir necha soat davom etgach, desertga mezbon alohida “taom tortadi” — barchasini beysbol bitasi bilan urib, kamiga otib tashlaydi. “Bu shunchaki biznes, shaxsiy adovat emas!”, — deya mashhur iborasini aytadi Al Kapone.

Robert de Niro ijrosidagi “Daxlsiz” filmidan kadr

Jinoyat olami islohotchisi

Yuqorida aytganimizdek, Kaponening asosiy faoliyat alkogol mahsulotlari savdosi bilan bog‘liq edi. Mamlakatda “quruq qonun” (alkogol mahsulotlari savdosining taqiqlanishi) amalda bo‘lgani bois, ushbu biznes juda katta daromad keltirardi. Ammo Chikagoda Torrio to‘dasining ko‘plab raqiblari bo‘lib, ularga qarshi kurashishni Kapone o‘z zimmasiga oladi.

Kaponega qadar ham mafiya a’zolari bir-biriga qarshi to‘qnashuvlarda vahshiyliklar sodir etib turgan, biroq asosan pichoq va kastetlarda, ba’zida pistoletlardan foydalanilgan. Torrio to‘dasida haqiqiy “maxsus killerlar”ni tayyorlagan Kapone esa hech bir tartib-taomilga bo‘ysunmasligi sabab dushmanlarini dahshatga solardi.

Al Kapone o‘g‘li Albert Kapone bilan
Foto: Wikimedia Commons

Bir safar Torrio guruhi irlandiyalik Deyon O’Benion jinoiy to‘dasiga qarshi urush ochadi. To‘qnashuvlar oqibatida Alfonsoning kenja ukasi va O’Benionning o‘zi ham halok bo‘ladi. Og‘ir yaralangan Jonni Torrio esa to‘da boshqaruvini jiyani Al Kaponega topshiradi.

Kapone to‘dasi Amerika jinoyat olamini o‘zgartirib yuboradi. Raqiblariga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan Al Kapone sabab jinoyatchilar avtomatlarda otishmalar uyushtirish va mashinalarni minalashtirishni boshlaydi. Raqib tomon a’zolari kuppa-kunduzi o‘ldirilgan, ba’zida esa granatalar yordamida portlatib yuborilgan.

Soliq qopqoni va Kaponening qulashi

Kaponeni “taxtdan ag‘darish”ga Federal qidiruv byurosining yangi rahbari Edgar Guver bel bog‘laydi. Mafiya sardorini qotillik va reket uchun hibsga ololmasligini anglab yetgan Guver boshqa tomondan ish ko‘radi. Avvaliga 1929-yilda Al Kapone noqonuniy qurol olib yurgani uchun 10 oyga qamaladi. Ammo Kapone bu muddat qanday o‘tib ketganini sezmagan ham — qamoqda u o‘ziga qulay sharoit yaratib oladi, mehmonlarni qabul qiladi va to‘dani boshqarishni davom etadi.

“Kapone. Chandiqli yuz” filmidan kadr
Oradan ikki yil o‘tgach esa Al Kapone soliq to‘lashdan qochgani uchun 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Hukumat ayblov hukmi e’lon qilinishi uchun ancha ter to‘kadi va oxir-oqibat bunga erishadi.

U jinoiy to‘dasini avvalgidek qamoqxonadan turib boshqarishga urinadi, ammo Atlantadagi federal qamoqxonaga ko‘chirib o‘tkazilgach, Kaponening tashqi dunyo bilan aloqalari uzilib qoladi. Jinoiy imperiya rahbari 1934-yilda “hokimiyatni” butunlay yo‘qotadi — o‘shanda u AQSHdagi eng yomon va qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxona Alkatrasga ko‘chirilgandi.

Bu yerda qonxo‘r gangsterni farroshlik qilishga majburlab, “sindirishadi”, natijada boshqa mahbuslar Kaponeni “shvabra tutgan boss” deya kalaka qila boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan uning sog‘lig‘i yomonlashgan va shifokorlar Kaponeda zaxmning oxirgi bosqichini aniqlaydi. Hayron qolarli joyi yo‘q — jinoyatchi Chikagoda fohishalardan iborat butun boshli “haram”ga egalik qilgan va o‘zini doim ham himoyalamagan.

Jazo muddatini o‘tab chiqqach, Kapone o‘z obro‘sini yo‘qotib bo‘lgandi. Balki, shu sababli ham sobiq mafiya sardori suiqasdlarga uchramagandir. U 48 yoshida pnevmoniya va insultdan vafot etib, Gollivud rejissorlari uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan ko‘plab afsonalarni qoldirib ketadi. De Niro “Daxlsiz” filmida Al Kapone rolini o‘ynaydi, “Chandiq yuz” filmidagi Al Pachino qahramoni bo‘lsa jinoyatchining obrazi asosida yaratilgan — taniqli mafiya sardori haqida jami 13 ta film suratga olingan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »