Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini urgani aytilgan videoga munosabat bildirildi
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 148-sonli (sobiq 71-) umumta’lim maktabida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchini urgani haqida videolar tarqaldi. Shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Mazkur holat tuman hokimligi hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganildi. Unga ko‘ra, maktabda joriy yil davomida o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bepul harbiy sport to‘garagi tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan tasvirlarda aks etgan jarayonda ushbu maktabning 9-sinf o‘quvchisi A.A. tomonidan 4-sinf o‘quvchisi P.D.ni urgani aks ettirilgan. Bugungi kunda P.D.ning salomatligiga hech qanday zarar yetmagan, sog‘lom.
Holat bo‘yicha tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tomonidan harbiy sport to‘garagi faoliyati tugatildi. O‘quvchilarning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Tuman voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya xulosasiga asosan ish olib borilishi ta’kidlab o‘tildi.