Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

1952-yilda yozuvchi Jovanni Papiniga intervyu berar ekan, Pikasso shunday deydi: “Bugun, ko‘rib turganingizdek, keragidan ortiq mashhurman, boyman. Ammo har safar qorong‘u xonaning bir burchagiga tiqilib, yolg‘iz o‘y surar ekanman, san’at ustasi degan qadimiy hamda zalvorli so‘zni o‘zimga nisbatan ishlatishga jur’atim yetmaydi.

Buyuk rassomlar deb Jotto, Titsian, Rembrandt, Goya kabi daholarni aytish mumkin. Men esa shunchaki o‘z zamonasini tushunadigan va o‘sha tushunganini zamondoshlarining ahmoqligi, bema’niligi, ochko‘zligiga qarshi ishlatadigan xalq artistiman. Bu gaplarim birmuncha havoyi, har shuhrat topgan odamning intervyu uchun asrab qo‘ygan ‘zaxira’ so‘zlari kabi taassurot uyg‘otayotgadir, lekin bu chindanam achchiq, ko‘ringanidan ko‘ra og‘riqliroq va shu bilan birga samimiy iqror”.

“Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida mana shunday o‘ziga nihoyatda talabchan bo‘lgan serqirra rassom, kubizm yo‘nalishining ustasi, tirikligidayoq shon-shuhratga ko‘milgan multi-millioner, turli uslublarga bosh suqib ko‘rishdan hech cho‘chimagan “ranglar kimyogari” Pablo Pikasso haqida hikoya qiladi.

Daholikka ishora

1881-yil 25 oktabr. Qor boshlanmagan bo‘lsa-da, tashqarida izg‘irin hukmron. Ispaniyaning Malaga shahrida istiqomat qiluvchi rassom Xose Ruis Blasko to‘lg‘oq azobidan qiynalayotgan xotini hamda tug‘ilajak farzandi to‘g‘risida o‘ylab, uyoqdan buyoqqa betoqat borib kelardi. Kim biladi, balki u ikkisi ham sog‘-omon qutulib olishini istayotgandir...

Biroq shifokorlardan biri chaqaloq o‘lik tug‘ilganini otaga yetkazish uchun endi xonadan chiqayotganda, hodisani kuzatib turgan bo‘lajak dahoning amakisi labiga qistirilgan arzon papirosdan chuqur tortib, tug‘ilganiga besh daqiqa ham bo‘lmagan jiyanining yuziga bepisand holda puflaydi. Bunday be’mani xatti-harakati uchun koyib bermoqchi bo‘lgan shifokorlarning gapi og‘zida qoladi: birdan xonani chaqaloq chinqirig‘i tutib ketadi

To‘liq ismi — Pablo Diyego Xose Fransisko De Paula Xuan Nepomuseno Mariya De Los Remedios Sipriano De La Santisima Trinidad Martir Patrisio Ruis i Pikasso bo‘lgan bolakayning iste’dodi juda erta namoyon bo‘la boshlaydi. U tengi barcha bolalar o‘yingohga yugursa, u bo‘yoq va qalamlarga oshiqardi. Pikasso yetti yoshligida otasi chizgan suratlarga ba’zi tafsilotlarni qo‘shishni boshlaydi. Deylik, chaplangan qo‘yiq ranglar, jigarrang tusga ko‘proq joy ajratish kabi.

“Plyajda yugurayotgan ayollar”, 1922-yil
Foto: Pablo-ruiz-picasso

Sakkiz yoshida esa o‘zining birinchi jiddiy surati bo‘lmish “Nayzador”ni chizadi. Unda burnida temir halqalar shaqirlagan buqalar jangida qatnashayotgan nayzador otliq surati ojizona tasvirlangan edi. Asar ilk mashq mevasi bo‘lgani sabab rassom uni to umrining oxiriga qadar asrab qo‘ydi.

“Musavvirning yoshlikdagi shamoyili”

13 yoshida Pikasso Barselonadagi san’at akademiyasi talabasi bo‘ladi. Imtihon jarayonida Pablo o‘zini erkin qo‘yib, shunchalik yaxshi ko‘rsatadiki, yosh bo‘lishiga qaramay kengash a’zolari uni akademiyaga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatga bir ovozdan imzo chekishadi.

“Sfinks ko‘rinishidagi to‘g‘nag‘ich taqqan ayol”, 1944-yil
Foto: Pablo-ruiz-picasso

1897-yilda Pikasso San-Fernando shaharidagi qirollik akademiyasida o‘qish uchun imtihonga ketadi. To‘g‘ri, dastlab, o‘zi yillar mobaynida orzu qilgan joyda shavq bilan o‘qigisi keladi, biroq an’anaviy dars va ko‘nikmalarni ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lgach, yangilik qilishga madori qolmagan qari chollarning ma’ruzasini tinglagandan megapolisni erkin holda sayr qilishni afzal ko‘radi.

O‘sha yillarda rassom birinchi marta san’at poytaxti hisoblangan Parijga tashrif buyuradi. U bu shaharda bir necha oy yashab, mo‘yqalam sohiblari: Van Gog, Gogin, Delakrua va boshqalarning asarlarini o‘rganadi, solishtiradi, xulosa chiqaradi. Pikasso keyinchalik ham Parijga tez-tez tashrif buyurib turadi va vaqt o‘tib, bu shahar uni shunchalik o‘ziga jalb qiladiki, 1904-yili Pikasso u yerga yashash uchun ko‘chib o‘tishga qaror qiladi.

Ijodiy faoliyatning turfa xil suratlari

Pikasso o‘zining dastlabki ijod yillarida ajoyib badiiy iste’dodini namoyon etdi, bolalik va o‘smirlik davrida tabiiy uslubda, ortiqcha ishora, shifrlarsiz rasm chizdi. XX asrning birinchi o‘n yilligida uning uslubi turli nazariyalar, ilmiy qarashlar, texnikalar va g‘oyalar bilan tajriba o‘tkazgani sababli o‘zgardi.

Pikassoning ijodi XX asr san’atidagi qarama-qarshiliklarni o‘zida aks ettirgan bo‘lib, tasviriy san’atning ko‘p sohalari — rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika va boshqalar rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.1907-yillarda buyumlarni handasiy shakllarga ajratib, betartiblik ichida allaqanday ichki tartib bilan joylashtiradi, o‘sha bo‘laklardan tasviriy san’at asarlari yaratib kubizmga asos soladi.

“Gernika”, 1937-yil
Foto: Pablo-ruiz-picasso

Asl ismi Ruisi bo‘lgan hamda o‘z xohishi bilan onasining familiyasiga o‘tgan rassomning “Uchrashuv”, “Fojia”, “Shar ustidagi qiz”, “Bola va gado”, “Oyna qarshisidagi ayol”, “Cho‘milayotgan odam”, “Mandolina va gitara”, “Mayni sevuvchi ayol”, “Kursidagi qiz”, “Dengiz qirg‘og‘idagi shakllar”, “Mayya va uning qo‘g‘irchog‘i”, “Ko‘zgu” kabi asarlari dunyoda ma’lum va mashhur.

Qisqasini aytganda, rassom ijodiy faoliyati davomida o‘nlab bosqichlarni bosib o‘tdi. Turli uslublarga qo‘l urdi. Bir-biridan keskin farq qiladigan suratlar chizdi. Kubizm asoschisi bo‘lib tarixga muhrlandi. Syurrealizmda ham o‘zini sinab ko‘rdi. Eng asosiysi, u o‘zgalar payqay olmaydigan jihatlarni, hodisalarni, go‘zallikni ko‘rdi va ranglar uyg‘unligida boshqalarga ham namoyish etdi.

Syurrealizm, “Chormixga tortilish, 1930-yil
Foto: Getty Images

Tushkunlik davri

Pablo Pikasso ijodidagi ilk davr “ko‘k” yoki “moviy mavsum” deb ataladi. 1901-1904 yillarda Pikassoning palitrasida sovuq, kayfiyatni bo‘g‘uvchi ranglar ustunlik qila boshlaydi — asosan ko‘k rang va uning soyalari. Bu vaqtda Pikasso keksalik, qashshoqlik mavzularini ko‘tardi, melanxoliya, qayg‘u ranglarini o‘zicha kashf etdi va bu narsa o‘sha davr musavvirlariga xos tushkun kayfiyat edi.

Pikassoning avtoportreti
Foto: Pablo-ruiz-picasso

“Ko‘k mavsum”da chizilgan barcha suratlarning asosiy motivi yolg‘izlik va azob-uqubatlarning muqarrarligidir. Ilgari dard nimaligini bilmagan Pikassoga u to‘qnash kelgan hayot haqiqatlari yelkasini ezib qo‘yadi: o‘zi va yaqinlari bilan yuz berayotgan voqealar (aniqrog‘i, yaqin do‘stining vafoti sabab tug‘ilgan alamlar) haqida fikr yuritish ushbu davrda — rassom ijodining eng puranduh pallasida asarlariga ko‘chdi

Rassom o‘sha paytlar inson azob-uqubatlarini, so‘qirlarni, tilanchilarni, ichkilikka ruju qo‘ygan omadsizlarni va tubanlikka sho‘ng‘igan fohishalarni ranglarga soldi — chindanam ayni ular “ko‘k mavsum”ning asosiy qahramonlari edi.

“Shar ustidagi qiz”

“Pushti mavsum” atigi ikki yil davom etgan bo‘lsa-da, musavvirni yangi bosqichga olib chiqqan deb aytish mumkin. Tushkunlik hidi ufurib turadigan ko‘k va qora ranglarda aks ettirilgan yo‘qsillar, bechoralar o‘rnini endi sirk ustalari, akrobatlari va artistlari egallagan edi.

Ularning hayoti yetishmovchiliklardan xoli bo‘lmasa ham, unda qayg‘u, og‘ir muammolar, oxiri yo‘q turmush tashvishlariga ko‘milgan bo‘lsa ham, rassom o‘z qahramonlarini qandoq bo‘lsa shundoqligicha qabul qiladi: kuchli yoki zaif, baxti kulgan yoki sho‘rpeshona, kulgili yoki beta’sir, achinarli. Asosiysi, obrazlar yana hayot nafasi bilan to‘yingan, “Moviy mavsum” zulmatida “nur” — chiqib ketish yo‘li paydo bo‘lgan edi.

“Shar ustidagi qiz”
Foto: Pablo-ruiz-picasso

“Pushti mavsum”ning eng sara durdonalaridan biri “Shar ustidagi qiz” asaridir. Unda yosh, maftunkor qiz shar ustida jilmaygancha muvozanat saqlab turibdi. Yonida keng yelkali, serbar odam bahaybat kubga cho‘kkan. Go‘zallik bu yerda nozik chegaralar bo‘ylab, ya’ni erkak quvvati va ayol nafosati, barqarorlik va moslashuvchanlik, fundamentallik va yengillik o‘rtasida harakatlanadi. Undan ham muhimi shundaki, qiz va atlet bir-biri bilan chambarchas bog‘liq obrazlardir: qiz istalgan vaqtda muvozanatini yo‘qotib, yiqilishi mumkin, lekin atlet uni, albatta, tutib qoladi. Boshqa tomondan, agar suratdagi qizni yo‘q deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, yosh atlet qanchalik baquvvat bo‘lmasin, juda yolg‘iz va rangsiz ko‘rinadi

Kubizm

1907-yilda “Avignon qizlari” kartinasi chiziladi. Rassom bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida ushbu asar ustida ishlab, uni bir necha marta qayta chizishiga to‘g‘ri keladi. Suratda tasvirlangan ayollar oxir oqibat o‘zi qiziqib yurgan Afrikaning beo‘xshov haykalchalariga, qabilalar taqadigan niqoblarga o‘xshab qoladi. Inson tanasining odmilik ruhida buzilgan tuzilishi, sxematik tarzda chizilgan va ataydan telba-teskari shaklga solingan ayollar yuzi muxlislarni hayratda qoldirdi hamda Pikassoga qarshi tanqidlar to‘foni boshlanadi. Ko‘plab dongdor san’at tanqidchilari suratni san’at asari sifatida qabul qilishdan bosh tortadi.

“Yelpig‘ichli ayol”, 1909-yil
Foto: Pablo-ruiz-picasso

Biroq aynan mana shu asar kubizmning paydo bo‘lishi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qildi.

Pikasso ijodiy merosini umumiy hisobda olti mingdan ortiq kartina, chizma hamda haykallar egallagan. U yaratgan kartinalarni mutaxassislar 10 milliard dollarga baholagan. Ularning ichida 1995-yilda chizilgan “Aljirlik ayollar” kartinasi 2015-yilda Christie’s auksionida 179,3 million dollarga sotilgan

“Men bahaybat kemaman…”

Ehtimol, kimdir Pikassoning bitmas-tuganmas merosiga ega chiqishni istagandir, ammo Pabloning o‘limi o‘zi bilan birga bir qator omadi chopmaganlarning ham hayotini olib ketdi.

O‘limidan bir necha kun oldin Pikasso shunday degan edi: “Men bahaybat kemaga o‘xshayman. Cho‘ksam, bu girdob atrofimdagilarni ham tortib ketadi”.

Pikasso 1973-yil 8-aprel kuni 91 yoshida bu dunyoni tark etdi. Uning va Olga Xoxlovaning nabirasi Pablito bobosining dafn marosimida qatnashishga ruxsat berishni iltimos qildi, lekin Jaklin rad etadi. Dafn marosimi kuni Pablito bir shisha dekoloran, oqartiruvchi kimyoviy suyuqlik ichadi. Uni kasalxonaga olib borishganda, shifokorlar bolaning butun ichi kuyib ketganini aytishgan. Ular o‘z kasbining ustasi bo‘lishlariga qaramay, bola uch oygina yashay oldi, xolos.

“Bo‘sa”, 1969-yil
Foto: Pablo-ruiz-picasso

1975-yil 6-iyun kuni rassomning o‘g‘li Pol Pikasso 54 yoshida alkogol va giyohvand moddalar tufayli kelib chiqqan jigar sirrozidan vafot etadi

Oradan ikki yil o‘tgach, oktabr oyida 68 yoshli Tereza Uolter Juan Le Pen shahridagi uyining garajida o‘zini osib qo‘yadi. 1986-yil 15-oktabrda Madridda rassomning navbatdagi ko‘rgazmasi ochilishi arafasida, ertalabki soat 00:03 da Jaklin Pikasso o‘z to‘shagida o‘zini otib tashlaydi. Pikassoning sobiq xotini Dora Maar esa so‘nggi kunlarini psixiatr nazorati ostida o‘tkazadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »