Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Sanʼat sohasida tahsil olmagan bo‘lsa-da, tomoshabinlarga komik aktrisa va xonanda sifatida tanilgan Shahlo Zoirova 21-oktyabr kuni 35 yoshni qarshiladi. Xo‘sh, u nega sanʼat sohasini tanlagan va faoliyati davomida qanday qiyinchiliklarga uchragan? Bu savolga quyida javob izlaymiz.

“Sho‘x qiz bo‘lganman”

Shahlo Zoirova 1988-yilning 21-oktyabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Oilada to‘ng‘ich farzand, uning bir nafar ukasi ham bor.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Dadam ichki ishlar xodimi, onam esa o‘qituvchi bo‘lgan. Bolalikda juda sho‘x, o‘g‘il bolalarga xos xarakterdagi qiz bo‘lganman. Shu bilan birga, maktabda ham faollikni qo‘ldan boy bermaganman. Aʼlochi bo‘lganman, deyolmayman-u, ammo baholarim u qadar yomon emasdi. Futbol va bastketbol o‘ynashni yoqtirardim, — deydi Shahlo Zoirova.

“Oyoq kiyimim yo‘qligi uchun qo‘shnilarim yordam qilishgan”

Xonanda bolaligida ota-onasi oyoq kiyim olib bermagan kunlarni ham tabassum bilan eslaydi. Shunday qiyin vaziyatda qo‘shnilari uning joniga oro kirgan.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Bolaligimda oyoq kiyimga pulim yetmagan, iqtisodiy jihatdan qiynalgan vaqtlarimizda qo‘shnilarimiz oyoq kiyim olib berardi. Qo‘shnilarim “Ol, Shahlo, bu senga, kiyib yuraver”, der edi. Onam ko‘z yosh qilib, “Sizga buning pulini qanday qaytarib beramiz”, deganlarida qo‘shnilarimiz “Olavering, bu sizga, qizingizga”, deb hattoki pulini ham so‘ramas edi. Hozir endi shunaqa vaziyat bo‘ldiki, ulg‘ayganimdan so‘ng ularning to‘ylarida bir so‘m pul olmasdan, beminnat xizmat qilaman. “Menga pulingiz kerak emas, o‘shanda bizga juda ko‘p yaxshilik qilgansiz, ko‘ksimizdan itarmagansiz”, deya ularning qaysiki yaxshi kuni bo‘lsa xolajon, tog‘ajon deya xizmatlarida bo‘laman. Bu hayotda hech narsa besabab bo‘lmas ekan. O‘tgan kunlarimga behisob shukrlar qilaman, — deydi aktrisa intervyularining birida.

“Meni o‘g‘rilikda ayblashgan”

Shahlo Zoirova 2018-yili bergan intervyusida o‘g‘rilikda ayblashgani va bu holat uning ruhiy holatiga taʼsir qilgani haqida ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Ikkinchi sinfga o‘tgan yilim kundalik daftar olib berishga imkoniyatlari bo‘lmadi. Rosa xafa bo‘ldim, chunki avval kundalik daftar tutmaganimiz uchun sinfdoshlarim bir-biriga kundaliklarini maqtanishardi. Onam: “Olib beraman, ozgina sabr qil”, deb yupatdi.

Bir kuni maktabdan qaytayotib, bekatda bizdan uch-to‘rt sinf katta bolalarning avtobus haydovchilariga baklajkalarga solingan choy sotishayotganini ko‘rib qoldim. Avtobus joyidan qo‘zg‘algach, ular xursand bo‘lib pullarini sanashardi. O‘sha kuniyoq uyga kelib, baklajkalarni yig‘ib, yuvdim. Uydagilarga bildirmay, choy damlab, idishlarga quydim. Maktabga ketish vaqti bekatda turib, kelgan avtobus haydovchisiga choyni ko‘rsatdim. Qarangki, uch-to‘rt kun o‘tmay savdoyim yurishib ketdi. Kundalik daftar sotib olib, rosa o‘rtoqlarimga maqtandim. Ammo 10 kunlardan keyin sinfdoshlarimdan birining papkasidan onasi “nonga” deb bergan pul yo‘qoldi. Hamma papkalar tekshirilganda, menikidan uch-to‘rt kunlik choylarning pullari chiqdi. Turgan gapki, buncha pulni hech kim bolasiga bermaydi, oilamizdagi moddiy qiyinchiliklardan esa o‘qituvchimizning xabari bor edi. O‘shanda nohaqlikka chidolmay, sirimni fosh etishimga to‘g‘ri kelgan. Haydovchilar “choychi qiz”ni tanishlari, menga pul berishlarini aytishgach, gumondorlar ro‘yxatidan o‘chirilgandim, — degandi Shahlo Zoirova.

“Huquqshunos va harbiy bo‘lolmadim”

Shahlo Zoirova hamisha sanʼatga qiziqqan. Ammo oilaviy muhiti sabab biror marta qiziqishlari haqida atrofdagilarga aytolmagan. Otasi harbiy bo‘lishini istagani va yugurish musobaqalarida g‘olib bo‘lgani haqida quyidagilarni aytadi.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Bolalikdan raqs tushishga, qo‘shiq aytishga qiziqardim. Maktab tadbirlarida ham bosh rollarni boshqalarga ishonmasdim. Ammo dadam sanʼatkor bo‘lishimni istamadi, “Huquqshunos yoki harbiy bo‘lishing shart!” degan talabni qo‘ydi. Onam esa baribir menga yon bosib, tadbirlarda ishtirok etayotganimni dadamga aytmadi. Akademik litseyni tamomlab, O‘zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetiga hujjat topshirdim. Ammo bor-yo‘g‘i 8 ball yetmay, talabalar safiga qabul qilinmadim. Bu xabarni eshitgan dadam “Tadbirma-tadbir yurishning oqibati shunday bo‘ladi!” deb dakki berdi. Aprel oyida Oliy harbiy bojxona institutiga hujjat topshirdim, ikki urinishda ham omad kulib boqmadi. Undan keyin Ichki ishlar akademiyasiga hujjat topshirib, jismoniy imtihonlardan yaxshi natija ko‘rsatdim-u, testdan yiqildim. Yengilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, shu orada koreys tilini ham o‘rganib, tarjimonlik qilish istagi paydo bo‘ldi. Bir yil o‘tib, yana universitetga hujjat topshirdim. Ammo bu haqda hech kimga aytmadim. Abituriyentlardan biri fizika fakultetiga kam hujjat topshirilganini aytgani uchun hech ikkilanmay, shu yo‘nalishda omadimni sinab ko‘rdim.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

Bir kuni uy telefonimiz jiringlab: “Shahlo Zoirovaning uyimi?” deb so‘rashdi. Onam “Yana bir baloni boshladingmi?” degandek, menga qarab qo‘ydi. “Biz O‘zbekiston Milliy universitetidan bezovta qilyapmiz. Qizingiz birinchi o‘rinda budjetga qabul qilindi. Shu sabab bir soatda universitetga kelishi va televideniye uchun intervyu berishini so‘rashyapti”, deyishdi. Onam ho‘ngrab yig‘lab yubordi va meni mahkam bag‘riga bosdi. Uyimiz oldida kichik do‘kon ochgandi, o‘sha kuni bor narsasini o‘tgan-ketgan mahalladoshlarga tarqatib, suyunchi oldi, — deydi Shahlo Zoirova.

“Poraga pul yig‘gandim”

Aktrisa institutga kirish uchun pora taklif qilmoqchi bo‘lgan, ammo o‘sha yili omadi kelib, Fizika fakultetiga budjet asosida o‘qishga qabul qilingan.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Hayotda yaxshi yashash uchun intilish, kimningdir ko‘magini kutib yashash kerakmasligini erta tushunganman. Shu bois harakatni ancha erta boshlaganman. Institutga kirish uchun bir necha bor uringanman, ammo uch yil omad kulib boqmagan. O‘qishga kirolmagan yilim ayollar sumkasi sotadigan do‘kon bilan kelishib, savdo bilan shug‘ullanishga qaror qilganman. Savdodan ikki ming AQSH dollarini yig‘ib, bu yil pul berib bo‘lsa ham o‘qishga kiraman, deb ahd qilgandim. Ammo o‘sha yili omadim kelib, O‘zbekiston Milliy universitetining Fizika fakultetiga budjet asosida o‘qishga qabul qilinganman. Ikki ming dollar ham yonimga qolgan, — deydi Shahlo Zoirova.

“Ijaraga mashina olib, kirakashlik qilganman”

Ijodda ham o‘g‘il bolalarga xos feʼl-atvor egasi ekanligi seziladigan Shahlo Zoirova talabalik paytida kirakashlik qilishga majbur bo‘lganini quyidagicha izohlaydi.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Budjet asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lsam ham, universtitetga borish, tushlik uchun ham pul kerak edi. Men o‘qiyapman, deb ota-onamdan pul olishni istamaganman. Shu bois o‘qishga kirish uchun mo‘ljallagan 2 000 AQSH dollari pulimga oylik to‘lov evaziga Spark mashinasini olganman. Darsdan keyin kirakashlik qilardim. U paytda ayol taksichilar juda kam edi. O‘qishdan chiqqandan keyin kechgacha taksichilik qilib, oyma-oy mashinaning to‘lovini to‘lardim. Hozir o‘ylab qarasam, hamma narsaga ulgurganman. Chunki o‘sha paytda o‘qishdan keyin, QVZga qatnardim, undan ortib kirakashlik ham qilardim, — deydi Shahlo Zoirova.

“Miss Yevropa” va sport musobaqalaridagi g‘alaba

Shahlo Zoirova QVZ jamoasida ishtirok etishdan avval sport bilan jiddiy shug‘ullangani va xorij musobaqalarida ham ishtirok etganini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Astronomiya yo‘nalishida o‘qiganman. Bu soha men uchun qiziq edi. Ammo aniq fanlarda juda qiynalardim, ijtimoiy-siyosiy fanlar o‘tiladigan kun men uchun bayram edi. O‘qish boshlangan kun fakultetimiz dekanining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari bo‘yicha muovini oldiga kirib, o‘zimni tanishtirganman. Tadbirlarni o‘tkazishda yordam berishimni aytgandim. Ko‘p o‘tmay, fakultet miqyosida “Qizlar davrasi” tanlovi o‘tkazildi. Unda g‘olib bo‘lib, universitet miqyosida ishtirok etdim. So‘ng poytaxtdagi oliy o‘quv yurti qizlari bilan bellashdim va mutloq g‘olib bo‘lib, tanlov homiylari ko‘magida talaba qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro “Miss Yevropa” ko‘rik-tanlovida qatnashdim. Qo‘l jangi bo‘yicha Ozarbayjonda, kross yugurish bo‘yicha Moskvada o‘tkazilgan talabalar musobaqasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman, — degandi Shahlo Zoirova.

San’atga qo‘yilgan qadam

Shahlo Zoirova qanday qilib sanʼat sohasiga kirib qolganini ham so‘zlab bergan.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

— Universitet miqyosida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi tashkil etilganda, fakultetimiz nomidan ishtirok etganman. Ammo g‘oliblikni qo‘lga kiritmaganmiz. Bir oylardan keyin QVZda yuqori ball to‘plagan talabalar universitetning “Shovvozlar” terma jamoasiga qabul qilinayotgani haqida eshitib qolganman. O‘quv xonasida bo‘layotgan repetitsiyalarini kuzatish uchun eshik ortida turib, ularni kuzatganman. Keyin jamoa sardori Begzod Komiljonovdan “Menga ham rol berolmaysizlarmi?” deb so‘raganman. Jamoada birorta qiz yo‘qligi uchun bu gapimni hech kim jiddiy qabul qilmagan. Keyin o‘zimni sinab ko‘rish uchun kichik rol berishgan.

Hammasi epizod roldan boshlangan

Shahlo Zoirova avvaliga “Shovvozlar” undan keyin “Million” jamoasida ishtirok etishni boshlagan. Ammo qanchalik iqtidorli bo‘lmasin, unga ancha vaqtgacha epizod rollardan boshqasini ishonib topshirishmagan.

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

Masalan, komik aktrisa Dilfuza Ismoilovaning “Oh, yurak” klipida raqqosa sifatida ishtirok etgan. Ammo bir guruh qizlar orasida uning bor-yo‘qligi ham sezilmagan.

2011-yili Javlon Shodmonov rejissorligida suratga olingan “O‘xshatmasdan uchratmas” filmida ham epizod rollardan birini ijro etgan. Ammo ijodkorning bu filmdagi rolini ham deyarli tomoshabinlar payqamagan. Hozirgi kunda esa aktrisaning klip yoki filmdagi kichik rollari ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

“Bravo”ni ham tark etdi

Foto: Instagram /@shaxlozoirova_official

Shahlo Zoirovaning tanilishida “Million” jamoasining hissasi katta. Ammo 2018-yilga kelib, u bir guruh hamkasblari bilan birga jamoani tark etib, “Bravo”ga asos solishdi. Aktrisa to‘rt yildan so‘ng bu jamoani ham tark etdi. Ammo haligacha nega jamoadan ketganini ochiqlagani yo‘q. Ayni kunlarda aktrisa ijod bilan emas, ko‘proq to‘y xizmatlarida faol. Aktrisa yaqin orada birorta ijodiy loyihada suratga tushgani yo‘q.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »