Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bundan 230 yil oldin Parijda Fransiyaning 38 yoshli qirolichasi Mariya-Antuannetaning boshi tanasidan judo etilgandi. Butun hayoti davomida u davlat pullarini o‘yin-kulgi va kiyim-kechaklarga sarflaydigan buzuq ayol sifatida tanilgan. “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida Mariya-Antuanetta nimaga eng beparvo qirolicha bo‘lgani, Motsart nima uchun unga uylanish istagini bildirgani va uning soch turmagi necha metr bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

Fransiya qirolichasi Mariya-Antuanetta
Foto: Wikipedia

Mariya-Antuanetta 1755-yil 2-noyabr kuni Venada imperator Frans I Stefan oilasida dunyoga keldi. U oiladagi 15-farzand bo‘lib, keyinroq yana bir ukasi tug‘ilgan. Fransiya bo‘lajak qirolichasining dunyoga kelishi yomonlik alomatlari bilan boshlandi. 1-noyabr kuni Portugaliyada tarixdagi eng dahshatli zilzilalardan biri sodir bo‘ladi: olti daqiqa ichida 90 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, mamlakat poytaxti Lissabon esa vayronaga aylanadi. Portugaliya qirol va qirolichasi hali dunyoga kelmagan Avstriya ersgersoginiyasining cho‘qintirgan ota-onasi edi.

Mariyaning dunyoga kelishi onasi uchun ham og‘ir sinov bo‘ldi, ayol oldingi farzandlarini tug‘ishda biror qiyinchilikka uchramagan bo‘lsa-da, bu qizining tug‘urug‘i vaqtida vafot etishiga bir baxya qoladi.

Mariyaning bolaligi

Oila davrasida Toniya deya atalgan Mariya Antonining bolaligi Muqaddas Rim imperiyasi imperatorining qiziga xos tarzda g‘am-tashvishsiz o‘tdi. U uch yoshidan boshlab qornini tortib turuvchi korset taqa boshladi, keyinchalik esa notekis tishlarini to‘g‘rilashga xizmat qiladigan simli maxsus qolipdan foydalandi. Shunga qaramay, Toniya xushchaqchaq bola bo‘lib, o‘qishdan ko‘ra, ko‘ngilxushlikni ko‘proq yaxshi ko‘rardi.

Zamondoshlarining xotirlashicha, ersgersoginya mehribon va ko‘ngilchan inson bo‘lgan. Yosh musiqachi Volfgang Amadey Motsart Venada konsert bergan vaqtda uni imperatorlik qarorgohiga taklif qilishadi. Bolakay zaldagi silliq parketda sirpanib, yiqilib tushadi.

Uni ersgersonginyalardan biri — Mariya-Antuanetta o‘rnidan turg‘izib, tinchlantirdi va tizzasida o‘tirg‘izdi. Keyinroq ona imperatorning oldiga borgan Volfgang qo‘li bilan Mariyani ko‘rsatib ‘Katta bo‘lsam, unga uylanaman’, deya e’lon qildi”, deb yozadi fransuz tarixchilari.

Ma’lumotlarda ko‘ra, ersgersoginya 12 yoshida ham nemischada juda qiynalib yozgan, boshqa tillarni esa bundanda yomonroq bilgan. U birorta kitobni o‘qib tugatmagan va o‘zi bilan jiddiy gaplashishlarini yoqtirmasdi. Shu bilan birga, Toniyaning o‘qituvchilari qiz ahmoq emasligini ta’kidlab kelgan.

Chodir orqali Versalga

Nima bo‘lganda ham Mariyaning bolaligi 14 yoshida tugadi. O‘sha yili qizning ota-onasi farzandini Fransiya taxtining merosxo‘riga uzatish bo‘yicha rasmiy taklif oldi. U vaqtlar qirollik oilalar vakillari o‘rtasidagi nikohlar xalqaro munosabatlarni mustahkamlashning ajoyib usuli edi, buning ustiga Mariya-Antoniya va fransuz valiahdi Lyudovik Yevropadagi ikkita eng kuchli derjava vakillari hisoblangan. Mariya Tereziya farzandlarining shaxsiy hayotiga qattiq e’tibor bergan, natijada Gabsburglar uyi butun Yevropa bo‘ylab qarindoshlik aloqalarini o‘rnatdi. Tarixchilar bekorga uni Yevropaning qaynonasi va buvisi deb atamaydi.

Foto: Wikimedia Commons

Oila qurish borasidagi taklif kelib tushgach, Mariya-Antoniyaning o‘qituvchilari unga jiddiy ta’lim-tarbiya berishga kirishadi. Qiz fransuz tilini, etiket va raqslarni o‘zlashtira boshladi.

1770-yilda ersgersoginya Venani butunlay tark etdi. Gabsburglar Fransiyaga bo‘lajak qirolichasini ikki mamlakatning neytral hududi — Strasburg yaqinida “topshiradi”. Mariya-Antoniya o‘ziga hamrohlik qilgan avstriyaliklar bilan xayrlashish maqsadida chodir ichiga kiradi. U yerda qizning ust-boshi butunlay almashtirilgan — an’anaga muvofiq, bo‘lajak qirolichada Venani yodga solib turuvchi biror buyum qolmasligi kerak edi. Shundan so‘ng, qiz chodirning boshqa — “fransuz” tomonidan chiqib keladi va u shu ondan boshlab Mariya-Antuanettaga aylanadi.

15 yoshli fransuz shahzodasi bilan nikoh marosimi Versalda bo‘lib o‘tdi. Fransiya ushbu voqeani ikki hafta bayram qildi. Ammo tantana fojia bilan yakun topdi, bu nafaqat Mariya-Antuanettaning vafoti, balki butun fransuz monarxiyasining yakson bo‘lishini anglatardi.

30-may kuni Parij markazida xalq sayli o‘tkazilishi kerak edi. Maydon va uning atrofiga to‘plangan ko‘plab odamlarga g‘azna hisobidan vino, non va go‘shtlar ulashilgan. Bu qadar ko‘p to‘plangan xalq orasida tiqilinch yuzaga kelishi uchun birgina turtki kifoya qilardi. Osmonga qarata otilgan mushakbozlik esa shu vazifani bajarib berdi — uning shovqini va qars-qursi odamlarni qo‘rqitib yubordi — vahima boshlandi.

Odamlar olomon ichidan chiqib olish uchun bir-birini oyoqosti qila boshlaydi, ko‘plab insonlar shahardagi qurilish ishlari uchun qazilgan o‘ralarga tushib ketadi. O‘xshamagan “tantana” oqibatida 139 kishi halok bo‘ladi, yuzlab odamlar esa jarohatlanadi.

Ammo Mariya-Antuanetta oilasi uzra qanday bo‘ron paydo bo‘lishini tushunmaydigan darajada yosh va davlat ishlarida uquvsiz edi. Bundan tashqari, u paytlar qirolichaning shaxsiy muammolari ham bo‘lgan. Yetti yil davomida u turmush o‘rtog‘ining sog‘lig‘idagi muammolar sabab merosxo‘r tug‘ib bera olmagan. Erkak fimozdan aziyat chekkani bois jarrohlik amaliyotidan foydalanishga jazm eta olmadi.

“Mariya-Antuanetta” filmidan kadr

O‘z burchini bajara olmaslik, saroydagi gap-so‘zlar va o‘zini jozibador deya his qilmaslik (15 yoshli qiz erining kasalligi haqida bilgan bo‘lishi dargumon) ayolni turli ko‘ngilxushliklar, o‘yinlar, maskarad va eng so‘nggi modalar ortidan quvishga majbur etgan.

Tungi ko‘ylaklarni modaga kiritgan ayol

Mariya-Antuanetta qirolicha bo‘lgach, modalarni urfga kirituvchi insonga aylandi — nafaqat Fransiyada, balki butun Yevropada. U so‘nggi trendlar ortidan quvibgina qolmay, balki ularni yaratgan ham. Mariya ayollar uchun ko‘ylaklarni soddalashtirgan: ularni tor, bo‘g‘uvchi korset va karetalarda chiqishda qiyinchilik tug‘dirgan keng yubkalardan ozod etgan.

Qirolicha uy kiyimi deya hisoblangan ust-boshda birinchilardan bo‘lib ommaga ko‘rinish bera boshlagan — yubka, lif (xotin-qizlar kiyimining beldan yuqori yengsiz qismi) va oldi qadalmaydigan kofta. Ushbu uslub “neglije” deb atalgan va Mariya sabab butun Fransiya rasmiy bazm hamda ballarga shu kabi kostyumlarni kiyishni boshlaydi. Shuningdek, u o‘z davri uchun juda ochiq hisoblangan kiyimlarni ham kiyavergan.

Antuanetta kiyim-kechaklarni o‘ta yaxshi ko‘rsa-da, ularning qulayligini ham e’tibordan chetda qoldirmagan. U ovlarga kamzul va “kyulot”larda (ishton turi) kiyib chiqqan. Fransiya qirolichasidan keyin Yevropa ayollari erkaklar kostyumlari, shlyapalari va frak-jaketlarini yaxshi ko‘rib qoladi. Albatta, ular bu turdagi ust-boshlarni faqat sport tadbirlariga kiygan.

Aftidan, Mariyaning didi juda boy bo‘lgan, chunki u qulay kiyimlar bilan birga eng beso‘naqay ko‘ylaklarni ham kiyib chiqishdan tortinmas edi. Uning kostyumlari turli taqinchoq va burmalar bilan bezalgan. Bundan tashqari, aynan u gulli printni modaga olib kirgan. Umuman olganda qirolicha ranglarni juda yaxshi ko‘rar va o‘zining ham shaxsiy bog‘i bor edi.

“Mariya-Antuanetta” filmidan kadr

Mariya-Antuanetta tuflilarni haddan ortiq yaxshi ko‘rgan va ularning turfalarini kiygan. Bir qarasang past poshnali qulay oyoq kiyimda yursa, boshqa payt poshnasi baland tufli kiyib, hassaga tayangan holda harakatlangan.

Uning shaxsiy sartaroshi — Leonar Otya, u qirolichaga turli baland va rokoko uslubidagi murakkab soch turmaklarini o‘ylab topishga yordam berardi. Leonar soch turmagiga kerakli hajm berish uchun jun yostiqchalar va ot yollaridan foydalangan.

Antuanettaning boshidagi shu kabi turmaklarning ayrimlari to‘rt futga (122 santimetr) yetgan. Sochlar turli qimmatbaho toshlar, lentalar, odam shaklidagi o‘yinchoqlar va hatto kema maketlari bilan bezatilgan.

Bu kabi kiyim-kechaklar, soch turmaklari, matolar va oyoq kiyimlar uchun katta pul talab etilar, ayol esa mablag‘ni g‘aznadan olardi. Shu bilan birga, Fransiya xalqi ochlikdan aziyat chekkan, aholining katta qismi qashshoqlikda kun kechirgan. Mariya-Antuanetta odamlarning g‘am-tashvishlariga befarq bo‘lgan deb ayta olmaymiz. Aftidan, u o‘zining hashamatli hayot tarzi sabab saroy tashqarisida nimalar bo‘layotganini bilmagan, xolos.

Malikalik davridayoq u onasiga o‘tkazilayotgan bayramlarni quyidagicha ta’riflab maktub yo‘llaydi: “Biz Parijga tantanali kirib bordik. Inson zotiga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan barcha ehtiromlarni qabul qildim, ammo menga ta’sir qilgan narsa bu emas. Rostdan ham hayratda qoldirgan holat shu bo‘ldiki, qashshoqlar o‘zlarini bosib turgan soliqlarga qaramay, xursandchiligini bildirardi… Qadrli onajonim, bizga ko‘rsatilgan ehtiromni senga tasvirlab bera olmayman. Ketish vaqtida olomon ichidagi odamlarga qo‘llarimizni o‘pishga ruxsat berdik, bu ularga quvonch bag‘ishladi. Bizning darajamizdagi odamlar butun xalq mehrini shunday osonlik bilan egallashi naqadar baxt. Men bu muhabbatni qadrlayman va hech qachon unutmayman”.

Foto: Wikimedia Commons 

Mariya aytmagan ibora

Mariya-Antuanetta atrofini faqatgina qirolichaga xush kayfiyat ulasha oladigan insonlar qamrab olgan. Shu bilan birga, ularning lavozimlari va kelib chiqishi katta ahamiyat kasb etmagan. Uning o‘yin stoli atrofida yomon nom chiqargan insonlar ham to‘planishi mumkin edi. O‘z navbatida bu etiketga qattiq rioya qiladigan Versal oldida qirolichaning obro‘-e’tibori tushib borardi. Saroy ayonlari qirolicha haqida turli bo‘xtonlar tarqatishni boshlaydi. U fahshda ayblangan, aslida esa Mariya juda oilaparvar bo‘lgan.

Fransuz inqilobi arafasi Mariya-Antuanettaning obro‘si xalq orasida ham butunlay to‘kib tashlanadi. “Xalqning noni bo‘lmasa, pirojniy yesin!”, degan iborani aynan unga bog‘lashadi.

Aslida ushbu iborani boshqacharoq variantda Jan-Jak Russo o‘zining “Tavba” asarida (1766—1770-yillar) yozib qoldirgan. Mariya esa fransuz saroyiga 1770-yilda kelgandi.

1792-yil 10-avgust kuni xalq qo‘zg‘oloni vaqtida qurollangan olomon Parijdagi qirollik saroyini qurshovga oladi. Mariya-Antuanetta o‘zining yumshoqfe’l va qat’iyatsiz turmush o‘rtog‘ini harbiylar bilan saroyda qolib, oxiriga qadar kurashishga undamoqchi bo‘ladi. Biroq Lyudovik XVI monarxni qochishga chaqirgan maslahatchilariga quloq tutadi. Qirol va uning oilasi qo‘lga olinib, qamoqqa tashlanadi.

Qirol va qirolicha sud bo‘lishini kutib qamoqda o‘tirar ekan, xalq tribunal monarxiyani qo‘llab-quvvatlashda ayblagan barchani qatl etib bo‘ladi. Jumladan, 150 nafar shveysar, shuningdek, 10-avgustgacha qirollik oilasini qo‘riqlagan tansoqchilar ham o‘ldiriladi.

3-sentabrga o‘tar kechasi La Fors qamoqxonasida xalq tribunal ishtirokchilari 160 nafar mahbusni o‘limga hukm etadi. Ular orasida Mariya-Antuanettaning dugonasi — malika de Lambal ham bor edi. Uning boshi nayzaga ilinib, qirollik oilasi saqlangan Tampl qamoqxonasi oynalari oldidan olib o‘tilgan.

1793-yil yanvar sud Lyudovikni qatlga hukm etadi. Mariya-Antuanetta farzandlaridan ajratib qo‘yilgan va yanada yomonroq sharoitdagi boshqa qamoqxonaga ko‘chirilgan: choyshabsiz karavot, qattiq stol va ikkita stul. Erining o‘limidan keyin qirolicha motam ramzi sifatida qora ko‘ylak kiyadi.

Inqilobchilar Avstriya Mariyani ozod etish uchun o‘zlari bilan muzokaralar o‘tkazadi deb o‘ylagan, ammo qirolichaning ona vatani ayolning o‘limi yaqinlashib kelayotgani haqidagi yangilikka hech qanday e’tibor qaratmagan.

Mariya-Antuanettaning qatl jarayoni
Foto: Wikipedia

Sud jarayonida Mariya-Antuanetta mamlakat manfaatlariga xiyonat qilganlikda ayblangan. Bundan tashqari, ayblovda u o‘z o‘g‘li Lui-Sharl bilan aloqada bo‘lganligi keltirilgan. Qirolicha mazkur ayblovga xat orqali javob berishni ham istamagan.

Ertasi kuni, 1793-yil 16-oktabrda Mariya-Antuanetta gilyotinada qatl etiladi. Guvohlarga ko‘ra, u o‘zini mag‘rur tutgan va birovning yordamisiz eshafotga ko‘tarilgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »