Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 54-umumtaʼlim maktabi o‘qituvchilari taʼtil vaqtida dam olish o‘rniga o‘zlari uchun hashar yo‘li bilan qo‘shimcha bino qurayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. “Daryo” muxbiri mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida Asaka tumanida bo‘ldi.

Maʼlum bo‘lishicha, maktab binosi o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, dastlab bolalar bog‘chasi sifatida faoliyat yuritgan. 1998-yildan maktabga aylantirilgan. Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, 210 o‘ringa mo‘ljallangan. Biroq hozirda muassasada 2 smenada 450 nafarga yaqin bola tahsil oladi. Ularga 30 nafar pedagog xodim taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Taʼlim maskanida 10 sinfxona mavjud bo‘lib, dars mashg‘ulotlari 9 ta xonada olib boriladi. Qolgan bir xona rahbariyat uchun ajratilgan.

Foto: “Daryo”

Maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Shohidaxon Sodiqovaning aytishicha, maktabda nafaqat qo‘shimcha binoga, o‘qituvchilar xonasiga ham ehtiyoj bor. Shu sababli jamoa kelishib qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

Foto: “Daryo”

Qo‘shimcha binoga ehtiyojimiz bor, o‘qituvchilar xonasi yo‘q. Kuni kecha avariya holatdagi xonani buzib tashlab, o‘zimizga xona qurishni boshladik. To‘garaklar o‘t deyishadi, sharoit yo‘q bo‘lsa qayerdan o‘tamiz? Hatto nemis tili, ingliz tili fanlarini bo‘lib o‘tishga ham imkonimiz yo‘q. Atrofga qarasangiz tadbirkorlar maktab hududigacha kirib kelgan, 27 yil ichida hokimlar chiqarib bergan qarorlar bilan yo‘q joydan binolar paydo bo‘lib, maktab hududini o‘rab olishdi. Bir tomondan esa mahalla kirib kelgan.

O‘qituvchilarimiz informatika darslari bo‘lmagan payt o‘sha yerga kirib yoki koridorda o‘tiradi. Darsdan darsga qadar koridorga qo‘yilgan ikki-uchta partada o‘quvchilarning daftarlarini tekshirishga majbur. Necha yildirki, muammolarni aytib murojaat qilamiz. O‘rgangan kishi bo‘lib kelishadi, dasturga tushiramiz deb qaytib ketishadi. Ammo natija yo‘q. Oxiri jamoa kelishib, direktorimiz boshchiligida shu eski binoni buzib, qurilishni boshladik. Bir oy ichida bitkazsak, yangi o‘quv yilidan o‘sha yerda o‘tirmoqchi edik, — deydi biologiya fani o‘qituvchisi Shohidaxon Sodiqova.

Shohidaxon Sodiqova.
Foto: “Daryo”

Mohidilxon Turg‘unova esa ustozlarning hokimiyat vakillari eʼtiborsizligidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, prezidentdan muammoni hal qilishda yordam so‘ragan.

Mohidilxon Turg‘unova.
Foto: “Daryo”

Shu maktabda 25 yildan beri ishlayman. Ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Biz ham boshqa maktablardagi kabi o‘quvchilarimizga to‘garak o‘tishni xohlaymiz. Sharoit bo‘lmasa ham imkon qadar o‘tyapmiz. Ammo sharoit yo‘qligi shijoatimizni so‘ndirmoqda. Ishonasizmi maktabga birov keladigan bo‘lsa darvozadan bu yog‘iga olib kirgani xijolat bo‘lamiz.

Shaharni o‘rtasida joylashganimiz uchun baʼzi vaqtlarda shunaqa o‘ksinib ketamiz, ko‘nglimiz to‘lib yig‘lagimiz keladi, ruhiyatimizga tasir qiladi. Besh yildan beri mana shu yer buzilgan holatida turibdi. Hech kim eʼtibor qilmayapti. Fursatdan foydalanib, biz viloyat hokimi va prezidentimizdan, hamma tegishli rahbarlardan qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib iltimos qilamiz, bizga va o‘quvchilarimizga yordam bering”, — deydi o‘qituvchi Mohidil Turg‘unova.

Yana bir o‘qituvchi maktab hududidagi tomlar ochiqligi, tadbirkorlarga tegishli binodagi elektr simlar osig‘liq turishidan shikoyat qilmoqda.

Foto: “Daryo”
Ko‘rib turibsizlar, maktabimiz xarobaga aylanib qolgan. Dars jarayonlarida birorta o‘quvchi eshikka chiqib kelishni so‘rasa, ularga javob bergani ham xavfsiraymiz. To‘g‘ridagi tomlar ochiq, tadbirkorlarga tegishli binodagi elektr simlar osig‘liq turibdi. Tanaffusni biz keyingi darsga tayyorgarlik ko‘rish bilan emas, bolalarni nazorat qilish bilan o‘tkazamiz. Darsdan chiqib, ikkita o‘qituvchi koridorda tursa qolganlar atrofda aylanib, o‘quvchilarni nazorat qilishga majburmiz. Biz dars o‘taylikmi yoki o‘quvchini nazorat qilaylik. Bizdan taʼlim sifatini talab qilayotganlar bizga avvalo ozgina sharoit yaratib berishsa, xursand bo‘lardik. Bunaqa sharoitda har qanday o‘qituvchi ham natija ko‘rsatmasligi aniq, — deydi o‘qituvchilardan yana biri.

Asaka tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i Tursunoy Gazibayevaning aytishicha, maktab bundan ancha yillar avval qaysidir dasturga tushgan, biroq turli sabablarga ko‘ra boshlangan ishlar to‘xtab qolgan.

Tursunoy Gazibayeva.
Foto: “Daryo”

Maktabda boshlangan qurilish jarayonlaridan xabarimiz yo‘q edi. Eshitiboq kelib maktab direktori va jamoasi bilan gaplashdik, shuningdek xalq taʼlimi davridagi maʼlumotlarni o‘rgandik. O‘rganishimiz davomida maktabga qo‘shimcha bino qurish bo‘yicha ikki marta taklif berilganligi, besh-olti yil avval qaysidir dasturga tushib, sport zali qurish bo‘yicha ishlar boshlanib turli sabablarga ko‘ra to‘xtab qolganligi aniqlandi. So‘nggi yetti yil davomida takliflar berilgan bo‘lsa-da, negadir maktab hech qaysi dasturga tushmagan.

Tumanda shu masalaga masʼul rahbar sifatida o‘z oldimga ushbu maktabni kelayotgan yilda tasdiqlanadigan dasturlarga tushirishni maqsad qilib qo‘ydim. Qanaqa imkoniyatim bo‘lsa barchasidan foydalanishga harakat qilaman. Hozir birinchi qiladigan ishimiz maktab holatini o‘zgartiramiz, yaxshiroq sharoit qilib, yangi o‘quv yiliga tayyorlaymiz, — deydi Tursunoy Gazibayeva.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Mavzuga doir
Izoh

Особо опасен От душе прекрасен

11.08.2023, 07:11

Bizda faqat Siti Quriladi Undan koʻra bilimga etibor bersin

Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »