“Tolibon” 200 ga yaqin “sehrgar va jodugarlar”ni hibsga oldi
Afg‘onistonda “Tolibon” hukumatining Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarga kurashish vazirligi 200 ga yaqin “sehrgar va jodugarlar” hibsga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Akif Maxajarga asoslanib, TOLOnews telekanali xabar berdi.
“Viloyatlarda qo‘lga olingan “jadogarlar” (sehrgarlar, jodugarlar) soni 100 nafardan ortiq. Kobulda ularning soni hozirgacha 67 nafarga yetdi. Ulardan ba’zilari — ayollar, ular hibsga olinib, sud tizimiga olib kelindi”, — deydi Maxajar.
Unga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning ishi allaqachon shariat sudlariga oshirilgan. Ular qanday “jodugarliklar bilan shug‘ullangani” haqida ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, 2021-yil avgustida “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelguniga qadar Kobul ko‘chalarida har xil folbinlarni osongina topish mumkin edi. Hozirgi kunda ularni og‘zaki, mish-mishlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali topish mumkin.
Hokimiyatga kelgach, “Tolibon” mamlakatda islom qonunlarini qayta joriy qildi. 2022-yilda “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda afg‘on sudyalari bilan uchrashuvda ularga jinoyat uchun shariatga muvofiq jazo qo‘llashni buyurdi.