Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Jahongir Otajonov hamkasblaridan nafaqat ijodi, balki feʼl-atvori bilan ham tubdan farq qiladi. Uning o‘z dunyosi bor, xushiga kelgan ishni qilishdan ham tap tortmaydi. Mashhur Otajonovlar sulolasining vakili bo‘lgan Jahongir Otajonovning sanʼatkor bo‘lishi yangilik bo‘lmagan. Chunki bu avlod vakillari orasida xonanda va sozandalar nihoyatda ko‘p. Ammo Jahongir Otajonovning sanʼat vakili bo‘lishi va xalq orasida o‘z muxlislarini topishi oson kechmagan.

“8-sinfdan keyin o‘qimaslikka majbur bo‘lganman”

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

Jahongir Otajonov 1978-yilning 29-sentyabr kuni Urganch shahrida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Otasi Xorazmning mashhur sanʼatkorlaridan biri bo‘lgan. Amakisi Ortiq Otajonov esa butun respublikaga mashhur hofiz bo‘lgani hech kimga sir emas.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

— Men o‘ziga to‘q oilada dunyoga kelganman. Otam sanʼatkor edi, ko‘p to‘ylarga borardi. Biz farzandlarimizni hozir qanaqa o‘stirayotgan bo‘lsak, o‘zimiz ham shunday to‘q o‘sganmiz. Shunday sinov keldiki, oilamiz moddiy jihatdan qiynalib qoldi. Shu sabab 8-sinfdan keyin o‘qimaslikka majbur bo‘ldik. Bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullandik, — deydi Jahongir Otajonov.

“Ancha vaqt ijara uyda yashashimga to‘g‘ri kelgan”

Xonanda bolalikdan ijodga qiziqqan, unda nafaqat ijrochilik balki qo‘shiq yaratish qobiliyati ham bo‘lgan. U juda kichikligidan boshlab, otasi bilan to‘y xizmatlariga boradi. U ilk iqtidorini ana shunday davralarda namoyish etgan. Maktabni tamomlab, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga qabul qilinadi. Ammo shunda ham moliyaviy qiyinchiliklar oilani tark etmagan edi.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

— Toshkentda uyimiz yo‘q edi, tog‘am uyini bizga berib, bir tiyin ham haq olmagandi. 22 yoshimda mashhurlikka erishib, ko‘pchilik to‘y xizmatlariga aytish uchun uyimizga kelishardi. Uyimiz oddiy bo‘lgani uchun uni taʼmirlatishga qaror qilganman. Ikki qavatli uyni qurish uchun 2000-yili 105 ming AQSH dollari sarflaganmiz. Taʼmirlash ishlarini yakunlagandan keyin tog‘am uy pulini so‘ragan. Mahalladagi uylar 10 so‘m bo‘lsa, shu pulni beraman, desam rozi bo‘lmagan. Vaziyat shu qadar jiddiylashdiki, tog‘am meni sudga berdi. Uy uning nomida bo‘lgani uchun sud u tomonga qaror chiqardi. Tog‘am “Istasang, qurgan uyingni olib ket”, dedi. O‘shanda jahl bilan Chorsudan 30-40 ta usta yigitlarni olib kelib, uyni tekislab buzdurib tashlaganman. O‘shanda tog‘amdan qattiq ranjigandim. Hasanboydagi uy qurilmagani uchun ancha vaqt ijara uyda yashashimga to‘g‘ri keldi. Hozir tog‘am bilan bo‘lgan nizolarni unutib yuborganman. Yaratgan menga bu voqeadan keyin juda ko‘p uylarni berdi, — deydi xonanda Jahongir Otajonov.

“Mashina hujjatlarim bilan yonib ketgan”

Jahongir Otajonov hayotida ziddiyatli va murakkab voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Hatto, u intervyularining birida to‘ydan qaytayotganida yangi mashinasi yonib ketgani, pulsiz va hujjatlarsiz yo‘lda qolib ketgani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

— Juda yomon vaziyatda qolganmiz. Katta yo‘lda mashinamiz birdan tutab, bir necha daqiqada yonib ketgan. Mashina hujjatlari va posportimni olishga ham ulgurmaganmiz. Pulsiz qolib ketganimizda rahmatli Aziza Niyozmetova jonimizga oro kirgandi. Inomarka mashina bir necha daqiqada kulga aylangan, — deydi xonanda Jahongir Otajonov.

“Mashinamni o‘g‘irlab ketishdi”

Ancha yildan keyin esa yana bir mashina bilan bog‘liq unitilmas voqea sodir bo‘lgan. Bu safar Istanbul shahrida xonandaning shaxsiy avtomobilini o‘g‘irlab ketishgan.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

— Kulgim ham keladi, Istanbulda mening mashinamni o‘g‘irlab ketishibdi. Odam hayron bo‘ladi. Hayot qiziq ekan, kimdir mashinangni o‘g‘irlab ketsa, kimdir uyingni “uxlatib” ketadi, odam o‘rganib ham qolar ekan bunaqa hayotga, — deydi xonanda.

Jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi

Jahongir Otajonov “Arazlamang”, “Oq kabutar” va “Dog‘man” kabi qo‘shiqlari bilan muxlislar qalbini zabt etadi. 2018-yili esa “Qaddi baland” qo‘shig‘i bilan qaytadan porlab chiqqandek bo‘ldi. Muxlislari soni keskin ortib, uning ijodiga qiziqish yanada o‘sdi.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

“Men san’atdan ketdim”

2020-yilining dekabr oyida Jahongir Otajonov ijodni butunlay tark etganini maʼlum qilib, YouTube tarmog‘idagi barcha qo‘shiqlarini o‘chirtirib tashlagandi.

 

— Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, mana va nihoyat, Allohni irodasi bilan o‘zimni bir-ikki yildan beri qiynab kelayotgan savollarga ushbu daqiqalarda javob topdim, deb o‘ylayman. Inshalloh, o‘zim yaxshi ko‘rgan, meni shuncha darajaga yetkazgan, xalqimiz orasida ozmi-ko‘pmi obro‘-eʼtibor qozonishimga sababchi bo‘lgan musiqachilik kasbimdan Alloh uchun shariatimizga to‘g‘ri kelmagani uchun voz kechishga jurʼat qildim.

Hammalaringga kattakon rahmat, yillar davomida meni olqishlab, qo‘shiqlarimni eshitib, shunchalik hurmat-eʼtibor qilganinglar uchun, hammalaringdan Alloh rozi bo‘lsin! Va shu qatorda mendan xafa bo‘lgan, sahna ishlarimdan norozi bo‘lgan do‘stlarimizga, yurtdoshlarimizga ham sog‘lik-salomatlik tilayman, mendan rozi bo‘lishliklarini so‘rab qolaman, Alloh barchadan rozi bo‘lsin. Bugundan boshlab menga musiqachilik kasbim bo‘yicha murojaat qilmanglar, 1-yanvargacha olingan to‘y va konsertlarimiz bor, oldindan olingan “zaklad”larni bemalol murojaat qilib qaytarib olishinglar mumkin. Men u sahnalarda ishtirok eta olmayman, Alloh menga bu kasb bilan vidolashishlikni nasib qildi. O‘zi xayrli qilgan bo‘lsin, barchanglarga ikki dunyo saodatini bersin. Muxlislarimdan bir iltimosim bor, sizlardan iltimos, mening musiqalarimni YouTube dan o‘chirib tashlashni so‘rayman. Zotan, musiqa shariatda nomaqbul hisoblanarkan, sizlarning ham gunohkor bo‘lishinglarga sababchi bo‘lishni xohlamayman. Sog‘-salomat bo‘linglar!, — deb yozgandi xonanda.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

Ammo xonandaning bu qarori uzoq vaqtga cho‘zilmadi. U sanʼatni tark etganidan 6 oy o‘tib, “G‘iybatchilarga” nomli qo‘shiqni yaratganini maʼlum qildi. Bu premyeradan so‘ng Instagram sahifasiga to‘y-xizmatlarida avvalgidek jonbozlik ko‘rsatayotgani haqidagi videolarni joyladi.

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

Siyosatdan uzoq yurishga qaror qildi

Uning sanʼatni tark etishi, prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi va yana ijodga qaytgani bilan bog‘liq kutilmagan qarorlari uzoq vaqt muhokamalarga sabab bo‘ldi.



Undan keyin ota-onasini o‘ylab, siyosatdan uzoq yurishga qaror qilganligini maʼlum qildi.

Nima uchun javobgarlikka tortilgan

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

Xonanda nafaqat ijodi, balki hayot tarzi ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi. 2021-yili u IIV xodimlarini haqorat qilgani uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan hujjatlar 2021-yil 23-iyulda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga taqdim etilgan.

Jahongir Otajonov Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlarini haqorat qilgan videomurojaatini joylashtirib, xodimlarning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlikda ayblangan. Oradan bir necha oy o‘tib esa u uch nafar voyaga yetmagan farzandlariga aliment to‘lamaganligini uchun Urganch aeroportidan Istanbulga ucholmagandi.

Jahongir Otajonov zo‘r ijodkor va serfarzand ota

Foto: Instagram /@jahongir_atajanovs

Xonanda Jahongir Otajonovning yetti nafar farzandi borligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ammo bu haqda uning o‘zi Instagram sahifasi orqali bir necha marta maʼlum qilgan va o‘g‘il-qizlari bilan tushgan suratlarini tarmoqlarga tez-tez joylab turadi. Qo‘shiqchining Mumtoza, Muammar, Muhammad, Muayyad, Yasira, Yasmina, Liynat ismli farzandlari bor.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »