Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

22-may kuni Artur Konan Doyl dunyoga kelganiga 164 yil to‘ladi. Umri davomida ushbu jentelmen shu qadar ko‘p sarguzasht va taqdir chig‘iriqlariga duch kelganki, hatto o‘zi tomonidan o‘ylab topilgan buyuk izquvar ham uning hayotiga hasad qilgan bo‘lardi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida detektiv qirolini mashhur qilgan omillar haqida hikoya qiladi.

Ser Artur Konan Doylchalik hech kim o‘zi yaratgan personaj Sherlok Xolmsni yomon ko‘rmagan. Yozuvchi tarixda faqat buyuk izquvarni yaratgan inson sifatida qolishni istamagan va bor kuchi bilan undan qutulishga intilgan. “U yuqumli kasallik kabi bo‘ynimga osilib olgan, shu sababdan uni o‘ldirishim kerak. Aks holda u meni o‘ldiradi”, — degandi Doyl 1893-yilda chop etilgan “Xolmsning so‘nggi ishi” hikoyasida uni Reyxenbax sharsharasidan uloqtirib yuborganida.

Umuman olganda Sherlok o‘z yaratuvchisini baribir mag‘lub etadi. Bir necha yildan keyin Doyl o‘quvchilar va nashriyotlar bosimi ostida detektivni hayotga qaytaradi, Xolms haqidagi hikoyalar to‘plami esa rostdan ham uning butun merosiga soya soldi.

Kit ovlovchi va sarguzashtlar ixlosmandi

Artur Konan Doyl
Foto: AP Photo

U Edinburgda, ichkilikka ruju qo‘ygan irland rassomi oilasida dunyoga kelgan. Onasi farzandiga ko‘plab hikoyalar aytib berardi, keyinchalik yozuvchi bu kabi qobiliyati uchun volidasiga ko‘p bora rahmat aytgan. Doyl bolaligidan sarguzashtlarni yaxshi ko‘rdi va urush-janjallarga ham jon deb aralashib ketaverdi. Oila qashshoq bo‘lishiga qaramay, u yaxshi ta’lim oldi: iyezuitlar kolleji, Edinburg universitetini tibbiyot fakulteti. Ammo tinch o‘tirib, o‘quv yillari davomida anatomiya bilan shug‘ullanish Doylga xos ish emasdi, shu sababdan ham 20 yoshida u “Umid” nomli kit ovlovchi kemaga shifokor bo‘lib joylashdi.

Tabiatan baquvvat bo‘lgan bo‘lajak yozuvchi ko‘z ochib yumguncha o‘zini Arktikadan topdi. Avvalida u muz ustida tura olmay, ko‘p yiqilardi, shu sababdan kema kapitani unga “Shimolning buyuk g‘avvosi” laqabini qo‘ygan, keyinchalik uning o‘zi tyulen oviga chiqib ketib, 55 tasining terisini olib keladi. Doylda, ayniqsa, kemani cho‘ktirib yuborishiga bir bahya qolgan kit bilan to‘qnashuv yorqin taassurot qoldirgan. “‘Umid’ bortiga yigitcha sifatida ko‘tarilgan bo‘lsam, undan o‘ziga ishongan katta erkak sifatida tushdim”, — degan edi u Shotlandiyaga qaytgach.

Umrining keyingi yillarida Doyl ancha tinch yo‘nalishda daromad ko‘rishni boshlagan bo‘lsa-da, sarguzashtlarga bo‘lgan qiziqishi uni hech qachon tark etmagan. Kema shifokori sifatida u Afrikaga borganida bezgakdan o‘lib ketishiga sal qolgan, Misr va Sudanga borganida ushbu mamlakatlarda harbiy harakatlar davom etardi, Britaniya ishtirokidagi biror urush boshlansa, u o‘zining zudlik bilan frontga yuborilishini so‘rardi.

Shifokorlik kasbi

Edinburg universiteti tibbiyot fakulteti Artur Konan Doylning nafaqat shifokorlik, balki kelajakdagi adabiy taqdirini ham belgilab berdi. Birinchi bosqichda o‘qib yurganidayoq Doyl doktor Jozef Bell bilan tanishib qoladi. Mayda detallarga ham juda e’tiborli bo‘lgan Jo Bell talabalarni bemor kasalligini u og‘iz ochishidan — tashqi belgilaridan aniqlashni o‘rgatdi. Belldan ilhomlangan Doyl ambulatoriya bo‘limiga kotib bo‘lib ishga joylashdi va uning usullarini yaxshi o‘rgandi. Keyinchalik aynan Beyl Sherlok Xolmsni prototipiga aylandi.

Doylning shifokorlik hayoti qiziq kechdi. Dastlabki yillarda uning na bemorlari va na puli bor edi. Shu tufayli u gazetalarga hikoyalar yozib pul topishga o‘tdi — olingan gonorarlar uning yashashini ta’minladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi karyerasi ham sekin-asta ko‘tarila boshladi. Shaharliklar Doyl haqida mehnatkash shifokor degan fikrda edi: shu bilan birga, u juda asosli ilmiy mulohazalarni bildirardi. Doktor yozuvchilik va shifokorlik ishini 1891-yilgacha — adabiyot meditsinani uning hayotidan siqib chiqargunga qadar birga olib bordi.

Foto: AP Photo

Oradan sakkiz yil o‘tgach Doyl yana shifokorlik kasbiga qaytadi: 1899-yilda Janubiy Afrikada ingliz—burlar urushi boshlandi va taniqli yozuvchi zudlik bilan u yerda xususiy gospital ochishga kirishdi (aslida yozuvchi askarlar qatorida bo‘lishni istagandi, biroq yoshi 40 ga yaqinlashgan erkak rad javobini oldi). Blumfonteynda u badboy hidlar, qon va iflos suvlar orasida terlama epidemiyasiga qarshi kurashdi. “Xalati qonga bejalgan, horg‘in inson mashhur Sherlok Xolms muallifiga o‘xshamasdi. Bu shunchaki o‘z ishini chin ko‘ngildan bajarayotgan shifokor edi”, — deb yozgandi Doyl haqida britaniyalik harbiy muxbir.

Ko‘plab janrlar ustasi

Doyl yozuv stoli ustida ham shifokor kabinetidagi kabi halol va tinim bilmay ishladi, muntazam ravishda turli yo‘nalishlarda o‘zini sinab ko‘rdi. Ayniqsa, u tarixiy prozani yaxshi ko‘rar va 100 yillik urush ritserlari hayoti haqida hikoya qiluvchi Valter Skott uslubidagi “Oq otryad” romanini o‘z mehnatining cho‘qqisi deb atadi. O‘quvchilar ham mazkur asarni yuqori baholadi — “Oq otryad”ni chop etgan nashriyot rahbari u bilan ko‘krak kerdi: “‘Ayvengo’dan keyin bu qadar ajoyib asar o‘qigan emasman”. Boshqa tomondan, tanqidchilar Doylni g‘azablantirgan holda, asarni balog‘atga yetmagan bolalarning ko‘ngilochar adabiyoti deb ta’rifladi.

“Sherlok Xolms va doctor Vatson sarguzashtlari” filmidan kadr

Kutilmalari Doylni doim aldab keldi. “U adabiy sensatsiyaga aylanmasa, diniy jihatdan muvaffaqiyatga erishadi, balki har ikki yo‘nalishda ham mashur bo‘lar”, — deya o‘ylardi u “Stak Monroning maktublari” haqida. Matonatli yozuvchi yangidan yangi janrlarga murojaat qildi: Edgar Allan Poga xos mistik novellalar, qiziqarli tarixiy hikoyalar, va nihoyat fantastika yozdi. O‘zi u qadar yuqori baho bermagan asarlari ko‘pincha muvaffaqiyat qozondi: brigadir Jerarjning hayoti haqidagi komediyali tarix yoki buyuk professor Chellenjer haqida hikoya qiluvchi “Yo‘qolgan dunyo”. Va, albatta, Xolms haqidagi sikllar ham. O‘zi yaxshi ko‘rgan romanlari esa umuman e’tibordan chetda qolar, Doyl kutganidek obro‘ qozonmasdi. Umuman olganda u shu qadar mashhurlikka erishadiki, 1890-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab nashriyotlar uning muvaffaqiyatsiz asarlarini ham chop etishni boshlaydi.

Vatanparvar-konservator

Janubiy Afrikadagi urushda Doyl insonlar hayotini saqlabgina qolmay, Britaniya imperiyasi gazetalarida mashhurlikka erishdi. Bularning barchasini u chin ko‘ngildan uddalardi — yozuvchi butun hayoti davomida yuragi qaynoq vatanparvar bo‘lib qoldi va Britaniya manfaatlariga xizmat qildi. Uyiga qaytgach, konservativ kuchlar nomidan parlamentga nomzodini qo‘ydi, urushni davom ettirish taklifi bilan chiqdi va “1899—1902-yillarda ingliz-burlar urushi” kitobini yozdi. Shundan keyin qirol Eduard VII Doyl bilan birga tushlik qilib, unga ritsarlik unvonini topshirdi.

“Sherlok Xolms” filmidan kadr

Doyl keyinchalik ham konservativ qadriyalarini himoya qildi: masalan, butun umri davomida ayollarga jentelmenlarga xos munosabatda bo‘lganiga qaramay, ularga saylov huquqini berish g‘oyasini tanqid qildi. Tashqi siyosatda ingliz tilida so‘zlashuvchilarni birlashtirish — Buyuk Britaniya va AQSH ittifoq davlatini yaratishni yoqladi. Londonning manfaatlari xavf ostida qolishi bilan qalamini dushmanlarga qarata yozdi. Birinchi jahon urushi davrida keksayib qolgan bo‘lsada frontga borib, odamlarni jangga da’vat etdi, Germaniyaga “qotillar millati” tamg‘asini yopishtirdi va bundan keyin Angliyada birorta ham nemisni qabul qilmasligini aytdi.

Boshqa tomondan Doyl ilg‘or fikrlarni ham bildirib turardi. U er-xotin ajrimiga oid qonunchilikni isloh qilishni qo‘llab-quvvatladi, matbuotda erlari tomonidan kaltaklanadigan ayollarni ketib qolishini qoraladi. Shuningdek, yozuvchi Belgiya hukumati tomonidan XIX asr oxirida amalga oshirilgan Kongo genotsidini qattiq yomonladi.

Detektiv

Oddiy o‘quvchilar Doylni o‘z personaji Sherlok Xolms qiyofasida tasavvur qilib, chiqishlari davomida ingichka barmoqlarga ega intellektual o‘rniga, shop mo‘ylovli zamondoshini ko‘rganlarida hafsalalari pir bo‘lardi. Shunday bo‘lsa-da, sobiq shifokor bir necha bor izquvarlik bilan shug‘ullanib ko‘rdi — jinoyatlarni ixtiyoriy ravishda tergov qildi.

Doyl karyerasidagi eng mashhur ish Jorj Edalji voqeasi bo‘ldi — kelib chiqishi hindularga borib taqaluvchi yurist chorva mollarini o‘ldirishda ayblangan. Kimdir rostdan ham 1904-yilda Birmingem yaqinidagi qishloqda qirg‘in uyushtirib, hayvonlarni o‘ldirgan, biroq Edalji jinoyat joyida unikiga o‘xshash poyabzal izi topilgani sabab boshqa isbot-dalillarsiz ayblangan. Mahalliy aholi, jumladan, politsiya boshlig‘ining nafrati o‘z ishini qildi: Edalji avvaliga yetti yilga ozodlikdan mahrum etiladi, keyin esa amnistiyasiz, ishlash huquqidan mahrum etilgan holda qo‘yib yuborilgan.

“Sherlok” serialidan kadr

Bundan xabar topgan Doyl darg‘azab bo‘lib, Edalji va politsiya boshlig‘i bilan uchrashadi, jinoyat joyini yaxshilab ko‘zdan kechiradi va barcha dalillarni to‘playdi — ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lmagan ziyoli yurist bunday jinoyatni sodir eta olmaydi, degan xulosani berdi. Tergov natijalarini maqola sifatida chop etib, katta norozilikni keltirib chiqardi. Angliya xuddi Fransiya kabi o‘zining “Dreyfus ishi”ga ega bo‘lgandi (u yerda yahudiy ofitser Alfred Dreyfus davlatga xinoyatda asossiz ayblangan). Oxir-oqibat Edalji oqlanadi, ammo Doyl haqiqiy jinoyatchini topishga muvaffaq bo‘lmaydi.

Dunyo bo‘ylab

Yuqorida yozganimizdek, Sherlok Xolms paydo bo‘lishi bilan Konan Doyl shifokorlikni sekin-asta yig‘ishtirib, yozuvchilikka o‘tib ketdi. Ammo u sarguzashtlarga bo‘lgan qiziqishini umrining oxiriga qadar saqlab qoldi. Yevropa bo‘ylab sayohatlarining birida Doyl 24 yoshli Jin Leki ismli qiz bilan tanishib qoladi va shu ondayoq unga ko‘ngil qo‘yadi.

Bu vaqtda Doyl o‘zining rafiqasi silga chalinganini bilar, ammo odob-axloq jihatidan u boshqa qiz-juvonlarga ilakishmas edi. Leki bilan munosabatlari esa faqat salom-alikdan nariga o‘tmadi. “Rafiqam hayot ekan, hech qanaqasiga senga tegishli bo‘la olmayman”, — deydi Doyl yosh Jinga. Qiz oilali erkak sabab kuyovlikka nomzod bir qancha yigitlarga rad javobini berdi — u Artur bilan yashash uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutishga tayyor edi. Yozuvchining rafiqasi 1907-yilda vafot etganidan bir yil o‘tib, ular oila qurdi. Jin bu to‘yni qariyb 10 yil kutdi. Konan Doyl va Jin Lekidan uch nafar farzand dunyoga keldi.

Artur Konan Doyl oilasi bilan
Foto: Getty Images

Yozuvchi 1930-yilda 71 yoshida miokarddan vafot etdi. Umrining oxirgi yillarini u rafiqasi va farzandlari bilan sayr-u sayohatda o‘tkazdi. Ritsarlik unvonini qo‘lga kiritgan ser Artur Konan Doyl yer sharining barcha qit’alarida bo‘ldi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »