Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Milena Madmusayeva nafaqat opera, balki estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlari bilan ham muxlislar e’tiboriga tushgan. Latofatli xonanda ijodda osonlikcha muvaffaqiyatga erishmagan. 

“Ko‘pchilik millatimga qiziqadi”

Foto: Skrin

— Asli Navoiyda tug‘ilganman, ammo 10 oylik chaqaloqligimda ota-onam bilan Farg‘onaga ko‘chib o‘tganmiz. Shu bois bolaligim Farg‘ona bilan bog‘liq. Ko‘pchilik insonlar qaysi millat vakilasi ekanligimga qiziqishadi. Onam eron millatiga mansub, ammo Tojikistonda dunyoga kelgan. Otam esa qirg‘izistonlik tojik. Ularning tanishuvi juda qiziq kechgan. Ular Rossiyaning Samara shahrida birga o‘qishgan va oila qurgach, yo‘llanma asosida ishlash uchun Navioyga kelishgan. Oilada uch qiz va bir o‘g‘il farzand tug‘ilgan. Singillarimning biri rassom, ikkinchisi esa arxitektor. Aynan xonanda bo‘lishmasa ham, ijod qilishadi, — deydi Milena Madmusayeva.

“Bo‘ldi, endi raqs tushmayman”

Milena — slavyan tilida “nozik” va “latofatli” degan ma’nolarni anglatadi. Xonandaning oilasida san’atkorlar bo‘lmasa-da, u bolalikdan raqs tushishga qiziqadi. Ammo birgina muvaffaqiyatsizlik sabab raqsdan ko‘ngli soviydi.

Foto: Skrin

— Onamning aytishicha, uch yoshimda buvimning uyidan oqadigan ariqning yonida soatlab o‘tirishni yaxshi ko‘rgan ekanman. Onam “Boshingdan oftob o‘tadi”, deb uyga olib kirmoqchi bo‘lsa, “Suv qo‘shiq aytyapti”, deb ketishni istamagan ekanman. Raqsga tushishni yoqtirganim uchun onam raqs to‘garagiga olib borgan. Aytishlaricha, juda chiroyli raqs tushgan ekanman. Ammo maktabimizda o‘tkazilgan ko‘rik tanlovda ikkinchi o‘rinni olgandan keyin “Bo‘ldi, endi raqs tushmayman”, deganman. Maktabda hamisha birinchilikka intiladigan lider qiz edim. So‘zimning ustidan chiqib, keyin umuman raqs tushmay qo‘yganman, — deydi xonanda.

Xalqaro tanlovlarda tajriba orttirdi

Foto: Skrin

2007-yilda Milena yosh ijrochilar o‘rtasidagi respublika tanlovida ishtirok etib, tengdoshlaridan katta ustunlik bilan birinchi o‘rinni egallaydi. Shu yili Toshkent davlat konservatoriyasining akademik xonandalik fakultetiga o‘qishga kiradi. U o‘qish bilan birga ko‘plab xalqaro tanlov va festivallarda qatnashib, tajriba orttiradi. Milena Madmusayeva Fransiya, Ispaniya va Italiyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, xorijlik opera ustalarining nazariga tushgan.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

“Ovozim Vladimir Putinga ma’qul keldi”

Milena Madmusayeva O‘zbekiston davlat Konservatoriyasini tamomlab, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga xonanda sifatida ishga qabul qilinadi. Shu bois u davlat tadbirlarida faol ishtirok etadi.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

— 2008-yildan buyon davlat tadbirlarida faol bo‘lishga hamisha intilganman. 2016-yili 16 ta davlat prezidentlari ishtirokida SHHT sammiti doirasida o‘tkazilgan konsertlarda faol ishtirok etdim. Xonandalar har bir davlat nomidan qo‘shiqlar ijro etishi kerak edi. Men Rossiya nomidan rus tilida qo‘shiq aytdim. Ovozim Vladimir Putinga ham ma’qul kelib, mendan ma’mnun bo‘lishdi. O‘sha yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvonini berishdi. Aslida unvon uchun hech qanday hujjat topshirmagandim, bu men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, — deydi xonanda Milena Madmusayeva.

“Yuzimning bir tomoni qiyshayib qolgan”

Milena Madmusayeva 2016-yilning 25-aprelida o‘z prodyuseri Abduhamid Xalilovga turmushga chiqqan, juftlik 2017-yilning 1-aprelida qiz farzandli bo‘lgan edi. Ammo oila uzoq vaqt birga yashamaydi. Oradan ancha vaqt o‘tib xonanda turmush o‘rtog‘i bilan nima maqsadda ajrashganini ma’lum qildi.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

—  Yangi kelin bo‘lib tushganimda qaynonam ota-onangizni unutasiz, deb aytganlar. Telefonlarimni olib qo‘yishgan. Haftada bir marta, juma kuni turmush o‘rtog‘imning oldilarida 2 daqiqa ota-onam bilan gaplashish huquqi berilgan edi. Haligacha hayron qolaman, nima sababdan qaynonam menga shu gaplarni aytgan. Bir kuni ota-onamni sog‘inib yig‘lab o‘tirsam, qaynonam kelib, bo‘ldi, men ham shunaqa kelin bo‘lganman. Kelinlik shunaqa. Ota-onangizni unuting, ulardan voz keching, deganlar. Men qaynonamning ko‘zlariga hech qachon tik boqmaganman. Ularga onam o‘rgatganlaridek yaxshi muomalada bo‘lardim, sochlarini yuvib qo‘yardim. To‘y-hashamlarga borar bo‘lsalar, tirnoqlarini manikyur qilib, taqinchoqlarimni berib turardim. Yuzlariga niqoblar qilib qo‘yardim. Ularni onamdek yaxshi ko‘rishga harakat qilganman. Lekin men ular uchun begona bo‘lganman. Hattoki turmush o‘rtog‘im uchun ham begona bo‘lganman. Men u yerda o‘zimni xuddi bo‘rilar orasiga tushib qolgandek sezardim. 10 oy chidaganman, turmushim buzilmasligiga harakat qilganman. Bir kuni olti oylik homiladorman, soat kechasi 12:00, ota-onamni sog‘inib yig‘laganman, turmush o‘rtog‘imga ertaga onamga telefon qilib bering, deganman. Shunda ular “Senga necha marta aytish kerak? Ota-onang haqida umuman gapirma! Umuman, men gapirayotganimda tik turib eshit”, deb turg‘izib qo‘yganlar. Shunda havo yetmay, mazam bo‘lmay, ko‘chaga chiqib ketganman. Uch soat ko‘chada yurganman. Qaytib kelib, yuzimni yuvsam, yuzimning bir tomoni qiyshayib qolgan bo‘lgan. Farzandim uchun qo‘rqib ketganman. Ertalab tong otishi bilan mashinamga o‘tirib, oyimlarning uyiga ketganman, — deydi Milena ko‘z yoshlarini tiya olmay.

“Hayotimda taqiqlar boshlangan”

Milenaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i ikki kundan so‘ng undan kechirim so‘rab, uyiga olib ketadi. Shu voqeadan keyin xonandaga ota-onasi bilan xohlagan vaqtida telefon orqali suhbatlashishiga ruxsat berishgan.

Foto: “Darakchi.uz”

— Farzandim tug‘ilganidan so‘ng yana mojarolar, taqiqlar boshlangan. Onamlarni gapirsam, jahllari chiqib ketardi. Na turmush o‘rtoqqa keraksan, na ota-onasiga, na qaynuka, qaynsingilga keraksan. Faqat qullikka keraksan, — deydi xonanda.

“Qizim otasini tanimaydi”

Milena mana shunday voqea-hodisalardan so‘ng ota-onasidan uni olib ketishlarini so‘raydi. Ota-onasinikida bir oy yashaganidan so‘ng u turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qiladi.

Foto: “Darakchi.uz”

— Bu bizning o‘rtamizdagi munosabatimiz. Farzandingiz sizning farzandingiz. Xohlagan paytingizda kelib ko‘rishingiz mumkin, deb aytganman. Shunda turmush o‘rtog‘im u qiz o‘sha xonadonda katta bo‘lar ekan, u menga begona, degan edilar. Mana, qizim ulg‘ayib qolgan, lekin turmush o‘rtog‘im biror marta uni ko‘rishga kelmagan, qizim uni tanimaydi, — deydi Milena Madmusayeva.

“Qalbimni qattiq yaralashgan”

Xonanda shaxsiy hayotidagi omadsizliklar sabab bir muddat tushkunlikka tushib qolgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

— Allohim ayolni juda ham kuchli qilib yaratgan. Hayot sinovlari bizni yana ham kuchli qiladi. Lekin ba’zan shunday paytlar bo‘ladi, kuchli bo‘lishdan charchaysiz. Lekin qalbimizda umid uchquni hamisha bor. Shu umid oldinga, go‘zal, o‘zingiz xohlagandek hayotga yurishga undaydi. Inson hayotini hech qachon o‘yinchoq qilmaslik kerak. Mening hayotimda shunga o‘xshash narsa bo‘lgan, turmushimda... Juda ham qalbimni qattiq yaralashgan. Mayli, u insonlarga omad tilayman. Lekin men oilaga qadam qo‘yayotgan yigitlarimizga shuni aytardimki, agar shu ayolni baxtli qilib, oilani, ro‘zg‘orni ushlash, farzandlaringni himoya qilish qo‘llaringdan kelsa, shu hayotga qadam qo‘yinglar. Agar qo‘llaringdan kelmasa, bir qizning umrini badnom qilish kerak emas.

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

— O‘sha oilamdan ketishim bilan yolg‘iz qolsam, nimadir bo‘lishini bilib, magistraturaga o‘qishga topshirdim. O‘shanda qizalog‘im uch oylik edi. Va o‘zim uchun sozandalar yig‘ish uchun e’lon berdim. O‘zimning san’atimni yanada davom ettirish uchun harakat qildim. Ota-onam ko‘magi, daldasi bo‘lmaganida, menga juda og‘ir bo‘lgan bo‘lardi, — deydi Milena hayot sinovlaridan qanday o‘tgani haqida.

“Falonchining yaqini emasman”

Xonanda ajrimdan so‘ng oila qurgani yo‘q. U bor e’tiborini ijodga qaratyapti. Sentyabr oyida ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. Xo‘sh, hamisha qimmatbaho liboslarda davralarga kirib boradigan Milena nimalardan ranjiydi?

Foto: Instagram / @milena_madmusayeva

— Ayrim “san’atkorlar” sabab asl ijodkorlarning ham qadr-qimmati tushayotgandek tuyuladi. Ular bilan asl san’atkorlarni farqlash kerak. Ular san’atning nomiga dog‘ tushirishyapti. Qimmatbaho kiyim kiyadi, degani bu falonchining yaqini degani emas. Chiroyli kiyinishga harakat qilaman, ammo hammasiga san’atdan topganlarim sabab erishganman, — deydi xonanda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »