Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Abdullayev 1-oktyabr kuni 66 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan bugungi mavqeyiga osonlikcha erishmagan sanʼatkorning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.  

“Dadamdan erta ayrilganmiz”

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

Farhod Abdullayev 1957-yilning 1-oktabrida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida dunyoga kelgan. Oilasida to‘qqizta farzand bo‘lgani va otadan erta ayrilishgani uchun qahramonimizning bolalik yillari qiyinchilik bilan o‘tadi.

— Oilamizda sanʼatkorlar bo‘lmagan, ammo onamning go‘zal ovozi bor edi. Uy ishlarini qilayotganida qo‘shiqlarni shu qadar go‘zal ijro etardiki, tinglagan odam unga maftun bo‘lib qolardi. To‘y hashamlarda “Farhodjon qani bir raqsga tushib bering-chi”, derdi. Ishtiyoqim balandligidan onamning buyrug‘ini rad etmasdim. Oilamiz kamtarona hayot kechirardi. Onam bolalar bilan uyda, dadam esa tirikchilik g‘amida edi. Ammo 15 yoshimda dadamdan ayrilib qoldik. Katta ro‘zg‘or bo‘lganimiz uchun onamga juda qiyin bo‘ldi. U farrosh bo‘lib ishga joylashdi, men esa maktabdan keyin bozordagilarga qarashgani chiqardim. Ishlaganim evaziga ro‘zg‘orga u bu narsa berishardi, —deydi Farhod Abdullayev.

“Teatrda sahna ishchisi bo‘lib ishlaganman”

Bo‘lajak aktyor maktabni tamomlab, aktyor bo‘lish ilinjida Toshkentga yo‘l oladi. Ammo institutga o‘qishga kirish u o‘ylaganidek oson emasdi.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Sir emas, aktyorlarni tanlashda bo‘y-basti va tashqi ko‘rinishiga alohida eʼtibor berishadi. Meni suhbatdan o‘tkazganlar “Bo‘yi past, ko‘rinishi ham haminqadar ekan. Ammo yigitning talanti bor”, deyishgani qulog‘imga chalingandi. O‘qishga qabul qilinganimni eshitganimda juda xursand bo‘ldim. U paytlari Toshkentdan biror narsaga erishmay qaytish isnod edi. Shu bois, o‘qishga kelgan yigit-qizlar o‘z o‘rnini topishga astoydil harakat qilardi. Men ham o‘qishga kirgan yili hozirgi o‘zbek milliy akademik drama teatriga sahna ishchisi bo‘lib ishga kirganman. Bo‘yim kichkina bo‘lsa-da, og‘ir sahna bezaklarini ko‘tarish malol kelmasdi. Sanʼatkorlar orasida “Sahnaning changini yutgan” degan gap bor. Uning mashaqqatini boshdan kechirgan inson, sanʼatga bepisandlik bilan qaramaydi, — deydi Farhod Abdullayev.

Toshkentdan topilgan yangi oila

Ko‘pchilik aktyorning toshkentlik deb biladi. Aktyor buning o‘ziga xos tarixi borligini quyidagicha bayon qiladi.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Sir emas, viloyatdan kelgan talabalar ijara uyda turishadi. Teatrda Baxtiyor aka degan yaxshi inson bilan tanishib qolganman. U kishi Toshkentning markazi bo‘lgan Sebzorda yashardi. Men ham ularning uyida yashab, ishga qatnardim. Onalari Saida opa shu qadar mehribon ediki, farzandlariga qanday munosabatda bo‘lsa, menga ham shunday eʼtibor berardi. Shu bois, institutda ko‘pchilik meni toshkentlik deb bilgan. Men ham sir boy bermaganman, — deydi aktyor Farhod Abdullayev.

“Aktyor shtati bo‘yicha ishga olishni istashmagan”

Aktyor institutni tamomlamasdan turib, ustoz sanʼatkorlar bilan birga rollar ijro etdi. Ammo teatr rahbariyati uni aktyor sifatida ishga olishni istamaydi.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Teatrda sahna ishchisi, suflyor, yordamchi rejissor lavozimlarida ishlaganman. Ammo o‘sha paytdagi teatr rahbari aktyor shtatiga ishga olishni istamagan. Bir kuni gap orasida Sanʼat Devonovga bu haqida aytib yuboribman. “Seni hali ham aktyor shtatiga ishga olishmaganmi? Axir hamma spektaklda rol ijro etyapsan-ku?”, deb hayron bo‘lgan.

Institutni tamomlagan yilim bir necha yosh aktyorlar bilan birga hozirgi O‘zbek davlat drama teatriga ishga yuborilganman, — deydi aktyor Farhod Abdullayev.

“Said Muxtorovning roli kaminaga nasib etgan”

Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” va “Farmonbibi arazladi” spektakllari o‘z davrining anshlagi bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aktyor tasodifan kenja o‘g‘il roliga tasdiqlangani va undan ko‘pchilikning “g‘ashi” kelgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Bir kuni “Yosh gvardiya” teatrida o‘tirsam, “Sizni Bahodir Yo‘ldoshev chaqiryapti. Tez borar ekansiz”, deb bir yigit keldi. Hayron bo‘lib, sobiq Xamza teatriga keldim. Eng ko‘zga ko‘ringan aktyorlar to‘plangan, Bahodir aka rol taqsimlayotgan ekan. Ammo ancha vaqtgacha nima xohlayotganini aytmadi. Hatto, Zaynab Sadriyeva ham “Nima bo‘layotganini tushuntir”, der edi. Keyin bilsam, Bahodir Yo‘ldoshev meni “Kelinlar qo‘zg‘aloni” spektaklidagi kenja o‘g‘il roliga taklif etgan ekan. Boshqa teatrda ishlab turib, rolga tasdiqlanganim ko‘pchilikka yoqmagan. Bu rol avvaliga Said Muxtorovga berilgan, ammo rejissor uning teatrdan ketish haqidagi gapini eshitib qolgandan keyin meni chaqirtirgan ekan. Eng qizig‘i, Said Muxtorov ancha vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, bu rolda sahnaga chiqish menga nasib etgan, — deydi Farhod Abdullayev.

“Ishga olishmasa qishloqda ketmon chopaman”

Bahodir Yo‘ldoshev isteʼdodli aktyorlarni qanchalik qo‘llab-quvvatlamasin tartib-intizomga jiddiy rioya qilardi. U sobiq “Yosh gvardiya” teatrida ishlab yurgan paytda Farhod Abdullayevning ishdan ketishiga ham sababchi bo‘lgan.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Bahodir Yo‘ldoshev hurmatga sazovor rejissor edi. Zulfiqor Musoqov, Yusuf Roziqov kabi rejissorlar rollarga taklif etib, kinodagi faoliyatim gurkirayotganda bir necha marta repititsiyaga kechikib bordim. Bu rejissorga yoqmadi va menga kino yoki teatrni tanlash kerakligini aytdi. Men aybimni bo‘ynimga olib, ishdan ketdim. Piyoda yurib sobiq Xamza teatriga keldim “E, nima bo‘lsa bo‘ldi. Agar bu teatrdagilar ham ishga olmasa qishloqqa ketib, ketmon chopaman”, deb o‘sha paytdagi rahbar Yoqub Ahmedovning oldiga kirdim. U stolining ustiga “Qisqa va lo‘nda gapiring” deb yozib qo‘ygan ekan. “Ishsizman, ishga olsangiz Toshkentda qolaman. Bo‘lmasa qishloqqa qaytaman”, dedim. Yoqub aka kulib, “Ertadan ishda bo‘lgin”, degandi, — deydi Farhod Abdullayev.

“Men faqat komik aktyor emasman”

Ko‘pchilikning fikricha Farhod Abdullayevga 40 yoshdan keyin omad kulib boqqan. Uni tomoshabinlar yaxshi aktyor deb bilshardi, ammo “Sevinch” va “Afg‘on” filmlaridagi rollaridan so‘ng nafaqat komik, balki dramatik rollarni ham ijro etoladigan aktyor ekanini isbotlay oldi.

Foto: Skrin

— Yaxshi rejissor aktyorni qaytadan kashf etadi. Ko‘pchilik meni komik aktyor deb biladi. Ammo dramatik rollar berilsa, ularni ham ijro etishga tayyorman. Yolqin To‘ychiyev aktyorning ko‘z ilg‘amas jihatlarini kashf etishga usta. “Afg‘on” filmida meni aktyor sifatida kashf etolgan, deb hisoblayman.

Men oshiq yigit rollari bilan emas, aynan dardini kulgusi ortiga yashirolgan ota rolida tomoshabinlarga manzur keldim, — deydi Farhod Abdullayev.

“Bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-ku”

Farhod Abdullayev bir necha yil avval qishda muz ustida tasodifan yiqilib oyog‘idan jiddiy shikastlangan. Uning asorati sabab uzoq vaqt hassaga tayanib yurdi, hozir ham harakatlarida bu seziladi.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

— Tabiatan ichi qaynaydigan “pitir-pitir” insonman. Oyog‘imni “gips” qilishganda qanday ahvolga tushganimni tasavvur qilavering. Ammo nolimayman, bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-yu, deyman. Bu ham bir sinov, — deydi aktyor.

Foto: Farhod Abdullayevning shaxsiy arxividan

Farhod Abdullayev kamtarona hayot kechiradigan ijodkorlardan biri. Turmush o‘rtog‘i bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlagan, ular uch nafar farzandlarni voyaga yetkazishgan. Hozirgi kunda 8 nabiraning sevimli bobo-buvijonisi bo‘lishgan. Aktyor uzoq yil ko‘p qavatli uyda yashagan va pullarini jamg‘arib, 3-4 yil avval kichik hovli qurishga muvaffaq bo‘ldi. U teatrda aktyor va rejissor, telekanalda esa boshlovchi sifatida ham faoliyat yuritadi. U hamkasbi Muqaddas Xoliqovaga bag‘ishlab “Ko‘ngil” nomli spektaklni sahnalashtirgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »