O‘zbekiston Ochiq ma’lumotlar reytingida Markaziy Osiyo bo‘yicha yana yetakchi bo‘ldi
O‘zbekiston Open Data Watch tashkilotining Open Data Inventory (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida 70 ball yig‘ib, jahon bo‘yicha 30-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.
Mamlakat 2020-yilda 63 ball bilan 44-o‘rinni, 2022-yilda esa 40-o‘rinni egallagan edi.
Open Data Watch — ochiq ma’lumotlar va rasmiy statistika asosida faoliyat olib boruvchi xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi. The Open Data Inventory (ODIN) reytingi mamlakatning statistik takliflari qanchalik to‘liqligini va ulardagi ma’lumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishini baholaydi.
Reytingda O‘zbekiston o‘rni yaxshilanishiga budjet shaffofligi, moliya va bank sohasidagi ochiqlik subinditikatorlardagi sezilarli o‘sishlar sabab bo‘lgan.
Reytingning 2022-yilgi natijalarida birinchi o‘rinni Singapur egallagan. Keyingi pog‘onalarni esa Polsha, Daniya, Finlyandiya va Norvegiya band etgan.
Mintaqa mamlakatlari hisoblangan, Qozog‘iston — 51, Qirg‘iziston — 92, Tojikiston — 126, Turkmaniston 195-o‘rinlarda qayd etilgan.
Iyul o‘rtalarida O‘zbekiston xalqaro so‘z va axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi Article 19 tashkilotining so‘z erkinligi reytingida yuqorilagani to‘g‘risida xabar berilgandi. 2022-yil yakunlariga ko‘ra tuzilgan The Global Expression Report reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 161 ta davlat ichidan 133-o‘rinni egallagan. Shuningdek, O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida dunyoning 180 ta davlati ichida 137-o‘rinni egallab, 2022-yilgi reytingdagi o‘rnidan to‘rt pog‘onaga pastlagan.