Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

1881-yil 13-mart kuni Sankt-Peterburgdagi Yekaterina kanalining bo‘yida portlatilgan bomba imperator Aleksandr II ning o‘limiga sababchi bo‘ladi. Hayoti davomida uyushtirilgan o‘ninchi suiqasd va nihoyat ish bergandi. Ammo sekinlik bilan harakatga keluvchi mina halokatli kundan roppa-rosa 20 yil oldin — shoh krepostnoylik huquqini bekor qilish haqidagi qarorni imzolaganida ishga tushirilgan edi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida Aleksandr II ning islohotlari, rus terrorizmining boshlanishi va imperatorning o‘ldirilishi haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikimedia Commons

Bundan 205 yil oldin, 1818-yil 29-aprel kuni knyaz Nikolay Pavlovich oilasida birinchi farzand dunyoga keladi. Bolaning ismi bobosi sharafiga qo‘yilgan. Aleksandr — Pyotr I dan keyin Moskvada dunyoga kelgan ikkinchi imperator edi. Unda dunyoga kelganidayoq taxtga o‘tirish uchun ulkan imkoniyat bo‘lgan, chunki otasining akalari Aleksandr I va buyuk knyaz Konstantin Pavlovichning farzandlari yo‘q edi. Yillar o‘tgach Aleksandr II ko‘plab unvonlari qatoriga “Xaloskor” nomini ham qo‘shib qo‘yadi. Aslida uning islohotlari mamlakat xalqi uchun shunchalik ahamiyatli edimi?

19 yoshida u ustozlari hamrohligida 29 ta guberniyaga tashrif buyurib, o‘z mamlakati bilan tanishib chiqadi. Sibirda Aleksandr dekabristlar va surgun qilingan boshqa isyonchilar bilan uchrashadi.

“Ortga suradigan narsa yo‘q… Hammasini eplash kerak”

Aleksandr II taxtga chiqqan vaqtda imperiya chuqur inqirozda edi. Qrim kampaniyasi yutqazilgan, Rossiya haliyam bundan oson qutulib qolgandi. Britaniya Rossiya imperiyasini butunlay yakson etish uchun urushni davom ettirish tarafdori bo‘lgan. Ruslarning baxtiga bu Britaniyaning ittifoqchilari xohishi va imkoniyatlariga mos emasdi. Natijada Rossiya Qora dengiz, Dunay va Boltiqdagi Aland orollari ustidan nazoratni qo‘ldan boy berdi. Mamlakatda bunday sharmandalikka chiday olmagan Nikolay I o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida mish-mishlar tarqay boshlaydi.

Urush davlat boshqaruv tizimining yo‘qligini ko‘rsatib berdi. Rossiya kamsitildi, uning moliyaviy ahvoli buzildi. Islohotlar o‘tkazish zarurati yuzaga keldi. Yevropa derjavalari orasida faqat Rossiyaning konstitutsiyasi yo‘q bo‘lib, aholisining uchdan bir qismi (34,3 foiz) krepostnoyligicha qolgan edi.

O‘zgarishlar mavridi, aql va yuraklar o‘zgarish talab qilardi. Va ular o‘zini uzoq kuttirmadi. Shoh Aleksandr II tomonidan boshlangan asosiy islohotlar ro‘yxati quyidagicha: krepostnoylik huquqining bekor qilinishi (1861), moliyaviy islohot (1863), oliy ta’lim islohoti (1863), yer islohoti (1864), sud islohoti (1864), senzura islohoti (1865), shaharsozlik boshqaruvi islohoti (1870), o‘rta ta’lim islohoti (1871), harbiy islohot (1874).

Ammo Rossiyada doim kuzatilganidek, barcha kutgan va umid qilgan o‘zgarishlar hech kimga ma’qul kelmaydi: liberallar va konservatorlar, o‘nglar va so‘llar, pomeshchiklar va dehqonlar, dvoryanlar va savdogarlar, sudyalar va jinoyatchilar… Natijada islohotlarning hech biri oxiriga yetkazilmagan, bundan tashqari, aksilislohot va repressiyalar erishilgan marralarni ham minimumga tushirib yuborgan. Mamlakatda kuchli xalq harakati boshlanadi, pana-pastqamlarda terrorchilik tashkilotlari yuzaga keldi, tashabbuskor va kafolat bergan shaxs esa bomba qurboniga aylandi.

“Propagandachining hibsi”
Foto: Wikipedia

Na yer va na ozodlik

1861-yil rus tarixiga dehqonlar ozodligi va krepostnoylik huquqining bekor qilinishi bilan kirgan. Ammo dehqonlarning real ahvoli islohotdan keyin yanada yomonlashdi. Ular o‘zlarining aldanganliklariga ishonardi: shoh o‘z manifesti bilan “haqiqiy ozodlik”ni bergan, pomeshchik va amaldorlar esa uni almashtirib qo‘ygan yoki o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zgartirgan.

Qaysidir ma’noda rostdan ham shunday edi. Avval boshidan islohotlarni ishlab chiqish bilan maxfiy qo‘mita shug‘ullangan bo‘lib, uning tarkibiga yirik yer egalari, dvoryan va saroy amaldorlari kirgan. Va ular o‘z manfaatini ko‘zlamasligi mumkin ham emasdi.

I.Vladimirovning “Dehqonlar isyoni” kartinasi
Foto: Wikipedia

Shoh imzolagan manifestlarga muvofiq dehqonlar shaxsiy erkinlik, uy hamda mol-mulkka egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi, ammo o‘zlariga berilgan yerni zamindorlardan sotib olishi kerak edi. Bo‘lib to‘lash muddati 6 foizli ustama bilan 49 yilni tashkil etgan. Shu bilan birga, dehqon to‘qqiz yil davomida yer egasi tomonidan taqdim etilgan ajratmani rad etishga haqli emasdi.

“Sotib olingan” yerlar uchun to‘lovlar 1906-yilda birinchi rus inqilobidan keyin to‘xtatilgan. Bu vaqtga kelib dehqonlar 544 million rubl turadigan yer uchun 1 milliard 570 million rubl to‘lab bo‘lgandi.

1861-yilga islohot sabab aksariyat dehqonlar rasman “krepostnoy” degan tamg‘adan qutulgan va “qarzdor” deya atala boshlagan. Ular rasman ozod bo‘lsa-da, amalda ahvoli oldingidan yanada yomonlashgan edi.

Otish buyurilgan

Rus dehqonlari har qanday adolatsizlikka qarshi ma’nisiz va shafqatsiz isyon bilan javob qaytardi. 1861-yilning o‘zida 1 176 ta dehqonlar isyoni qayd etilgan — bu islohotlarga qadar bo‘lgan olti yildagi jami ko‘rsatkichlardan ko‘pdir. Jahl otiga mingan qishloq ahlini tinchlantirish uchun hukumat qo‘shin yuboradi.

Bosh shtab departamenti fondi va Inspektorlik departamenti hujjatlariga ko‘ra, o‘sha yilning martida harbiylar to‘qqizta guberniyadagi dehqonlarni “tinchlantirgan”. Aprel oyida armiya 29 ta guberniyaga, mayda esa 38 tasiga kerak bo‘lgan.

Birinchi qon to‘kiladi. 8-aprel kuni Penza guberniyasining “Chernogay” qishlog‘ida Tarutin piyoda polkining 10-rotasi norozi kayfiyatdagi bir necha mahalliy aholini hibsga oladi. Ertasi kuni “Chernogay” va qo‘shni “Pochinok” qishloqlaridan 500 kishi kelib, mahbuslar ushlab turilgan kulbani qurshovga oladi va ularni ozod etadi. Bir kun keyin qishloqda 2 mingga yaqin dehqon to‘planadi. Panshaxa va qoziqlar bilan qurollangan kuchlar 10-rotaga hujum uyushtiradi. Askarlar o‘t ochib, uch kishining o‘limiga sabab bo‘ladi…

Bu kabi noroziliklar o‘z navbatida yashirin jamiyatlarni paydo qildi va ulardan eng mashhuri “Xalq irodasi” edi. 1879-yil iyun oyida Lipetskda o‘tkazilgan qurultoyda “Xalq irodasi”ning asosiy vazifa — imperator Aleksandr II ni jismonan yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ular zolim hukmdorning o‘limi barchasini o‘z joyiga tushirib, porloq kelajak boshlanishiga ishongan.

Suiqasdlar seriyasi

Isyonchilar shohni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rishga jiddiy kirishadi. Ular xanjar va revolverlardan voz kechadi. Ishonchsiz. Bundan oldingi uchta suiqasd ham buni isbotlagan edi.

1866-yilda universitetdan haydalgan talaba Dmitriy Karakozov birinchi marta shohni otishga uringan. Atrofdagilar uni qo‘lga olayotgan vaqtda jinoyatchi “Ahmoqlar, axir men sizlar uchun harakat qilyapman-ku!”, deya baqirgan. Terrorchining hamyonidan topilgan varaqda ham shu kabi niyat qayd etilgandi: “Do‘stim — rus erkagiga foyda keltirish”. Karakozov dorga osiladi. 

Dmitriy Karakozov imperator Aleksandr II ga suiqasd uyushtirgan joy
Foto: Wikipedia

Oradan bir yil o‘tgach Parijda polyak Anton Berezovskiy shohga o‘q uzadi. U olomon ichida “nishon”ni aniq mo‘ljalga ololmay, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Berezovskiy ham qo‘lga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi.

Uchinchi marta Aleksandr II ga Aleksandr Solovyov ismli inson o‘q uzgan. 1879-yil 2-aprel tongida sayrga chiqqan imperator revolverdan o‘qqa tutiladi. Otilgan beshta o‘qning hech biri unga tegmagan. Solovyov sud qilinib, 70 ming tomoshabin ko‘z o‘ngida dorga osiladi.

Bu safar terrorchilar shohni portlatib yuborishga jazm etadi. Tasodifiy qurbonlarning ahamiyati yo‘q edi. Buyuk maqsad va xudkushlik barcha vositalarni oqlardi. Aynan o‘shanda rus inqilobchilari portlovchi qurilmani jahon terrorining quroliga aylantirdi.

“Xalq irodasi” ijro qo‘mitasi tomonidan 1879-yil yozda Qrimdan poytaxtga qaytayotgan imperatorni oilasi bilan portlatib yuborish qarori qabul qilinadi. Odessadan 14 kilometr uzoqlikdagi temiryo‘lga mina qo‘yiladi, ammo shoh o‘tirgan poyezd o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan edi.

Keyingi safar harakat a’zosi Andrey Jelyabov “Aleksandrovskiy” yaqiniga mina o‘rnatiladi. O‘z rejasini amalga oshirish uchun u temiryo‘l bo‘yidan konchilik zavodini quraman deya yer sotib oladi. Aftidan, u vaqtda tashkilot pulni qizg‘onmagan. Imperator o‘tirgan poyezd o‘tib ketadi, biroq mina portlamaydi.

Portlatishga bo‘lgan urinishlarning uchinchisida mina Moskva viloyatidagi temiryo‘lga o‘rnatiladi. Bu safar tezkor guruhga Sankt-Peterburg sobiq gubernatorining qizi, aslzoda dvoryan 26 yoshli Sofya Perovskaya boshchilik qiladi. Avvaliga yuklar ortilgan tarkib o‘tib ketishi, yarim soatdan keyin esa shoh o‘tirgan poyezd harakat qilishi kerak edi. Ammo Xarkovda yuk parovozlaridan biri buzilib qoladi va shoh o‘tirgan poyezd birinchi harakatlanadi. Terrorchilar bundan bexabar edi — ular shohni o‘tkazib yuborib, ikkinchi tarkibning to‘rtinchi vagoni kelgan vaqtda minani portlatib yuboradi.

Sofya Perovskaya
Foto: “TASS”

Tasodif sabab hech kim jarohat olmaydi. Ammo terrorchilar o‘lishdan qo‘rqmas, qurollanishida bombalar bor ekan, qurbonlar bo‘lishi tabiiy edi. Shu boisdan keyingi suiqasd eng dahshatlisiga aylanadi.

Stepan Xalturin o‘zlashtirishi pastligi tufayli seminariyadan chetlashtirilgan va Amerikaga yashash uchun ketishga qaror qilgan edi. Ammo yo‘lda uning pasportini o‘g‘irlab ketishadi. To‘g‘ri kelgan og‘ir mehnat bilan kun kechirgan Xalturin “Xalq irodasi” vakillari bilan tanishib qolib, tez orada inqilobiy agitatsiya ishlarida muvaffaqiyat qozonadi.

1879-yil sentabrda Xalturin o‘z partiyasining topshirig‘iga binoan soxta hujjatlar bilan Qishki saroyga duradgor bo‘lib ishga joylashadi. Keyingi yilning fevral oyiga qadar u imperator saroyi yerto‘lasiga 32 kilogrammga yaqin portlovchi moddani sekin-asta olib kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Bomba o‘t oldiruvchi ip yordamida ishga tushirildi. Xalturin yashagan Qishki saroy yerto‘lasi ustida soqchixona, uning ustida — ikkinchi qavatdagi oshxonada esa Aleksandr II odatda tushlik qilardi. 1880-yil 17-fevral kuni tushlikka Mariya Aleksandrovaning ukasi shahzoda Gessenskiy kelishi kerak edi. Shahzodaning poyezdi yarim soatga kechikkani nafaqat uning, balki butun imperatorlik oilasi a’zolarining hayotini saqlab qoladi.

Imperator oshxonadan uzoqda joylashgan Kichik Feldmarshal zalida shahzodani kutib olgan vaqtda portlash yuz beradi. Dinamit kuchi yerto‘la va birinchi qavat orasini buzib yuboradi. Tepadagi qavatning pol qismi esa qulab tushadi. Boloxonadagi hech kimga shikast yetmagan, ammo portlash kuchi polni ko‘tarib yuborgan, ko‘plab derazalar oynalari singan.

1880-yil fevralda Stepan Xalturin tomonidan Qishki saroyda uyushtirilgan portlash
Foto: Wikimedia Commons

Shunday qilib, Qishki saroydagi portlash terrorchilarga kutilgan natijani keltirmaydi — Aleksandr II jarohat olmagan, uning o‘rniga 11 askar halok bo‘lgandi. Portlashdan keyin Xalturin Moskvaga yo‘l oladi. 1881-yil 1-mart kuni “Xalq irodasi” ijro qo‘mitasi a’zoligiga saylanadi. Bir yildan keyin Xalturin Odessada prokuror Strelnikovning o‘ldirilishida ishtirok etadi. Uning sherigi bo‘lgan Jelvakov pistolet bilan Strelnikovni yaralaydi, izvoshchi kiyimidagi Xalturin esa uning yashirinishga yordam bera olmaydi. Natijada ularning ikkisi ham o‘tib ketayotgan fuqarolar tomonidan ushlanadi.

Jelvakov va Xalturin o‘zlarini boshqa odamlar deya tanishtirgan va Aleksandr II ning buyrug‘i bilan harbiy-dala sudiga topshirilgan — 22-mart kuni esa dorga osiladi.

Foto: Wikimedia Commons

Shohni o‘ldirishga urinishlarning keyingisi 1880-yil avgustda amalga oshiriladi. Sankt-Peterburgdagi imperator harakatlanishi kerak bo‘lgan Tosh ko‘prik ostiga 112 kilogramm dinamit o‘rnatiladi. Shoh ko‘prik ustidan o‘tayotganida Makar Teterka bombani ishga tushirishi kerak edi. Ammo terrorchining soati bo‘lmagani sabab u uxlab qoladi. Portlovchi moddalar esa Griboyedov kanaliga tashlab yuborilgan va qo‘lga olinganlardan biri bir yildan keyin bu haqida aytmagunga qadar u suv ostida yotgan.

Muvaffaqiyatli suiqasd

1881-yil 13-mart kuni Aleksandr II yetti otliq kazak va ikki politsiyachi hamrohligida qirollik karetasida harakatlanar edi. Imperator karetasi qirg‘oq bo‘yiga yetganida terrorchilardan biri kanalning qarama-qarshi tarafidan ro‘molchasini silkitib signal beradi. Taxta zavodi boshqaruvchisining o‘g‘li, 19 yoshli talaba Risakov portlovchi bombani uloqtiradi. Kareta harakatlanishni davom ettiradi va bomba uning ostida portlaydi — aravaning orqa devoriga zarar yetadi, konvoy kazak halok bo‘ladi.

Risakov qochishga urinadi, biroq uni qo‘lga olishadi. Hech qanday jarohat yetmagan Aleksandr II karetadan chiqqan, politsiya boshlig‘i Dvorjiskiy yugurib kelib, terrorchi qo‘lga olingani to‘g‘risida hisobot beradi. Imperator yaradorlarni ko‘zdan kechiradi, shundan keyin Risakov tomon yo‘l oladi. Soqchilar sarosimada edi.

Mayda polyak dvoryanining o‘g‘li Ignatiy Grineviskiy sovuqqonlik bilan imperator yaqinroq kelishini kutadi va sochiqqa o‘ralgan bombani o‘zi va uning o‘rtasiga otadi — shu orqali u tarixdagi birinchi xudkushga aylanadi.

Yekaterina kanali bo‘yicha Aleksandr II ga uyushtirilgan suiqasd
Foto: Wikimedia Commons

Aleksandr II ning bir oyog‘i pachoqlanib ketadi, ikkinchisining tizzasidan pasti uziladi. Shoh zudlik bilan saroyga olib boriladi, biroq ko‘p qon yo‘qotish oqibatida u vafot etadi.

Aleksandr II zamondoshlari xotirasida buyuk islohotlar tashabbuskori sifatida saqlanib qoladi. U uzoq asrlik rus hayotini tubdan o‘zgartirishga uringan. Ayrim tanqidchilarning fikricha, islohotlar uchun unga shaxsiy qobiliyat va qat’iyat yetishmagan.

Shuningdek, u tashqi siyosatda ham jiddiy omadsizliklarga uchragan. 1867-yilda u amerikaliklarga o‘sha davrlar uchun ham kulgili bo‘lgan narxga Alyaskani sotib yuboradi. Oradan 30 yil o‘tgach, u yerdan oltinning boy konlari topiladi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »