“Xudo xayringizni bersin, bu — biz qabul qilgan qaror edi”. Mamarizo Nurmurodov “Markaziy bank mustaqilligini yo‘qotibdi” degan blogerga javob qaytardi
O‘zbekistonda tadbirkorlarga valyuta konvertatsiyasi bo‘yicha o‘rnatilgan cheklov bekor qilingani, bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida “Jamiyat qabul qilmagan qaror — noto‘g‘ri qaror. U qaysi maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishidan qat’i nazar”, deya qaror bekor qilinishini izohlagani ochiqlangandi. Markaziy bank raisi mazkur matbuot anjumanida iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning fikrlariga ham javob qaytardi.
Juda bir hurmat qiladigan blogerim eskilarni eslab, qarorlarni eslabdi. Xudo xayrlaringni bersin, go‘yoki Markaziy bank o‘zi qabul qilmagan, biz qabul qilgan qaror bu. Hozirgi aytgan mulohazalardan kelib chiqib, qabul qilgan qarorimiz. Sal qolibdi, shuning uchun ertalab, tong saharda bolalarga qo‘mitani chaqiringlar, bu masalani ko‘rib chiqamiz, dedim. Demak, ancha chuqurlashibdi. O‘zbekchilikda bor-ku, gumon iymondan ayiradi, degan gap. Gumonimiz chuqurlashib ketmasin deb, bugungi matbuot anjumanini chaqirdik, — deydi Mamarizo Nurmurodov.
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov Markaziy bankda qabul qilingan qaror haqida yozib, “Shaxsan men bu Markaziy bankda qabul qilingan qaror deb o‘ylamayman. Chunki qonun bo‘yicha mustaqil Markaziy bankda bunday qarorlar qabul qilinishi mumkin emas, agar qabul qilingan bo‘lsa, demak Markaziy bank mustaqilligini butunlay yo‘qotib bo‘lgan. Ikkinchidan, biz kechagi qaror bilan valyuta bozorida de-yure Karimov rejimiga qaytdik. Banklar va biznes 18-sentabrdan amal qilishi lozim deyilayotgan qoidalar Karimov imzolagan, ijrosi Azimov va Mullajonovga topshirilgan qaror va uning ikkinchi ilovasining aynan o‘zginasi. Hatto yomonroq”, degandi.