Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Avraam Linkoln shubhasiz Amerika tarixidagi eng mashhur prezidentlardan biri hisoblanadi. Oddiy fermerlar oilasida tug‘ilib, muvaffaqiyatli yuristga aylangan ushbu shaxs mamlakat taqdirining eng muhim bosqichida prezidentga aylangan. Quldorlikni bekor qilishdagi jonbozligi va Fuqarolik urushidagi g‘alabasi uni abadiy tarixga muhrladi. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida uning mashaqqatli hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

Og‘ir bolalik

Avraam Linkoln 1809-yilda Kentukki shtatining Gardin okrugida dunyoga kelgan. Uning oilasi XVII asr boshlarida Shimoliy Amerikaga ko‘chib kelgan ingliz puritanlaridan (diniy-siyosiy harakat qatnashchilari) edi. Linkolnning ota-onasi qashshoq va savdosiz bo‘lsada, o‘z farzandlari yaxshi ta’lim olishini juda istagan. Shu boisdan ham Avraam 8 yoshida kichik xususiy maktabga qatnashni boshlaydi.

Maktabga eltuvchi yo‘l plantatsiya orqali o‘tar va Linkoln tez orada u yerda ishlaydigan qora tanlilardan biri bilan do‘stlashib qoladi. Bundan xabar topgan plantatsiya egasi yigitchaga o‘z yerlari chegarasini kesib o‘tishni taqiqlab qo‘yadi. Biroq bu Avraam uchun belgilangan manzilga yetib borishning yagona yo‘li edi, natijada u maktabni o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Badavlat plantator Linkolnlarni shu qadar yomon ko‘rib qoladiki, ularni muntazam haqoratlab, tahqirlay boshlaydi va oxir-oqibat ular o‘z uylaridan ko‘chib ketadi.

Ta’lim olish orzusi

Indianaga ko‘chib kelgan Linkolnlar barcha amerikalik pionerlar kabi yangi yerda daraxt kesib, uy qurishga va yer chopishga kirishadi. Avraam ko‘plab yumushlarda ota-onasiga ko‘maklashgan. Avvaliga u qoramollarni boqqan, ovchilik qilgan. Yigitcha o‘qishni juda istar va ishdan bo‘sh bo‘lgan vaqtida har bir daqiqani kitob o‘qishga sarflardi.

Linkolnnig bolaligi, illyustratsiya
Foto: Wikipedia
Linkolnning onasi o‘sha vaqtlarda keng tarqalgan bezgak sabab olamdan o‘tadi, Avraamning zimmasiga esa yanada ko‘proq ishlar yuklanadi. Ota tez orada ikkinchi bor oila quradi. O‘gay ona maktab ko‘rgani bois o‘smirning ko‘plab savollarga javob berib kelgan. Ular tezda chiqishib ketadi va Avraam uni “ona” deb ham atay boshlaydi.

Oilaning uyi yaqinida maktab qurilgach, o‘g‘ay ona farzandini u yerga joylashtirishga qaror qiladi. Biroq bu safar ham turli qiyinchiliklar paydo bo‘ladi: maktab ochilishi bilan yopiladi va oradan 4 yil o‘tgachgina qayta ish boshlaydi. Bu vaqt davomida esa Avraam mustaqil ta’lim olish bilan shug‘ullangan.

O‘smirlik yoshida Linkoln o‘zida omma oldida chiqish qilish qobiliyati borligini sezib qoladi. U yaxshigina hazil hissiga va xotiraga ega edi, shu sababdan turli nutqlar bilan atrofiga ko‘plab odamlarni to‘play olardi.

Chandiq yuz

Yosh Linkoln baquvvat va irodali bo‘lib, har qanday jismoniy mehnatni zimmasiga olib ketaverardi. Bir safar yigitcha qo‘lbola sol yasab, otasi bilan o‘zlari yetishtirgan poliz mahsulotlarini sotishga tashigan. Linkolnlarning bunday muvaffaqiyatidan xabar topgan Jentri familiyali badavlat yer egasi o‘zi uchun ham oziq-ovqat yuklarini yetkazib berishni so‘raydi. Yuklarni tashish vaqtida ota-bola qora tanlilar hujumiga uchragan. Ular bilan to‘qnashuvda Avraam yuzidan jiddiy jarohat oladi va undan qolgan chandiq butun umri davomida saqlanib qolgan.

Linkolnlar kulbasi
Foto: Wikipedia

21 yoshida Linkoln oilasi bilan Illinoysga ko‘chib o‘tadi. Yosh Avraam juda dag‘al yigit bo‘lsada, ehtiyotkorlik, halollik va xayrixohligi tufayli hamma joyda atrofidagilar mehrini qozonardi. Linkoln ishlagan savdo rastasi mijozlari unga “halol Eb” laqabini berishgan. Bu yerda ishlab yurgan vaqtida u qora tanli ishchilar qattiq kaltaklanishiga guvoh bo‘ladi va bu quldorlikka qarshi bo‘lajak kurashchining xotirasiga abadiy muhrlanadi.

Siyosiy karyerasining boshlanishi

Ko‘p o‘tmay o‘zini “Qora lochin” deb atovchi mahalliy hindular sardori Illinoysning oq tanli aholisiga qarshi urush e’lon qiladi. Ammo ikki tomon hech bir-biri bilan to‘qnash kelmaydi: amerikaliklar bir necha oy davomida o‘z raqiblarini quvib yetishga urinadi, biroq harakatlarning barchasi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. Urushda Linkoln bitta rotaga boshchilik qilgan va ta’qiblar tugagach, uyiga qaytadi hamda do‘stlarining tavsiyasi bilan Illinoys qonunchilik yig‘ini saylovlarida ishtirok etishga qaror qiladi. Linkoln saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘zining siyosiy pozitsiyasini haddan ortiq ochiq bayon etgani uchun yutqazib qo‘yadi.

Saylovlardan keyin u yana ishga sho‘ng‘ib ketadi, ammo savdoni yo‘lga qo‘yish borasida ham omadi chopmaydi va uning hatto kundalik oziq-ovqat uchun ham puli qolmaydi. 1834-yilda Linkoln yana bir bor saylovlarda ishtirok etib, Demokratlar partiyasi nomidan shtat qonunchilik yig‘ini a’zosiga aylanadi. Mazkur g‘alabadan keyin u o‘z hayotini jamiyat manfaatlariga xizmat qilishga bag‘ishlashga ahd qiladi. Qonunchilik yig‘ini a’zosi, advokat Jon Styuartning ta’siri ostida Linkoln o‘zini advokatura sohasida ham sinab ko‘radi. Advokat diplomini qo‘lga kiritishi bilan u Styuartning sherigiga aylanadi. Bu vaqtda Linkoln mamlakatdagi quldorlik tuzumiga qarshi ochiq-oydin fikr bildira boshlagan edi, ammo Illinoys quldorlikka ruxsat berilgan shtat bo‘lgani bois bunday norozilik chiqishlarni kam sonli odamlar qo‘llab-quvvatlagan.

Linkoln fuqarolik urushi vaqtida
Foto: Wikimedia Commons

Quldorlikka qarshi kurash

Linkoln 8 yil davomida shtat qonunchilik yig‘inida ishlaydi va bu davr mobaynida parallel ravishda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yillar ichida halol advokat va siyosatchi sifatida uning obro‘si oshib ketadi. 1842-yilda Linkoln oila quradi va birmuncha vaqtga siyosatdan uzoqlashadi, uch yildan keyin esa Kongress saylovlarida g‘alaba qozonib, Vakillar palatasi a’zosi majburiyatlarini bajarishga kirishadi.

Linkoln Meksikaga qarshi urushga faol qarshilik ko‘rsatib kelgan va Texas qo‘shib olinganidan keyin u butunlay quldorlar qo‘liga o‘tib ketishidan xavfsiragan. Shuningdek, u qochoq qullarni o‘z egalariga qaytarish nazarda tutuvchi Kanzas—Nebraska qonuniga qarshi chiqqan. Plantatorlar ushbu qonundan foydalangan holda Shimolda yashovchi qora tanlilarni qullikka mahkum etishda foydalangan. Natijada butun AQSH hududi bo‘ylab quldorlik jamiyatining tarqalish xavfi yuzaga keladi, bu esa o‘z navbatida Shimoldagi sanoatchilar hamda Janubidagi plantatorlar o‘rtasida to‘qnashuvlarni paydo qiladi. Linkolnning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat o‘sha yillari “adovat hukmron bo‘lgan uyga” o‘xshab qolgan.

Linkolnning murosasiz abolitsionistik qarashlari shimoliy shtatlarning ko‘plab aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 1856-yilda u vitse-prezident lavozimi uchun saylovlarda ishtirok etishga qaror qiladi, biroq yutqazadi. Respublikachilar partiyasiga a’zo bo‘lgach esa siyosatchi Senat saylovlarida birinchi o‘rinni egallaydi. Ammo yakunda saylangan senatorlar soni reglamentdan oshib ketgani ma’lum bo‘ladi, shu tufayli qayta ovozlar hisoblashdan keyin Linkoln mazkur lavozimga tayinlanmaydi. U butun mamlakat bo‘ylab safarlar uyushtirib, siyosiy ma’ruzalar o‘qiydi va odamlarni qullikni bekor qilishga chaqiradi.

Fuqarolik urushi

Linkolnning inauguratsiya marosimi, 1860-yil Kapitoliy, Vashington
Foto: Wikimedia Commons

1860-yilda Linkoln prezident etib saylandi. Mazkur voqeani Janubdagi quldorlar abolisionistlarga qarshi boshlanadigan urush signali sifatida qabul qiladi. Janubiy shtatlar birin-ketin Ittifoq tarkibidan chiqa boshlaydi va ularning 7 tasi Amerika Konfederativ Shtatlari nomi ostida o‘z hukumatiga asos soladi. Bu vaqtga kelib Janub urushga qattiq tayyorgarlik ko‘rar, Shimoldagi aksar aholi esa qon to‘kilishlardan qochishga intilar edi. Linkoln oxirgi daqiqalarga qadar janubliklarni o‘z yurtdoshlariga qarshi urush boshlamaslikka chaqiradi. Biroq uning barcha urunishlari besamar ketadi. 1861-yil 12-aprel kuni janubliklar Janubiy Karolinadagi Samter fortiga hujum boshlab, Fuqarolik urushini boshlab beradi. Prezidentning qarshilik ko‘rsatish kuchlariga qo‘shilish haqidagi chaqirig‘iga 75 mingdan ortiq kishi javob beradi.

Linkoln ushbu urushni barcha amerikaliklar uchun eng katta qayg‘u deya hisoblangan va uning asosiy sababi — quldorlikni bekor qilish orqali janglarni to‘xtatishga yanada kirishgan. 1862-yilda Shimolning qo‘li baland kelgan vaqtda prezident o‘z proklamatsiyasi (tashviqot varaqasi) bilan janubliklarni agarda ular taslim bo‘lmasa, Konfederatsiya hududidagi barcha qullar ozod etilishidan ogohlantiradi. Quldorlar Linkoln talabini bajarmaydi va 4 milliondan ortiq qora tanli aholi ozodlikka erishib, Shimol qurolli kuchlari xizmatiga kelib qo‘shiladi.

1863-yilning birinchi yarmida shimolliklar qator mag‘lubiyatlarga uchraydi, ammo Gettiserg yaqinida konferatlar qaqshatkich zarbaga uchragach, harbiy ustunlik Ittifoq kuchlari tomonida ekani ma’lum bo‘ladi. 1864-yilda Linkolnning birinchi prezidentlik muddati yakunlanadi, biroq u “kechuv vaqtida oti almashtirish to‘g‘ri emas”, degan maqolga rioya qilgan holda saylovlarni keyinroqqa surdirtiradi. Linkoln 1865-yilda qayta saylanadi.

Allan Pinkerton, Avraam Linkoln va Jon A. Makklernand
Foto: Wikimedia Commons

Eng mashhur prezident

Linkolndan oldin hech bir Amerika prezidenti u kabi mashhurlikka erishmagan. Buning sababi uning nutqlari eng oddiy tinglovchiga ham tushunarli edi. Linkoln chiqishlari davomida turli qiziqarli va ibratli voqealarni so‘zlab berar, ko‘plab latifa va maqollarni ishlatardi. Zukkoligi unga Shtatlardagi eng bilimdon inson obro‘sini olib kelgan. Xalq orasida mashhurlik va hokimiyat uni real hayotdan uzoqlashtirib qo‘ymagan. U favqulodda mehribon va ko‘ngilchan inson bo‘lib, odamlarga yordam berishni yaxshi ko‘rardi. Bir safar u qalin o‘tinni yora olmayotgan o‘tinchining oldidan befarq o‘tib keta olmay, unga ko‘maklashib yuborgan ham.

Shu bilan birga, Linkolnning yonidagilar nima uchun u asosiy vaqtini oddiy aholi bilan muloqotga sarflashini, prezidentlik qabuliga kelgan insonlarning murojaatlarini soatlab tinglab o‘tirishini tushunmagan.

Konfederatlar qasosi

1865-yil aprelda Linkoln Richmondga keladi va sobiq qullar uni ulkan minnatdorchilik bilan kutib oladi. Tez orada konfederatlarning qo‘lga olingan prezidenti Jefferson Devis qochib ketgani ma’lum bo‘ladi. Shunga qaramay, Linkoln uni qidirishga kirishmaydi: u Shimol va Janub o‘rtasidagi urushga barham berishni juda istagan va hukumatdan sobiq quldorlarga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘lishni so‘ragan. G‘oliblarning hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga urinishlariga qaramay, ko‘plab janubliklar o‘zlarining oldingi imtiyozlaridan mahrum bo‘lganliklarini hazm qila olmagan va radikal qul egalari doiralarida xaloskor prezidentdan qasos olish rejasi paydo bo‘ladi.

O‘sha yilning 14-aprelida, Samter forti qulagan kunda Linkoln Vashingtondagi Ford teatriga spektakl tomosha qilish uchun yo‘l oladi. Tomosha boshlangach, professional aktyor va quldorlikning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Jon Uilks But prezident o‘tirgan lojaga chiqib, Linkolnning boshiga o‘q uzadi. Ommaning sarosimaga tushganidan foydalanib, mergan sahnaga sakrab chiqadi va “Zolimlar shunday halok bo‘ladi, Janub qasos oldi!”, deya baqiradi. Suiqasd puxta rejalashtirilgan edi, shu boisdan But jinoyat joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘ladi. Linkoln olgan jarohati oqibatida ertasi kuni vafot etadi.

Avraam Linkolnning o‘ldirilishi
Foto: Wikimedia Commons

But bir necha kundan keyin Janubiy Merilenddagi yashirinib yotgan fermasidan topiladi. Taslim bo‘lish talabini rad etganidan so‘ng, u otib tashlangan, sheriklari esa hibsga olingan. Oxir-oqibat qotilga sherik bo‘lgan to‘rt fuqaro dorga osiladi. Surishtiruv yakunida janubliklar avval boshida Shimolning qator yuqori martabali siyosatchilarga suiqasdlar uyushtirishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ladi. Ammo fitnachilar o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab reja amalga oshmay qolgandi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »