Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Xonanda Munisa Rizayeva o‘zbek shou-biznesidagi eng ko‘zga ko‘ringan va hamisha mish-mishlar nishonida bo‘ladigan xonanda hisoblanadi. U 1986-yilning 21-oktyabr kuni tadbirkorlar oilasida dunyoga kelgan. Munisa Rizayeva bolalikdan o‘ziga to‘q oilada ulg‘aygan bo‘lsa-da, mashhurlikka erishguniga qadar talaygina qiyinchiliklarni boshdan kechirgan.

“Tadbirkor yoki shifokor bo‘lishi kerak”

Foto: Instagram

Munisa Rizayeva oilada ikkinchi qiz farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Onasi tomondan bobosi o‘z davrining obro‘li insonlaridan biri bo‘lgan. U uzoq yillar Respublika Bosh prokuraturasida yuqori lavozimda ishlagan. Buvisi shifokor bo‘lganligi uchun bu oiladagilarning bari huquqshunos yoki shifokor sifatida faoliyat yuritishgan. Otasi tomondagi qarindoshlari esa asosan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishgan.

Foto: Instagram

— Olti yoshdan qo‘shiq aytishga qiziqqanman. Ammo u paytda ota-onam qiziqishlarimga u qadar eʼtibor berishmagan. Bu shunchaki havas o‘tib ketadi, deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak. Keyinchalik onam qo‘shiq aytib raqs tushishga qiziqishimni ko‘rib, O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaning oldiga olib borgan. Avvaliga raqs mashg‘ulotlariga qatnaganman, undan keyin fortepiano bo‘yicha dars olganman. Ammo dadam hamisha qiziqishlarimga u qadar jiddiy qaramasdi, — deydi xonanda Munisa Rizayeva.

“Munisa sakkiz oylik tug‘ilgan”

Xonandaning onasi Dilorom Bo‘rixo‘jayeva esa intervyularining birida Munisaning qiziqishlari sabab, turmush o‘rtog‘i bilan ziddiyatlarga borgani haqida so‘zlab bergandi.

Foto: Instagram

— Munisa Rizayeva sakkiz oylik tug‘ilgan. Odatda erta tug‘ilgan bolalar biroz nimjon bo‘lishadi. Asli kasbim shifokor bo‘lgani uchun tug‘uruq jarayonida uchta kursdoshim ishtirok etgandi. Tug‘uruqdan so‘ng kursdoshlarimdan biri “Bu qizing aniq qo‘shiqchi bo‘ladi, ovozi shunaqa balandki”, deb kulgandi. Farishtalar omin degan ekanmi bolaligidan sanʼatga qiziqishni boshladi. Ammo otasiga bu fikr umuman yoqmadi. “Sanʼatkor bo‘lmaydi, o‘qisin”, deb qarshi bo‘lardi. Hech esimdan chiqmaydi, otasi konsertga ketayotganimizda ishdan vaqtli qaytib qolgan. “Qayerga ketyapsizlar?” desa nima deyishni bilmay shifokorga deganman. Bahodir aka kech bo‘lganda ishlarkanmi, deb hayron bo‘lgandi. Bu holat 5-6 yilga qadar takrorlangan. Eng yomoni qo‘shiq yozish, konsertga chiqish yoki vokal mashg‘ulotlariga qatnash hammasi yaxshigina pul talab qilardi. Bu haqda otasiga aytmaganimiz uchun puldan biroz qiynalardik. O‘sha paytda shifokor bo‘lib ishlaganim uchun amallab, pullarni o‘zim to‘lardim, — deydi xonandaning onasi.

“Angliya davlat konservatoriyasida o‘qiganman”

Shu oradan Bahodir Rizayev oilasi bilan Londonga ko‘chib ketishiga to‘g‘ri keladi. Kamila, Munisa va Karima o‘qishni Londonda davom ettirishadi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— Dadam musiqaga bo‘lgan qiziqishimni so‘ndirish uchun ko‘p harakat qilgan. Ammo tabiatan boshlagan ishimni yakunlamay qo‘ymayman. Oxiri Angliya davlat konservatoriyasida o‘qishimga rozi bo‘ldi. Ammo baribir dadam tadbirkor, onam esa shifokor bo‘lishimni ko‘proq orzu qilardi, — deydi Munisa Rizayeva.

“Men mashhur bo‘laman”

Ko‘pchilik xonandalar ijodni boshlashdan avval moliyaviy qiyinchiliklarga uchrashgani haqida gapirishadi. Ammo xonanda Munisa Rizayevada bunday holatlar kuzatilmagan. Ammo onasi ishonchsizlik bildirishgan kunlarni hech qachon unutmaydi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— U paytlari “Tarona rekords” studiyasi juda mashhur edi. Munisa bilan borib, ulardan yordam berishlarini so‘raganmiz. Ammo “Qancha artist kerak, mana shuncha iqtidorlisi bor. Sendek iste’dodlilarning qanchasi ko‘cha-ko‘yda tirikchiligini qilib yuribdi. Shuncha harakat qilib ham mashhur bo‘lgani yo‘q”, degan keskin javobni olganmiz. “Men mashhur bo‘laman, kun kelib menga aytgan gaplaringizni eslaysiz”, deb xonadan chiqib ketgan. Bu gapi menga juda qattiq taʼsir qilgan.

Munisaning faoliyati hammasi oddiy kechgandek tuyulishi mumkin. Ammo u ham ko‘p qiyinchiliklarga uchragan. Chunki biz sanʼatdagi past-balandliklarni bilmasdik, puldan aldashgan. Ishonchni suiisteʼmol qilishgan, — deydi xonandaning onasi.

“Ahdimdan qaytmayman”

Munisa Rizayeva Londonda yashasa-da, O‘zbekistonga kelganida ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etishga harakat qilardi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— O‘n sakkiz yoshimdan to yigirma ikki yoshimgacha uchga bo‘linib harakat qilganman, desam ham bo‘ladi. O‘shanda rosa qiynalganman. Ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘qish bilan bir qatorda, ishlaganman ham. Garchi dadam ishlashimga ruxsat bermasalar-da, o‘z ahdimdan qaytmaganman, ishlab pul topishga ishtiyoqmand edim. Bu odatim haligacha saqlanib qolgan, — degan edi u intervyularining birida.

2004-yili Toshkentda o‘tkazilgan “Umid yulduzlari” ko‘rik-tanlovida “Nega-nega” qo‘shig‘i bilan qatnashib, g‘oliblar safidan joy oladi. Shundan keyin u ijod qilishga jiddiy bel bog‘laydi.

“Aha-oho” sabab ochilgan yo‘llar

Foto: Instagram / @munisarizaeva

Xonandaning 2008-yili “Ko‘zlarim yana” qo‘shig‘i va unga dengiz bo‘yida suratga olingan klip omadli chiqib, tinglovchilar eʼtiboriga tushadi. U 2012-yili “Aha-oho” taronasi bilan o‘zbek shou-biznesida shuhrat qozonadi. Folklor va zamonaviy yo‘nalish uyg‘unlashgan mazkur tarona va uning videoklipi yosh-u keksaning tilidan tushmaydi.

Shundan so‘ng xonanda “Hollivud”, “Sekin-asta”, “Ey samo” singari ijod mahsullarini birin-ketin tinglovchilarga havola qiladi va barchasi xit darajasiga ko‘tariladi.

“Salom Natasha”dan uyalaman

Munisa Rizayeva ham osonlikcha mashhur bo‘lmagan. 2011-yilga qadar uni ko‘pchilik tanimasdi. Shu bois xonanda ham ko‘pchilik hamkasblari singari o‘zini filmlarda sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Ilk bor 2010-yilda rejissor Yodgor Nosirovning “Hijron” filmida rol ijro etadi. “Firibgar”, “Hay-hay qizaloq”, “Aql va yurak”, “Salom, Natasha”, “Nafs” singari kinolardagi turli xarakterdagi rollari orqali aktrisa sifatida tomoshabinlar eʼtiborini qozonadi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— Filmlardagi rollarim o‘zimga unchalik yoqmaydi. Aktrisa emasligim yaqqol seziladi. Ayniqsa, “Salom Natasha” filmidagi rolimdan haligacha uyalaman, — deydi xonanda intervyularining birida.

“Plastik operatsiya qildirganimdan xursandman”

Xonandaning avvalgi qiyofasi bilan bugungi tashqi ko‘rinish unchalik bir-biriga o‘xshash emas. To‘g‘ri, yosh ulg‘aygach, tabiiyki tashqi ko‘rinish ham o‘zgaradi. Ammo xonanda tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarish faqatgina yillar bilan emas, plastik jarrohlik bilan ham bog‘liq ekanligini yashirmaydi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— 2014-yili burnimni operatsiya qildirganman. Burnimning ustki qismidagi bo‘rtib chiqqan suyak ekranda va suratlarda biroz xunuk ko‘rinar edi. Ilgari klip va konsertlarni tasvirga olish ishlarida tasvirchilarimiz, montaj ustalari kerakli rakursda ishlay olmay juda qiynalishardi. Qolaversa, o‘zim ham baʼzida bundan biroz uyalardim. Bu noqulaylikdan biryo‘la qutulish uchun plastik jarrohlik qilishga ahd qildim. Bolaligimdan orzu qilgan ishimni amalga oshirdim. Menimcha, endi burnimning ko‘rinishi chakki emas, — deydi xonanda Munisa Rizayeva.

Xonanda qanday bizneslar bilan shug‘ullandi?

Munisa Rizayevaning asosiy daromadi sanʼatdan bo‘lsa-da, u qo‘shimcha biznes bilan ham shug‘ullanadi. Shu kungacha uning mehmonxonasi, brend liboslar do‘koni va tur agentligi bor.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— Tadbirkorlik oilamizga begona emas. Shu bois biznesda yaqinlarimning ham yordamiga suyanaman. Bu ishlarimdan ko‘proq dadam quvonadi, — degandi u intervyularining birida.

Xiyonat sabab to‘xtatilgan to‘y

Munisa Rizayeva 2014-yilda xonanda Jasur G‘oipov bilan turmush qurayotganini maʼlum qildi. Ammo ko‘pchilik kutgan bu to‘y bo‘lmadi. Xonandalar garchi taqdir yo‘llari bog‘lanmagan bo‘lsa-da, hozirgacha do‘stona munosabatni saqlab qolgan.

Munisa Rizayeva 2015-yilda tennischi Vaja Uzoqov bilan uchrasha boshlagan. Juftlik to‘ylariga bir necha oy qolganida tennischining xiyonati tufayli ajrashgan.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

2023-yili esa belarus yigiti bilan oila qurdi. Uning to‘yi bilan bog‘liq xabarlar ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Chunki yaqin orada bunday dabdabali to‘y o‘tkazilmagandi.

“Pullarni olib, izsiz g‘oyib bo‘ldi”

2014-yil xonandaning hayotida yana bir noxush voqea sodir bo‘ldi. Uning maʼmuri sifatida ishlagan yigit katta pulga chuv tushirdi.

Foto: Instagram / @munisarizaeva

— Ikki oy ichida borishim kerak bo‘lgan to‘ylarga “zaklad” pullarini olgan. Balki to‘ylar men o‘ylaganimdan ham ko‘pdir. Ammo u pullarning birortasi qo‘limga kelgani yo‘q. Administratorim ham izsiz g‘oyib bo‘ldi, — degandi xonanda o‘sha vaqtda bergan intervyusida.

Munisani chuv tushirgan maʼmur bilan bog‘liq voqealar uzoq vaqt shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, bir yildan keyin u yana Munisa bilan ishlay boshladi. Shou-biznes vakillari esa buni shunchaki piar deya baholashgandi.

— Uni kechirdim, oilasida bemor bo‘lgani uchun shunday qilishga majbur bo‘lgan ekan. Insofni o‘ziga bersin, — deb u voqealarni eslab o‘tgandi xonanda.

Munisa Rizayeva osmondagi yulduz sovg‘a qilingan yagona o‘zbekistonlik xonanda hisoblanadi. Unga do‘stlaridan biri 2021-yili Munisa deb atalgan yulduzni sovg‘a qilgandi. Xonanda ushbu osmon jismining maxsus sertifikatini ham muxlislariga ko‘rsatib o‘tgandi.



Munisa hayotining 37-bahorini Dubay shahrida qarshi oldi. U ayni paytda ushbu shaharda turmush o‘rtog‘i Arseniy bilan dam olmoqda. 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »